Akademik Ahmadali Asqarov o`zbek millatining kelib chiqish tarixiga oid yangi tadqiqotida shundoq ham unutilgan, uloqtirilgan Turkiston darzlarini yana kengaytirishga harakat qiladi. Unda o`zbeklarning kelib chiqishi turkiylardan yiroqlashtirilgan bir shaklda taqdim etilgan.

Hozirgacha O`zbekiston Turkistonning madaniy, ma`naviy, huquqiy vorisi ekanligi hech kimda shubha uyg`otmagan.

Bunday shubha o`zbekistonlik akademik tomonidan bildirilayotganining o`zi ancha  g`alati, ziddiyatli.

“O`zbeklarning kelib chiqish tarixi” deb nomlangan bu kitob ancha salobatli. Tadqiqotda O`zbekiston xalqi emas, aynan o`zbeklarning kelib chiqishi o`rganilgan.

Bu ilmiy ish buyurtma qilinganmi, muallifning shaxsiy izlanishlarimi, aniq bir narsa deyish qiyin. Mohiyat o`zbeklarning kelib chiqishi turklarga bo`gliq emasligi haqidagi taxmin.

Agar o`zbeklar turk bo`lmasa, turklar kim? Bu mantiqdan kelib chiqsak, O`zbekiston hududidan hozirgi Turkiyaga ko`chib ketgan tukrlar ham turk emas, unda kimlar turk?

Albatta, akademik ilmiy taxmin surmoqda, ammo taniqli  tarixchilarning muallifga e`tirozlari ancha jiddiy.

Professor Goga Hidoyatov muallifni ongli ravishda qo`pol xatoga qo`l urganlikda, Turkiston tarixini buzib ko`rsatishda  ayblaydi.

Bugun shundoq ham Turkiston birligi haqida gapirish har qachongidan ko`ra nursizlashib qolgan. Ayniqsa, Turkiston hududlari yana Rusiya ixtiyoriga qaytayotgan bir sharoitda.

Sobiq ittifoqda mustaqillik yurishi boshlanar ekan, tarix g`ildiragi qachon, qanday vaziyatda mintaqa ziyolilari asr davomida kutgan Turkiston birligi manfaatiga teskari yo`ldan ketdi, izohlash  qiyin.

Turkiston g’oyasi uloqtirilib, mustaqillik shiori ostida o`tgan 25 yil esa mintadada chuqur yaralar qoldirdi, bu jarohatlar hamon bitishga ulgurmadi, bunga harakat ham qilinayotgani yo`q.

Uch asr naridagi tarix qisqa bir o`n yillikda qayta takrorlanayotgandek – avval  qozoqlar, qirg`izlar, keyin tojiklar, turkmanlar, so`ngida o`zbeklar ham Rusiya himoyasisiz yashay olmasliklarini izhor etishlari mumkindek…

Agar  bugun Afg`onistondagi vaziyat bo`lmaganda edi, bunday himoyaga ehtiyoj o`zaro ziddiyatlardan, o`zbeklarni tojiklarga, qirg`izlarga yoki aksincha kuzatilgan zulmlardan topilardi, har holda tariximiz shubhalarga o`rin qoldirmaydi.

Rusiyaning yangi tarixi sahifalariga bu hodisa imperiyadan uzoqlashgan Turkiston xalqlarining uchinchi ixtiyoriy vassalligi, deb kiritilishi ehtimoli katta.

Amalga oshishga shaylanayotgan bu tarix qarshisida Karimov rahbarligida o`zbek diplomatiyasi erishayotgan “mislsiz muvaffaqiyatlar” ham, Nazarboyev erishgan   iqtisodiy farovonlik ham, geosiyosiy maydondagi tirmanishlar ham o`ta g`arib, qashshoq ko`rinadi.

Turkiston, ijtimoiy voqelikka aylanmas ekan, uyg`onmaydi, deb takrorlardi marhum shoir Rauf Parfi. Turkistonning uyg`onishi esa aynan O`zbekistondan boshlanadi, deb aytardi u.

Albatta, Ahmadali Asqarovning tadqiqoqti bu ilmiy faraz va bu taxmin Turkiston g`oyasi uchun qatl qilingan o`zbek ziyolilari xotirasi qarshisida ham biror bir ahamiyatga ega emas.

Malik Mansur