Qirg’izistonlik qariyalar uchun har oygi nafaqani olish bosh og’rig’iga aylangan. Pensiyalar har oyning o’ninchi kunidan boshlab beriladi. To’lovlar pochta hamda bank bo’limlari orqali amalga oshiriladi. Naqd pul yetishmasligi bois pochta bo’limlarida navbat besh-olti kunga cho’ziladi. Yozning jazirama issig’ida yoshi bir joyga borib qolgan insonlarning soatlab termulib o’tirishlari yurakni ezadi.
Qirg’izistonda o’rtacha nafaqa olti yarim ming so’mga yaqin bo’lib, bu salkam yuz AQSh dollari demakdir. Bu choy-non, kommunal xizmatlar-u, dori-darmonga yetib-yetmasligi hammaga ma’lum.
Lekin aksar qariyalar boshqa narsalardan noliydi.
“Allohga shukr – bur burda nonga qorin to’yadi. Hovli-tomorqa ham ozmi-ko’pmi boqadi. Yolg’izlik, keraksizlik hissi, bekorchilik nuratib yuborar ekan odamni. Farzandlar ish izlab olisda, yoningdagilar ham har kim o’zi bilan ovora – yaqinlaringning, odamlarning diydoriga to’ymaysan kishi”, – deydi bir suhbatdosh.
“Yaxshi kasbim bor, salomatligim durust, qani edi ish bo’lsa”, – deydi boshqasi.
Xorijda qariyalar nafaqa yillarini sayohatda o’tkazishadi, qabilidagi gap-so’zlarga ham ma’noli javob berishadi:
“Bizning “sayohat” – bu uyning to’ri, to’y-ma’raka, masjid-ibodat, choyxona”.
Keksalar qanday yashamoqda? Qanday muammolar ularni tinchsizlantiradi? Qariyalar borasida davlat va jamiyat g’amxo’rligi qay darajada? Katta avlod tajribasi, intilishlari, imkoniyatlariga talab bormi? Keksalar bilan ishlovchi idoralar salohiyati zamon bilan hamnafasmi?
Savollar ko’p. Javoblardan har doim ham ko’ngil to’lmaydi…
Qarilik ham bir sinov, katta sinov, deyishadi. Jamiyat munosabati ham o’ziga xos bir sinovdir balki…
Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif