Tojikiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar mustaqillik yillaridan so’ng avvaliga juda iliq bo’lgan. Ayrim tahlilchilar hozirgi tojik-qirg’iz chegara muammolari va yer-suv tortishuvlarida hatto o’zaro otishmalargacha yetib borilganini Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga bog’lashadi. Buning sababini Tojikiston bu tashkilotga a’zo bo’lmasligini istayotgan tashqi kuchlarning ishi deb bilishadi. Gap shundaki, bu tashkilotga Tojikiston faqat Qirg’iziston bilan aloqalarni yaxshilash orqali doxil bo’lishi mumkin.
Tojikistondagi Sug’d viloyati O’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi ikki qo’shni davlatlar orasidagi do’stlik rishtalarini mustahkamlash uchun bir qator tadbirlarni yo’lga qo’ymoqda. Ulardan biri yaqinda o’tkazilib, Tojikiston va Qirg’izistondagi 35 yoshgacha bo’lgan ijodkorlar Shukrulloxon Avliyozoda nomidagi laureatlik unvoni va 1000 somon (10 000 som) pullik mukofot bilan taqdirlandi. Bu marosim har yili ikki bor o’tkaziladi.
O’zbek markazining sovrinni taqdirlash hay’ati 2015-yil uchun mukofotga taqdim etilgan qirqga yaqin yoshlarning ijodlarini ko’rib chiqib, Tojikistondan Konibodom nohiyasining Niyozbek qishlog’idan iqtidorli shoira qiz – Mohira Husanova va Qirg’izistondan Botkent viloyatining Laylak nohiyasi Oqsuv qishlog’idan Bobomurod Rahmatulloyevni sovringa loyiq deb topdi.
Laureatlik diplomi va pul mukofotlarini topshirish marosimi har ikki qo’shni respublika rasmiylari va ijodkorlari ishtirokida Xo’jand va Isfana shaharlarida bo’lib o’tdi.
Mohira Husanovaga mukofot topshirish marosimida ishtirok etgan tojik yozuvchisi Mahkam Po’lat o’zbek-tojik-qirg’iz asriy do’stligi, chegara bilmas san’ati va madaniyati haqida ma’ruza qilarkan, qadim Xo’jandda o’zbeklarning bu muhim tadbir boshida turganligi bilan tabriklab, sovrindorlarga ijodiy kamolot tiladi.
– Markaziy Osiyoda o’zbeklar millat va elatlarni birlashtiruvchi kuch bo’lib kelgan, bu tadbir ana shuning yaqqol ifodasi bo’lmoqda. Sizlarki, bunday sharafli vazifani bajarishni zimmangizga olgan ekansizlar, parvardigor o’zi qo’llaydi. Bu ayni bugungi kunda lozim bo’lgan juda muhim va zarur tadbir. Bunday yumushga qo’l urganlaringiz ulug’ va savob ish, – dedi yozuvchi Mahkam Po’lat Xo’janddagi tadbirda.
Shoiraga sovrinni topshirish marosimida ishtirok etgan o’zbek shoiri Jamshid Mohira Husanovani qutlar ekan, “siz bu sovrinning yalovbardori bo’ldingiz, chunki bu dastlabki sovrin, hali sizdan keyin ishonamanki, yana ko’plap yoshlar yetishib chiqadi. Tojigu, o’zbegu-qirg’iz o’rtasidagi aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda ijodkorlarning hissasi beqiyosdir. Keksa avlod buni yaxshi anglaydi va estafetani siz aziz yoshlarga topshiradi”, deb so’z yuritdi.
– Tojikistondagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi juda qutlug’ ishga qo’l urdi. O’qituvchi va shoir Shukrulloxonning xotirasini abadiylatiribgina qolmasdan, bugungi kunning talabi bo’lgan ikki xalq o’rtasidagi millatlararo do’stlik aloqalarini mustahkamlash yo’lida amaliy ish boshladi. Ikki xalq yosh ijodkorlarini taqdirlash nainki ma’naviyat va ma’rifatni ko’taradi, balki hatto rasmiy idoralar bajara olmaydigan siyosiy birlikni ham ta’minlaydi, – dedi shoiraga mukofotni topshirgan professor Berdiali Turdialiyev.
Qirg’izistonlik yosh o’zbek shoiri Bobomurod Rahmutulloyevga otasi nomidagi yillik mukofotni topshirgan taniqli ijodkor Avliyoxon Eshon qizg’iz sahnasida so’z yuritar ekan, “Bizlar ijodkor bo’libgina qolmay, elning vijdoni ham bo’la bilmog’imiz darkor, bu qutlug’ yurt faqat mana shunday anjumanlarga yarashadi, o’rtamizda faqat to’y va mehmonnavozliklargina qolsin”, deb aytdi.
Qirg’izistonlik mezbonlar shu marosim kuni Laylak rayonidan ikki qir’g’iz va bir o’zbek ijodkorni respublika yozuvchilari uyshmasiga a’zolikka qabul qildi va har biriga 10 000 somlik Qurmanbek Sabirov nomidagi mukofotni ham taqdim etdi.
Marosimga Bishkek va O’sh shaharlaridan tashrif buyurgan qirg’iz rasmiylari bu kabi tadbirlarni har ikki respublika hukumat vakillari bundan keyin ham qo’llab-quvvatlashini ta’kidlab, xalqlar do’stligini ta’minlayotgan har qanday tadbirga bosh bo’lishlarini izhor etishdi.
Qirg’iziston yozuvchilar uyushmasi O’sh viloyat bo’limi raisi, oqin Turabay Jo’rayev sahnada so’z yuritar ekan, ijodkor yoshlarga keng yo’l ochilganini, maktab va oliy o’quv yurtlarida ham mana shunday tadbirlar tashkil etilishi zarurligini ta’kidlab o’tdi.
Uning fikricha, Mohira va Bobomurodlarning ijodi siyosiy idoralar yecha olmayotgan muammolarni bartaraf etishi mumkin, ikki davlat aloqalarida ko’prik vazifasini o’taydi.
– Qirg’izda ham, o’zbekda ham, tojikda ham madaniyat va san’at mushtarakligi bor, har uchalasiining nayi, do’mbirasi va tori bir kuylaganda dillarimiz yayraydi. Chunki ulug’ Sirdaryo nafaqat bu uch elni, balki qozoqni ham sug’oradi, ruhlarimizga suv, tomirlarimizga qon, ruhimizga jon beradi. Shunday ekan, birga kuylashga nima yetsin, – deb 73 yoshli q’irg’iz baxshisi Absamad Hojibabayev o’z akkardionida qo’shiq ijro etdi.
Sug’d viloyatidagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari bu kabi tadbirlarni tashkil etar ekan, bundan ko’zlangan maqsad mintaqa integratsiyasini rivojlantirish ekanini ta’kidlashadi.
Markaz raisi, fan nomzodi Ilhom Yusupov bu yo’nalishda bir qator tadbirlar rejalashtirilganini aytar ekan, O’zbekiston va Qozog’izton ijodkorlari bilan hamkorlik rivojlantirilayotganini, o’zaro ijodiy safarlar amalga oshirilayotganini bildiradi.
Quyida yosh ijodkorlarni taqdirlash marosimidan olingan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Matn va suratlar muallifi Ravshan SHAMS,
Tojikiston, Xo’jand