Qirg’izistonda parlament saylovlariga tayyorgarlik hal qiluvchi bosqichga kirdi. Ushbu siyosiy tadbir 4-oktabrga belgilangan bo’lib, shu kunlarda parlamentdan joy olish uchun kurashayotgan siyosiy partiyalar targ’ibot-tashviqoti avjiga chiqqan.
Ko’chalar batamom saylov “libosida”. Har qadamda partiyalar shiorlari, chaqiriqlari. Rang-barang surat-rasmlar, ramzlar ko’zni qamashtiradi.
Rasmiy xabarlarga ko’ra, saylovoldi tadbirlari uchun siyosiy partiyalarning oldi 75-85 million, keti 5-10 million qirg’iz so’mi to’plagan. Bu pullar tashviqot shoulari, shahar-qishloq maydonlari hamda stadionlarida uyushtirilayotgan katta konsertlar, partiyalar simvolikasi aks ettirilgan turli-tuman libos, buyum, kitobchalar chiqarishga, saylovchilar uchun boshqa sovg’a-salomlarga sochilmoqda.
Kuni-kecha O’sh shahri markaziy stadionida partiyalardan biri o’tkazgan estrada yulduzlari chiqishlariga qo’shni shahar-qishloqlardan tomoshabin tashib kelish uchun kamida 150 avtobus yollangani aytilmoqda. Oz bo’lsa-da yemak-ichmak, hadya-suvenirlar va hokazo chiqimlarni qo’yavering. Har-bir “yulduz” gonorarini ham sanamaylik.
Barcha saylovoldi tadbirlarida asosiy kuch – yoshlar. Partiyalar ramzi tushirilgan kiyim-kechaklarda ko’cha kezayotganlar ham o’quvchi-talabalar. Jon-jahdi bilan qaysi bir siyosiy guruhni maqtayotgan ham shular. Konsert, musobaqa-yu, boshqa tadbirlarga fayz bag’ishlayotganlar ham yosh avlod vakillari.
Saylovlarda qonunbuzarlikka yo’l qo’ymaslikni maqsad qilgan “Taza shayloo” assotsiasiyasida ham aksar yigit-qizlarni uchratdik.
Kimdir “qalb amri bilan”… Ayni paytda anchagina odam saylov bahona biroz pul ishlab olishni ko’zlaydi. Mahalliy aholining turli tabaqalari orasidan partiyalar qisqa muddatda yollagan tashviqotchilarga tuzukkina “moyana” to’lanar ekan. Asosiy mezon: qancha ko’p saylovchini biz tomon og’dirsangiz– shuncha ko’p jaraq-jaraq olasiz.
Yoshlarga esa ham g’oya, ham pul kerak…
Quyida Qirg’izistonning saylovoldi siyosiy hayoti aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif