Qirg’izistonning O’sh shahri o’rtasida qad ko’targan Sulaymon tog’i (yoki Taxti Sulaymon) bir necha yil muqaddam “UNESCO”ning muhofaza qilinuvchi obidalari ro’yxatiga kiritilgan.
Azaldan qadamjo sanalib kelgan Taxti Sulaymon hozirda Milliy tarixiy-arxeologik muzey-qo’riqxona tarkibiga kiradi. Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, tog’ va uning atrofida 60 obida mavjud bo’lib, barchasi muhofazaga olingan. Aytaylik, XVI asrda qurilgan Rovot Abdullaxon masjidi (ta’mirdan so’ng) hozirgacha faoliyat ko’rsatib kelmoqda. O’rta asrlarda barpo etilgan Boburshoh hujrasi o’tgan asr oxirida qayta tiklangan. Asaf ibn Burhiya maqbarasi (ХVII-ХVIII asr) o’sha davr me’morchiligi namunalaridan hisoblanadi.
Asrimiz boshida mahalliy arxeologlar tog’ yonbag’riga XII asrga oid hammom qoldiqlarini topiishdi. Qazilma joyi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilgan.
Sulaymon tog’ida yuzlab nodir petrogliflar – toshga bitilgan qadim tasvirlar – saqlanib qolgan.
Bunday yozuvlar va tasvirlar Novqatning Sahoba (bitiklar), Aravonning Duldul ota (mashhur Farg’ona arg’umoqlari tasvirlari) ziyoratgohlarida ham mavjud.
Sayohatlar xaritalarida Qoraxoniylar davri obidalari (O’zgan shahri, XI-XII asr minora va maqbaralari), Olabuqa tumanidagi Shoh Fozil maqbarasi, qator ibodatxonalar, jumladan, O’shdagi pravoslav cherkovini (1904-1910-yillarga qurilgan) ham ko’rish mumkin.
Mutaxassislarga ko’ra, Qirg’iziston mustaqilligining dastlabki o’n yilida tarixiy, madaniy obidalarga davlat va jamiyat e’tibori keskin kuchaygan bo’lib, endilikda ma’lum susayish sezilmoqda. Obidalarni saqlash, ta’mirlash, tegishli ma’rifiy va boshqa tadbirlar uchun yetarli mablag’ ajratilmayotgani aytiladi.
Quyida ushbu yodgorliklar aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif