1-mart Tojikistonda Oliy Majlis quyi palatasi – Majlisi Namoyandagon va mahalliy majlislarga saylov qanday o’tishi haqida mamlakatda ko’pchilik bosh ham qotirib o’tirmaydi.
Hukumat vakillari jahon hamjamiyatini mamlakatda saylovlar demokratik va shaffof o’tkazilishiga ishontirib keladi.
Tojikistonning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Rustam Soliyev Bryusselda Yevroparlament Vitse-prezidenti Richard Charneski bilan uchrashganda saylovning yuqori darajada uyushqoqlik bilan o’tishiga ishonch bildirgan.
Bu yilgi parlament saylovida mamlakatdagi sakkiz partiya vakillari ishtirok etayotgan bo’lsa-da, nomzodlarning 60 foizdan ortig’ini hukmron Xalq demokratik partiyasi vakillari tashkil etadi.
Oliy Majlis quyi palatasi uchun bir deputatlik o’rniga ba’zi joylarda yetti-sakkiz kishi, mahalliy majlislarga esa o’n bir kishigacha da’vogarlik qilayotgan havzalar bor.
Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, parlamentda besh-o’n vakillikka umid qilayotgan Islom uyg’onish va Sotsial-demokratik partiya vakillarining imkoniyati juda oz.
“Tojikistonda faqat mana shu ikki partiyagina hukumatga muxolif kuch sifatida ko’riladi, qolganlari shunchaki nomiga xolos”,- deydi mustaqil jurnalist Jo’ra Yusufiy.
Mamlakatda saylov oldidan har bir saylovchi o’zi uchun o’zi ovoz berishi shart va zarurligi haqidagi targ’ibot oldingi yillardagidan kuchli, har saylov uchastkalarida ogohlantirish varaqalarini ko’rish mumkin.
Tojikiston poytaxti va viloyat markazlarida saylovchilar o’rtasida o’tkazilgan mustaqil so’rov natijalari shuni ko’rsatganki, saylovchilarning qariyb 68 foizi saylov natijalariga qiziqish bildirmagan, biron bir o’zgarishga umid yo’q, hammasi ilgarigidek qoladi, deb fikr bildirgan bo’lsa, 5 foizga yaqini marakada umuman ishtirok etmasligini bildirgan. Respondentlarning aksariyati bir yoki bir necha kishi o’rnida muntazam ovoz berib kelayotganini tan olgan.
Saylovchi Mavluda Qosimova aytadiki, oilasida o’zi, ikki o’g’li va kelini – besh kishi uchun har doim saylov uchastkasiga to’ng’ich og’li borib kelgan, bu yil ham shunday bo’ladi.
“Men uchun bu saylovlarning qizig’i yo’q, kimni saylaymiz farqi bo’lmasa, hammasi ko’zbo’yamachilikdan boshqa narsa emas, unga vaqtni ketgazgunimcha, sigirimni sog’ib olaman”, – deydi Mavluda.
Sotsialistik partiya namoyandasi Farrux Boqiyev, “Bu yilgi saylov oldingilaridan tubdan farq qiladi, elektorat juda faollashgan, xalqaro kuzatuvchilar ham buni tan olishmoqda”, – deb aytadi. Uning fikricha, joriy yil saylovi mamlakatda tinch va osoyishta, yuksak uyushqoqlik bilan o’tadi, shunisi muhim.
Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi faoli Mirzoqul Hojimatov o’z partiyasi nomzodlariga ko’rsatilayotgan tazyiqlar borasida so’zlab, “Bazi nomzodlarimiz dardi ichida, ularning tadbirkorligi xatar ostida qolgani uchun nomlarini ro’yxatdan o’zlari olishga majbur bo’lishdi, hatto ismlarini ochiq aytishdan qo’rqishadi”, deydi.
Mahalliy majlislarga saylovlar bo’yicha Sug’d viloyat saylov komissiyasi raisi Muhammadjon Ismatdinov “qayd etilgan nomzodlardan deyarli shikoyat yo’q, hammasi qonuniy bo’lmoqda”, desa, Sotsial demokratik partiya vakillari joylarda bo’layotgan tazyiqlarga misollar keltiradi, nomzodlari noqonuniy ro’yxatdan chiqarib yuborilganini pesh qiladi.
“Vaqti bo’ldiki, biz hatto sudlanib, hozir qidiruvda bo’lmagan nomzodlarni ham ro’yxatdan o’tkazdik, marhamat, tekhirishlaring mumkin, demokratiya, shaffoflik, qonun ustuvorligi shu darajada bo’ladi-da, yana nima kerak?” – deydi saylov va referendumlar bo’yicha Markaziy komissiya vakili Saidboy Zokirov.
Rossiyaning Sverdlovsk viloyati markazi Yekaterinburgda ishlayotgan saylovchi Mirabbos Xoshokov aytadiki, bu viloyatda ikki yuz mingdan ortiq tojikistonlik bor, ularning aksariyati ovoz berish huquqiga ega, ammo hammasi ham saylovda ishtirok eta olmaydi. Uning fikricha, mehnat muhojirlari orasidan ham parlamentga vakil saylash vaqti yetgan, hukumat bu haqda o’ylab ko’rishi zarur.
“Biz Rossiyada o’gaydek yashaymiz, parlamentda vakilimiz bo’lsa, vatandoshlarimiz hozirgidek xo’lanib qolmasdi”, – deb umid qiladi Mirabbos.
Tojikistnondagi saylovlar bo’yicha OBSE kuzatuv missiyasi namoyandalari joylarda tashkil etilayotgan ishlardan boxabarliklarini, hukumat ular uchun barcha sharoitlarni yaratib berishganini ta’kidlar ekanlar, “Biz xulosalarimizni keyinroq bildiramiz, saylovga daxolatimiz yo’q, faqat tavsiyalarimiz bo’ladi”, – deyishadi.
Suratlar va matn muallifi Ravshan SHAMS