Talabalar shaharchasi O’shning (Qirg’iziston) eng so’lim va bahavo chekka mavzesida joylashgan. Bir tarafda yam-yashil qir-adirlar, dalalar, bir tarafda jo’shqin Oqbura daryosi. Sokin muhit, toza havo…
Bu go’shada to’rt oliygoh hamda uch o’rta-maxsus o’quv yurti faoliyat ko’rsatmoqda. Aytishlaricha, jami o’ttiz mingga yaqin talaba, bir necha ming ustoz uchun tuzilgan shart-sharoitga mintaqaning katta-katta poytaxt shaharlari havas qilsa arziydi. Bu yerda zamonaviy o’quv korpuslari, kutubxonalar, yotoqxonalar, sport va dam olish, sog’lomlashtirish markazlari va katta masjid bor.
Deyarli barchasi mustaqillik yillari barpo etilgan.
Marhamat, yigit-qizlar. O’qing, o’rganing, olg’a intiling, deging keladi bu sharoitlarni ko’rib.
Mahalliy oliygohlar xalqaro aloqalarni taraqqiy ettirmoqda. Mutolaa zallarida Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Turkiya kabi mamlakatlardan kelgan yoshlarni uchratish mumkin. O’sh davlat universitetining Xalqaro Tibbiyot kulliyoti, Turkiya Diyonat vaqfi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ilohiyot fakulteti, O’sh Texnologiya universitetining axborot texnologiyalari va qurilish bo’limlari eng nufuzli bilim dargohlari sarasiga kiradi.
Mutaxassislarga ko’ra, mahalliy o’quv yurtlarining salohiyati, obro’-e’tiborining o’sib borishi hududda ilm-fan taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shadi.
Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif