Almati – tog’lar bag’ridagi mag’rur, qimmat va xushmanzara metropolis

Posted October 6th, 2014 at 12:55 am (UTC-4)
1 comment

Qozog‘istonga Bishkekdan mashinada bordim. Chegaradan o‘tish osonlashibdi. Uch soatlik yo‘l, tirband ko’chalarda tiqilib qolmasangiz. Almati mintaqaviy markazga aylangan. Qimmat. Muomala ham shunga yarasha. Shahar Qozog‘iston timsoli, o‘ziga ishonchi baland. 2022-yilgi Qishki Olimpiadaga mezbonlik qiladimi-yo’qmi, buni kelasi yil yozda bilamiz.

BISHKEKDAK ALMATI TOMON: VIKTOR VA MEN

Chegaradan o’tish dunyoning qayerida bo’lmasin, yurakni biroz bo’lsa-da taka-puka qiladigan jarayon. Qirg’iziston poytaxti Bishkekdan mashinada bir soatcha yurib, Qozog’iston chegarasiga yetib keldim. Qorasuv (Karasu) tekshiruv punkti.

Men o’zim tekshiruvdan 10 daqiqada o’tdim. Navbatsiz navbatda turib va chegara xizmatchisining biror bir so’zini eshitmay. Qirg’izistonda ham, Qozog’istonda ham qayerga bormay, navbatda turish madaniyati hali ham rivojlanmaganiga guvoh bo’ldim. Chegarada yaxshiyam odam ko’p emas ekan. Hujjatlarimni tekshirgan zobit ayol menga bir qaradi xolos, boshqa hech gap yo’q. Skanerdan bir zumda o’tdim. U yerdagi tekshiruvchi ham pasportimga nazar tashlab, ikki og’izgina so’z aytdi xolos: “Iz Ameriki, da? Imamova!” Jilmayib pasportimni qaytib oldimda, sumkamni ko’tarib, eshikdan chiqdim.

Qarshimda dashtlik – Jambul viloyati. Haydovchi mashinasi bilan o’tishini 15 minutcha kutdim. Mendan sal oldin chiqqan bolali oilani gapga tutdim. Bishkeklik o’zbeklar ekan, Qozog’istondagi qarindoshlarinikiga kelishayapti.

– Tez-tez borib turasizlarmi?

– Unchalik emas, yilda bir necha marta.

– Qiyin emasmi bu yerdan o’tish odatda?

– Odatda oson, lekin ba’zida favqulodda sabablarga ko’ra deb yopib qo’yishgan yoki qattiq tekshirgan paytlar bo’ladi. O’rganib ketganmiz.

IMG_0669

DSCN7722DSCN7731

Yo’lga tushamiz. Oltin rangda tovlanayotgan tekisliklar, uzoqda esa tog’lar. Haydovchim Viktor juda qiziquvchan, ochiqqina rus yigiti. Baland bo’yli, kelishgan, istarasi issiq. Yaxshigina kiyingan. Gap so’zi ham joyida. Bishkekda tug’ilib o’sgan ekan. Rossiyaga borib ishlab kelishini aytadi, lekin “vatanim Qirg’iziston” deydi. Otasining kirakashlik biznesi bor ekan, uzoq yo’lga qatnaydigan. “Sizni Almatiga tashlab, u yerdan boshqa odam bilan qaytaman”, – deydi Viktor. Bishkekdagi do’stim haydovchimning tasini tanigani uchun menga arzonroqqa ko’nishibdi. Yigit buni menga eslatib, odatda 40 dollar emas, $50, deydi. Kulamiz. Men ham bo’sh kelmayman. Bilishimcha, deyman haydovchiga, Bishkekdan Almatiga 2-3 kishi odatda 80 dollarga boradi. Haqni odam boshiga emas, butun mashina uchun to’laysiz.

Viktor orzulari haqida gapira boshlaydi. Ulardan biri Amerikaga borib, mashina sotib olish. “Jeep” xarid qilish dardida yurganmish. Mendan avtomobil narxlari va mashina bozori haqida so’raydi. Taxminiy baholarni aytaman. To’g’risi umrimda biror marta mashina sotib olgan odam emasman, ko’p haydamayman ham. Lekin haydovchilik guvohnomam bor. Viktor uni ko’rgisi keladi. Ikki qo’li rulda tezgina kartochkamga nazar tashlab oladi. Amerikada haydovchilik guvohnomasi asosiy hujjat ekani, pasport faqat chet elga chiqqanda ishlatilishi, yo’l harakati qoidalari va talablar haqida so’zlab beraman. Qarshimizda qirlar, ikki yon esa tekislik. Odam zoti ko’rinmaydi.

– Yana qancha yuramiz?

– Bir yarim soatcha.

– Yevraziya degan to’xtash joyi bor, kafe bor, to’xtaymizmi?

– Mayli.

10 minutlarda kattagina, ozoda bekatdamiz. Yuk mashinalarga to’la. Hojatxona qidiraman. U yer ham ancha toza, zamonaviy emas, lekin chidasa bo’ladigan darajada. Chiqishim bilanoq haydovchini qidiraman. Orqadan kimdir “devushkaaaa!” deb hayqirayapti.

O’girilib qarasam, tualet eshigi yonida semiz, qovoqlari osilgan qozoq ayoli.

Haqni kim to’laydi?

– Voy, to’lash kerakmidi? Uzr, qancha?

– Mana yozilgan, o’qing!

– Qozoq tenge yo’q oldimda. Dollar yo qirg’iz somi?

– 10 som!

Jahldor ayoldan qutulganimga shukur qilib, haydovchini izlashga tushaman. Viktor esa bir necha qadam narida meni tomosha qilib turgan ekan.

Yordamga boray dedim, o’zingiz epladingiz.

– Hojatxonalar pullik ekani yodimdan chiqibdi!

Haydovchim turk kafesida o’tirib, yarim soat doner yeydi. Men esa sabrsizligimdan butun atrofni aylanib, suratga olib chiqaman.

Yo’ldamiz… Kichik qishloqlar, o’tovlar, poda, ekinzorlar, qabristonlar… Ko’z oldingizda bir zumda paydo bo’ladi-yu, yana g’oyib bo’ladi.

Bilamanki, Almati viloyati uch viloyat bilan qo’shni – Jambul, Qarang’anda va Sharqiy Qozog’iston. “Google” ga ko’ra, hali ham Jambuldamiz.

Uzoqdagi tog’larga qarab, xayolga botaman… Yo’llar tekis. Viktor bir maromda haydayapti.

To’satdan haydovchi savolga tuta boshlaydi:

Eringiz nima ish qiladi?

– Erim yo’q, turmush qurmaganman.

– Nega, oila qurish kerak axir… Bola kerak.

– O’zingiz oilalimisiz?

– Yo’q, lekin uchta farzandim bor.

– E, qoyil. Oilasiz uchta bolali odam menga maslahat berayapti!

– Men uch ayolni baxtli qila olgan erkakman.

– Ular qayerda?

– Hammasi Bishkekda.

– Yoshingiz nechada?

– 26.

O’yga tolaman. Har bir insonning turmushi o’ziga xos bir kitob. Baxtning me’yori yo’q bu dunyoda. Hayotni hammamiz turlicha ko’ramiz, tushunamiz. Nikoh, turmush, muhabbat va baxt haqida Viktor bilan gapimiz tugamaydi. Dunyoqarashlarimiz turlicha ekani tayin.

– Kelajakda Rossiyaga butunlay ko’chib ketmoqchiman. Militsiyaga ishga kirmoqchiman.

– Boyagina Qirg’iziston mening vatanim degan edingizku? Bishkekdan yaxhsi joy yo’q, dedingizku?

– Qarang-a, jurnalist, har bir so’zimni eslab qolib, so’roq qilayapsizmi?

– Ha, aytilgan gap – otilgan o’q.

– Menga oila va bola haqida aql o’rgatayapsiz, o’zingiz esa “uch farzandim qoladi, men Rossiyaga ketaman” deysiz.

– Onalari bormaydi-da men bilan.

Kulaman. Bahonani qarang.

Hazil emas, borishmaydi rosti. Ularga bola kerak, vaqti-vaqti bilan bozor qilib keladigan erkak kerak. Bola uchun to’lasam, sovg’a-salom yuborib tursam bo’ldi.

– Tarbiya-chi?

– Bolalar hali juda yosh. Tarbiya payti kelganda, ularni olib ketaman.

Bu gaplar esa yanada ko’proq savol tug’diradi. Qizg’in munozaraga berilamiz.

– O’zi qayerliksiz?

– O’zbekistondan.

– Rostdan? Sizni o’zbek deb o’ylamagan bo’lardim.

– Nega? O’zbekistonda bo’lganmisiz?

– Yo’q, lekin men biladigan o’zbeklar boshqacha.

– Qanaqa?

– Uyg’ur do’stlarim ko’p. Sizlar birsizlarku, to’g’rimi?

Suhbatimizning yana bir qaynoq pallasi boshlanadi. O’zbeklar kim, uyg’urlar kim, oramizdagi yaqinlik, madaniy tushunchalar… Viktor Bishkek va Almatidagi uyg’ur tanishlarining bizneslari haqida gapirib beradi.

Soat kechki oltilarga yaqin uzoqdan Almati ko’rina boshlaydi. Tog’ bag’ridagi zamonaviy shahar. Almati juda qimmat, deya eslatadi Viktor, Bishkek uning oldida juda arzon.

Yo’lga chiqqanimizga uch soat bo’libdi, Almatiga kirib borayapmiz. Yo’llar tirband. Hafta oxiri, buning ustiga yoz, dam olish payti. Ketma-ket bozorlar, yuk ko’targan odamlar, yuk ortilgan mashinalar, baqir-chaqir.

Kech yetti yarimlarda nihoyat mehmonxonamga yetib kelamiz. Viktor men bilan uzoq, iliq xayrlashadi. Mazmunli suhbat, ochiq muloqot va eng muhimi, samimiyat uchun minnatdorchilik bildiradi. “Sizga ham rahmat”, – deyman. Qiziq, deyman unga, aslida ikkimiz ham Markaziy Osiyo farzandimiz. To’rt soat oldingina xizmat yuzasidan tanishdik. Lekin hozir xuddi bir-birimizni yaqindan bilib olgandekmiz. Nimalar haqida gaplashmadik o’zi?! Balki Viktorning har bir so’zi haqiqat emasdir, ammo buning ahamiyati yo’q, deyman o’zimga. Muhimi, yo’lim bexatar va rejadagidek kechdi. Haydovchim xizmatini qildi, olgan pulini oqladi.

DSCN7891

DSCN8005ALMATI YOKI OLMA-OTA? (FOTO ALBOM – FACEBOOK)

Shahardagi ilk muloqotim shu haqda… Italyan restoranida o’tiribman. Xuddi Amerikada har qadamda uchraydigan italyan taomlariga to’ymagan odamdek… Xizmat yomonmas. Ofitsiant har ikki minutda oldingizda. Iltimos, yeyishga qo’ying, degingiz keladi. Menyuga qarab, ajablanadi odam. Oddiy salat 10 dollar. Bunaqa qimmat restoranlar ko’pmi? Juda ko’p, deydi shu yerda yashaydigan do’stim. Shaharda pul bor. Ko’nglingiz ne istasa, uni qondirishga qodir restoran, kafe va barlar mavjud.

Ikki kishi 60 dollarga ovqatlanibmiz. Amerikadan farqi yo’q.

1 dollar – 181 tenge. O’rtacha oylik – 120-125 ming tenge. 650-680 dollar.

Tunda shaharni aylanamiz. Zamonaviy musiqa quloqqa chalinadi. Ko’chalar yasanib olgan yoshlarga to’la. Did yomon emas, deyman hamrohimga. Almatida yo’q odamning o’zi yo’q, deydi u.

Birinchidan shahar mintaqaning biznes markazi. Markaziy Osiyoda ishlayotgan deyarli har bir xalqaro kompaniya bu yerda o’z filialiga ega, aksariyat hollarda vakolatxona shu yerda. Xizmatchilar ham turli davlatlardan. Qo’shni respublikalardan yollangan odamlar ham Almatiga ko’chib keladi. Buning ustiga universitet va institutlar ko’p.

Haqiqatan qayerga bormang, avvalo qo’shni davlatlardan kelganlarni ko’rasiz – qirg’zlar, o’zbeklar, tojiklar va turkmanlar. Ingliz va rus tilini bilmaydigan odamni uchratmadim, juda bo’lmasa, oddiy muloqotni eplaydi.

Shaharda menga bir narsani obdon uqtirishdi. Bu yer Alma-Ata emas, Almati (Алматы). O’zbek tilida Olma-Ota deymiz. Lekin buni ham to’g’rilashdi – rasman Almati.

Bu nom tarixi azaldan bahsli mavzu. Ikki teoriya bor: birinchisi, o’rta asrlarda bu yerda Almatu degan qabila yashagan; ikkinchisi esa Alma Ata – “olmalarning otasi”. Bu yerlar olmalari bilan mashhur bo’lgan. Men bilan gaplashgan qozoqlarning birortasi yuqoridagi taxminlar yuzasidan yakdil emas. Muhimi, shahar bor va uning bugungi oti – Almati.

Qizig’i, 19-asr o’rtalarida bu yerlar rus bosqinchilari tomonidan “Verniy” (Верный) deb atalgan. Strategik markaz hisoblangan bu hududga keyinchalik Almatinsk degan nom ham berilgan. Sovet davrida, aniqrog’i 1921-yildan boshlab esa Alma-Ata bo’lgan. 20-asr boshida bitkazilgan pravoslav cherkovi, Jenkov sobori, hali ham ochiq. Yog’ochdan ishlangan bejirim imorat.

DSCN8411

20-asr boshida bitkazilgan pravoslav cherkovi, Jenkov sobori, hali ham ochiq. Yog’ochdan qurilgan.

 

1997-yilgacha Almati Qozog’iston poytaxti edi. Hozirda unga janubiy markaz sifatida qarashadi. Poytaxt – shimoldagi Ostona. Biroq Almati hamon Qozog’istonning yuragi. Eng yirik shaharda aholi bir yarim million atrofida. Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ularning yarmidan ko’pi qozoqlar, 33 foizdan oshig’i esa ruslar, 5 foizi uyg’urlar, 2 foizga yaqini koreyslar, tatarlar 2 foiz atrofida, ukrainlar ham 2  foiz.

DSCN8324

DSCN8040DSCN8085DSCN7911DSCN7926DSCN7989DSCN8322DSCN8047Metro bor lekin uncha uzoqqa yetmas ekan. Avtobuslar yoqdi, oddiy va zamonaviy, bir tartibda, vaqtida yuradi.

Ko’chalar toza, tekis. Bishkekning o’nqir-cho’nqir yo’llaridan keyin Almati bag’oyat qulay va obod ko’rindi.

Shahar Sovet arxitekturasi va zamonaviy me’morchilik qorishmasi. Ayrim jihatlari bilan Toshkentni eslatdi. Keng va ko’rkam ko’chalar, xiyobonlar, o’ziga xos savlati bor, dabdabali.

Turar joy sifatida 1960, 70 va 80-yillarda qurilgan baland beton uylar yoniga tushgan yangi imoratlar bu eski majmualarga ham ko’rk bergandek. Bir-birini qiziqroq qilib ko’rsatadi. Lekin eski uylar baribir eski. Boshdan oyoq ta’mirlash kerak. Markazdan bir xonali uyni 40-50 ming dollarga olasiz va yana kamida 10-20 ming dollarga remont qilasiz. Balkonga chiqsangiz, manzara ko’zni qamashtiradi. Ko’m-ko’k tog’lar, cheksiz go’zallik.

IMG_3163

MEDEU, CHIMBULOQ – 2022-YILGI QISHKI OLIMPIADA?

Avtobusga o’tirib, Medeu vodiysiga yo’l olaman. Bir kunimni o’sha tog’lar bag’rida o’tkazay. Almatidan yarim soatcha yo’l. Dengiz sathidan salkam 1700 metr balandlikdagi go’sha.

Medeu vodiysida chang’i uchadigan majmua joylashgan. Sovet davrida qurilgan inshoot bugun yangilangan, takomillashgan. Jahondagi “eng baland katok” ham shu yerda. 2015-yilning yozida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi 2022-yilgi Qishki Olimpiadani o’tkazish uchun yo Almati yo Pekinni tanlaydi. Qozog’iston yutsa, Medeu yanada kengayishi, o’nlab yangi komplekslar qurilishi turgan gap. Olamshumul sport o’yinlariga mezbonlik qilish albatta bir necha millard dollarga tushadi. Lekin qozoqlarning o’ziga ishonchi baland.

Medeu vodiysi yozda ham juda gavjum. Xorijlik sayyohlar, ayniqsa ruslar ko’p. Alpinistlar, oilasi bilan turistlar, mahalliy odamlar.

Medeudan sal balandroqda, ya’ni dengiz sathidan 2200 balandlikda Chimbuloq cho’qqisi bor. U yerdagi dam olish markaziga kanat yo’li (funikulyor) bilan chiqasiz. Birinchi bekatda katta restoran va kafelar, tabiatdan lazzatlanib, o’tiradigan choyxonalar. Ikkinchi bekat esa cho’qqiga eng yaqin joy. Qorli tog’lar yonidasiz. Salqin havo etni jimirlatadi. Sovuq shamol yeladi. Tyan Shan tog’larining shimoliy qismi. Qozoqlar bu tizmalarni Ile Alatau deb atashadi.

Tog’dan kun botishida qaytib, do’stlar bilan o’zbek restoranida o’tiramiz. “Tyubeteyka” degan choyxona. U ham arzon emas. Xorijliklar bilan gavjum.

IMG_3199

IMG_0853IMG_0861IMG_3266IMG_3217IMG_3118IMG_0843IMG_0842IMG_0837BOZOR VA MUOMALA

Ertasiga ertalabdan bozorlarni ko’rgim keladi. Tanishim “Yashil bozor” ga yetaklaydi. Hamma borarmish u yerga. Ochig’i, menda bu bozor u qadar katta taassurot qoldirmadi. Uncha katta emas. Hididan qassobxonaga o’xshaydi. Mevalarning oldiga borsangiz ham go’shtning hidi, ziravorlarning oldida ham shu. Go’shtni alohida joyda sotish kerak. Tanishim kuladi: “Odamlar o’rganib ketgan, sizga boshqacha tuyulayapti”. Boshqa bozorlarga o’tamiz. Mahsulotlar asosan Xitoydan. Mahalliy ishlab chiqarilgan narsalar kam.

Pul almashtiradigan joyga kirsak, muomala juda qo’pol. Dollarimni uni sanayotgan xo’mraygan rus boboy changalidan qaytib olamanda, ikkinchi butkaga kiraman. U yerda o’tirgan odamning ham qovog’idan qor yog’adi. Kerak emas, deb chiqib ketaman. Muomalada gap ko’p. Xizmat uchun pul to’lasak axir, nima uchun ularning g’azabiga chidashimiz kerak?

DSCN8459DSCN8450DSCN8447DSCN7941

Kayfiyatim sal keyin istirohat bog’larida ko’tariladi. Rang-barang bog’lari bilan Almati, bir so’z bilan aytganda, guliston.

Yodgorliklarning ko’pi Sovet davridan qolgan, yangilari esa bugungi siyosatni ulug’laydi.

Ko’chalarda agar sizga prezident Nursulton Nazarboyevning o’zi qarab turmagan bo’lsa, uning so’zlari, iqtiboslari hamroh.

Qirg’izistonda buni ko’rmaysiz. Tinchlik va totuvlikka undovchi shiorlarni hisobga olmasak, bu o’lkada siyosatchilarni unday ulug’lash odat tusidan chiqqan. Qozog’istonda esa hatto Almati aeroportida ham prezident sizga jilmayib qarab turadi.

Bu mening shaxsiy ta’tilim edi. Dam ham oldim, bir dunyo bilim ham. Qirg’iziston, xususan Bishkek, O’sh va Jalol-Obod taassurotlari haqidagi bloglarimni ham o’qidingiz yoki o’qiysiz degan umiddaman.

Amerikaga cheksiz quvonch va ilhom bilan qaytdim. Juda ko’p odamlar bilan uchrashdim, gaplashdim. Siyosat, huquq va qonun, biznes va iqtisod, ilm-fan, moda va hokazo. Titkilanmagan mavzu qolmadi. Lekin eng bebaho damlar bu oddiy insonlar bilan kutilmagan muloqotlar.

IMG_0928IMG_0996IMG_3169

Almatidan Bishkekda samolyotda qaytdim. Ostona havo yo’llarida. Yarim soatlik reys. Almati aeroporti katta emas, shinam. Parvozga hozirlanar ekanmiz, samolyot derazasidan ko’rinayotgan manzaraga toymayman. Moviy tog’lar… Beixtiyor meni aeroportga olib kelgan haydovchining so’zlarini eslayman. Xushchaqchaq mesxeti turk otaxon menga shahrini maqtar ekan, faxr bilan shunday deydi: “Kimning bu yerdan ketgisi keladi? Almatida tug’ilganman. Shu yerda o’laman. Onam meni shu tog’larga qarab tuqqan. Meni ham onamdek shu tog’lar bag’riga ko’mishadi. 70 ga chiqayapman, manzaradan haliyam har dam lazzatlanaman. Pul bugun bor, ertaga yo’q. Bu go’zallik esa hamisha shu yerda”.

Navbahor Imamova

Almati, Qozog’iston

Avgust, 2014

One response to “Almati – tog’lar bag’ridagi mag’rur, qimmat va xushmanzara metropolis”

  1. Ravshan says:

    Qoyil, mana bu zo’r reportaj bo’pti Navbahor, Bravo!

Leave a Reply to Ravshan Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

October 2014
M T W T F S S
« Sep   Nov »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031