Markaziy Osiyoning olti mamlakati (Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) xalqlari birdam bo‘lib yashashi va umumiy sa’y-harakatlar bilan rivojlanishi kerakligi haqidagi fikr – yangilik emas. Ko‘p o‘qimishli va obro‘li odamlar bunday fikrni ilgari surganlar. Ammo, ma’lum sabablarga ko‘ra, shu paytgacha bunday bunyodkor fikr shirin umidligicha qolib kelgan.

Bugun biz Markaziy Osiyoda yangicha kayfiyatni kuzatyapmiz. Asrlar davomida bir mintaqada yashab kelgan xalqlar go‘yoki bir-birlari bilan qaytadan do‘stlashishga urinmoqdalar. Bunday urinishlar hukumatlar darajasida bo‘lib, xalq bunga asta-sekin ergashyapti.

Biz – Markaziy Osiyoning turli mamlakatlaridan chiqqan bir guruh yoshlar – xalqlar orasidagi do‘stlik va birdamlik g‘oyasi oddiy odamlarga ham begona emasligini tushungan holda, yangi ijtimoiy harakat boshlashga qaror qildik. Bu yangi harakat alohida bir mamlakat emas, balki barcha mamlakat vakillari bo‘lgan yoshlarning umumiy tashabbusidir.

Harakatga Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi (ingliz tilida Youth League of Central Asia) deb nom berildi. Qarorimiz “Liga” so‘zida to‘xtashiga sabab – uning shijoat va g‘ayrat hislarini uyg‘otishi bo‘ldi. Biz “ittifoq” so‘zidan foydalanmaslikka qaror qildik – chunki bu so‘z barcha xalqlarda salbiy xotiralar uyg‘otadigan Sovet Ittifoqiga ishoradek tuyuldi.

Nomni barcha ma’qullagach, biz e’tiborimizni harakatning markaziy hujjati – Xartiyasiga qaratdik. Biz aynan qanday harakat tuzmoqchimiz, bizning asosiy qadriyatlarimiz nima, biz nimalarga erishmoqchimiz degan katta savollarga javob tariqasida ushbu hujjat yaratildi. Uni yaratishda Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasi, Gummanistik manifest, Yevropa Ittifoqi xartiyasi kabi umuminsoniy qadriyatlar bayon qilingan xalqaro hujjatlar tajribasiga tayandik.

Xo‘sh, bizning qadriyatlar nima? Biz insonlar yashab, baxtli bo‘lishga haqli deb bilamiz. Markaziy Osiyoda yashayotgan har bir inson tinchlikda, do‘stlikda va farovonlikda yashashga haqli. Hech kim boshqalardan o‘zini ustun hisoblamasligi, hech kim ayirmachilik qilmasligi kerak. Biz o‘z g‘oyalarimizni targ‘ib qilish bilan, odamlarda (ayniqsa, yoshlarda) boshqalarga hurmat bilan qarash, elat-u din ajratmaslik – tenglik va bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishni istaymiz.

Bizning maqsad nima? Asosiy maqsad – odamlarda oddiygina tushuncha paydo qilish: yon qo‘shnilarimiz bilan birdam va hamkor bo‘lsak, qanday yutuqlarga erishishimiz mumkin? Mana shu savolni yoshlar fikriga yetkaza olsak ham – katta yutuq. Chunki bugun yoshlarimiz, masalan, Rossiya va AQSh bilan qiziqmoqdalar, ammo yon-berimizda nimalar bo‘lyapti, qo‘shni xalqlar qanday yutuq va tashvishlar bilan yashamoqdalar – bundan bexabarlar. Biz shu vaziyatni o‘zgartirmoqchimiz: yoshlar Markaziy Osiyo davlatlari haqida ham bilsalar, birodar xalqlar bilan ham qiziqsalar – ertaga yana-da yaqin hamkorlik o‘rnatiladi.

Bu maqsadga erishish uchun avvalo millatchilik, diniy va etnik ayirmachilik kabi illatlardan holi bo‘lishimiz kerak. Bunday odatlar ozmi-ko‘pmi hammamizda bor: buni ochiq tan olib, shu kamchiliklarni bartaraf etishga kirishish payti keldi, menimcha. Mamlakatlarimizda milliy o‘zlik tushunchasi asosiy etnik guruhni ulug‘lash hisobiga qurilib kelindi shu paytgacha. Mustaqil O‘zbekiston o‘z davlatchiligini “o‘zbek” etnik guruhini buyuklashtirish evaziga barpo qilishga intildi. Xuddi shunday harakat boshqa yangi mustaqillikka erishgan respublikalarda ham kuzatildi. Natijada, asosiy etnik guruh va boshqa kichik etnik guruhlar o‘rtasida ziddiyatlar va ayirmachilik holatlari kelib chiqdi. Etnik asosga ega milliy o‘zlik tushunchasi nafaqat ichki bo‘linishlarga – balki, qo‘shni xalqlar bilan ham noholis munosabatda bo‘lishga sabab bo‘ldi.

Bizningcha, bunday yondashuvdan kechish payti keldi. Biz o‘z ijtimoiy harakatimiz doirasida fuqarolikka asoslangan milliy o‘zlikni targ‘ib qilishni ko‘zlaganmiz. O‘z faoliyatimizni mana shundan boshlamasak – avval xalqlardagi ichki bo‘linishni davolamasak, mintaqaviy hamkorlik o‘rnatish qiyin. Fuqarolikka asoslangan milliy o‘zlik – juda oddiy va odil tushuncha. Unga ko‘ra, bir mamlakat fuqarosi bo‘lgan har bir odam, etnik kelib chiqishidan qat’iy nazar, ana shu millat vakili. Masalan, mening etnik kelib chiqishim o‘zbek bo‘lsa ham, millatim – o‘zbekistonlik. Bugun menga hamyurt bo‘lgan tojik yigiti ham o‘z etnik kelib chiqishidan qat’iy nazar – o‘zbekistonlik. Xalq va millat tushunchasini ajratmaslik – bir xalq vakillari bir millat deb qabul qilinishini ta’minlash joiz.

Etnik milliy o‘zlik tushunchasi faqat Sovet Ittifoqida mavjud bo‘lgan. Aynan, sovetlar “xalq” (“нация”, “народ”) tushunchasidan “millat” (“национальность”) tushunchasini ajratib olganlar. Ular etnik va lingvistik belgilarga qarab O‘rta Osiyo mamlakatlari chegaralarini belgilaganlar. Lekin xaritadagi chegaralar – muammoning bir qismi edi, xolos. Ular etnik asosga ega o‘zlik yordamida bizning ongimizda ham bo‘linish hosil qildilar. Bizni etnik kelib chiqishimizga qarab ajratib qo‘ygan o‘sha siyosiy qarorlarning ayanchli asoratini haligacha his qilib kelmoqdamiz.

Bu gaplar bilan men o‘tib ketgan qaysidir tuzumni qoralamoqchi – ayblamoqchi emasman. Tarix oq-u qora bo‘lmaydi – tarix xolis bo‘ladi. Kimnidir aybdor qilish yoki kimgadir gina saqlashni oqlash uchun tarixni o‘rganmaydilar. Tarixni avvalgi xatolardan xulosa chiqarish va ularni qaytarmaslik uchun bugun to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun o‘rganadilar.

Xo‘sh, tariximizdan xulosa nima? Juda oddiy: bir-birimizni etnik yoki boshqa jihatlarga qarab ajrataversak, bizga osilgan yorliqlarga mahkam yopishib, boshqalarni hurmat qilishni o‘rgana olmasak, tarqoq va noahil yashashda davom etsak – birlasha olganlardan orqada qolib yuraveramiz. Markaziy Osiyo xalqlarining har birida birdamlikda foyda ko‘pligini ta’kidlaydigan maqollar bor: bizniki “bo‘linganni bo‘ri yer, ayrilganni – ayiq“. Shunday ekan, xalqaro raqobat tobora keskinlashib borayotgan ushbu zamonda kichik farqlarimiz tufayli birlasha olmasligimiz, o‘xshash jihatlarimiz va umumiy maqsadlarimiz juda ko‘pligini ko‘ra bilmasligimiz – biz uchun yutqazishdir.

Albatta, bu maqsadlar katta va ezgu. Lekin ularni amalga oshirish uchun mablag‘ zarur. Biz ijtimoiy harakatni boshlashda bu masala ustida ham ancha bosh qotirdik. Chunki, tan olishimiz kerak, mamlakatlarimizda tashqi (ayniqsa, g‘arblik) homiylar yordami bilan faoliyat olib boradigan notijorat tashkilotlarga bo‘lgan ishonch jiddiy emas. G‘arbdan olingan pullar hisobidan ish ko‘radigan tashkilotlarning yashirin maqsadlari bor degan shubha odamlarda mahkam o‘rnashgan. Ba’zi hollarda bu shubha asosli – boshqalarida asossiz. Shuni hisobga olgan holda biz moliyaviy yordamni faqat Ligaga a’zo bo‘lishni tanlagan shaxslardan olishga qaror qildik.

Bugun Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida ishbilarmon va faol yoshlar juda ko‘p. Ba’zilari chet ellarda ish-faoliyatlarini olib boradilar (ularni xalqaro jargonda “ekspatlar” deb atashadi). Biz ana shunday yoshlardan kelgan yordam hisobiga ishlaymiz kelajakda. Hozircha, harakatni tashkil qilgan bir guruh a’zolar bu loyihaga o‘z kuchimiz, vaqtimiz va mablag‘imizni sarflayapmiz. Liga saytini yaratishga shaxsan o‘zim vaqt va pul ajratdim. Bizga moliyaviy yordam berish istagini bildirganlar bo‘ldi – lekin halicha biz bunday tizimni yo‘lga qo‘ymadik. Biz avval u mablag‘larni qanday qabul qilishimiz, ulardan qanday mas’uliyatli foydalanishimiz, mablag‘lar qanday maqsadlarga yo‘naltirilayotgani haqida ommaga ochiq va shaffof hisobot berish mexanizmini ishlab chiqishimiz kerak. Bunday mexanizmsiz bizga ishonib berilayotgan pullar nimalarga va qanday sarflanayotgani haqida keraksiz shubhalar va taxminlar paydo bo‘lishi – natijada esa, Ligaga bo‘lgan ommaviy ishonch eng boshidan yo‘qqa chiqishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytishim mumkinki, Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi – eski muammolarga yangicha yondashishga urinayotgan navqiron ijtimoiy harakat. Biz hali oyoqqa turib ulgurmadik – biz hozircha o‘rganish bosqichidamiz. Ammo niyatlarimiz ezgu, umidlarimiz katta. Bizga mintaqa taqdiriga befarq bo‘lmagan yoshlarning yordami kerak. Hozirgi paytdagi eng zarur yordam – g‘oyalarimizni qo‘llab-quvvatlash va ularni imkon qadar ko‘pchilikka yetkazishdir. Bizning fikrlarga qo‘shilgan va ularni qo‘llab-quvvatlashga ahd qilgan yurtdosh va mintaqadoshlarimizni Ligaga a’zo bo‘lishga chorlab qolamiz: https://ylca.org/join

Javlon Juraev

Markaziy Osiyo Yoshlar Ligasi asoschilaridan biri