Navro’z, ayrim olimlarning ta’kidlashlaricha, hozirda yer yuzida qariyb bir milliard odam yashovchi 100 miilon kvadrat kilometrdan ortiq hudud xalqlari orasida nishonlanadi.
Navro’z YUNESKO tarafidan umumbashar madaniy-tarixiy an’ana merosi sifatida tan olingan.
Navro’z hozirgi Tojikiston hududida, ayrim olimlarning aytishicha, bundan besh ming yil ilgari ham nishonlanib kelingan va bahorgi tengkunlik, dehqonchilik ishlarining boshlanishidan darak bergan.
Islom dini mintaqaga kirib kelishidan bir necha ming yil oldin otashparastlar nishonlagan Navro’zdagi milliy an’analar haligacha saqlanib kelmoqda. Juda to’yimli va odam immunitetini mustahkamlab, quvvat beruvchi, maysalab o’stirilgan bug’doydan tayyorlanuvchi Sumalak -Navro’zning bosh taomi hisoblanadi va 24-30 soat davomida qaynatib, damlanib pishiriladi.
Baland tog’ qishloqlarida Sumalak tayyorlash oson emas, ayrim joylarda bosimning pastligi sabab, uni pishirishning iloji ham yoq. U yerlarning o’ziga xos sut-qatiqli taomlari bor.
Tojikiston, Afg’oniston va Eron orasida bir necha yil oldin erishilgan kelishuvga muvofiq, mintaqada Navro’z bayrami galma-galdan ularning birida xalqaro miqyosda o’tkazib kelinardi. Ikki yildirki, bu an’anaga putur yetgan, har davlat Navro’zni o’z hududida nishonlamoqda.
Navro’z tantanalari sabab respublikada bir haftalik dam olish e’lon qilingan, bayram 21-martdan 27-martgacha davom etadi.
2017-yil Navro’z bayrami 21-mart kuni respublika prezidenti, millat peshvosi unvonini olgan Emomali Rahmon ishtirokida bu safar mamlakat janubidagi Tursunzoda shahrida katta tantanalar bilan boshlandi, unda davlat rahbari xos raqsga ham tushib berdi. Kunning ikkinchi yarmida bayram poytaxt Dushanbeda hukumat rahbarlari ishtirokida davom etdi.
Navro’z bayrami kunlari xalq sayllari, o’yin-kulgi, turli-tuman musobaqalar o’tkaziladi. Ommaviy tadbir joylarida ham ilgari huquq posbonlari qimor hisoblab, javobgarlikka tortishlari mumkin bo’lgan, pul tikiladigan o’yinlar ochiq-oydin o’ynalaveradi. Kimdir yutadi, kimdir yutqazadi, ammo o’rtada chuv tushuvchi o’smirlarning serob bo’lishi hech kimga sir emas. Shunday bo’lsa-da, bu bayram kayfiyatiga ta’sir o’tkazmaydi, aksincha, qiziqish va o’yinqaroqlikni yanada oshiradi.
Ayrim mahalliy kuzatuvchilar Navro’zning Tojikistondagi bugungi ko’rinishini ortiqcha isrofgarchilik hisoblab, oradagi hafta orasida xalq bir necha million dollarni ko’kka sovurishini aytishadi.
“Oddiy oilaning bir oylik iste’mol korzinasi meditsina nuqtai nazaridan 4,4-5 ming somonga boradi. Holbuki, daromadlari jon boshiga o’rtacha 300 somon atrofida. Taxminimizcha, Navro’zda har oila kamida 200 somon atrofida pul sarflaydi, bu kichik raqam emas”, – deydi ismini aytmagan iqtisodchilardan biri.
Navro’z kunlarida Tojikiston bozorlarida asosiy iste’molda bo’lgan bir kilo mol go’shti 32-35, moyning litri 10-12, guruch 4-5, kartoshka 3,5- 4, piyoz 3 somondan bo’lgan. Bayram tadbirlarida faol qatnashgan o’smir yugit-qizlar esa cho’ntagida 40 somondan oz puli bo’lsa, tengdoshlaridan uyalishlarini bildirishgan.
Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlati sifatida ko’riladigan Tojikiston respublikasida Navro’z bayramida eng baxtli ko’rilgan qo’shni O’zbekistondagidan ortiq darajada pul sarflanishini tushunish qiyin bo’lsa-da, xalq uchun bu oddiy holat. Buni 2017-yil Navro’zi uchun qabul qilingan davlat emblemasi ham tasdiqlayotgandek. Unda qaldirg’och qanot qoqib, gul chulg’ayotgan yer shari poyida to’nkarilgan shoh toji ustidagi oltin kosada unayotgan bug’doy maysasi tasvirlangan.
Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams