O’zbekiston va Tojikiston  yosh ijodkorlari tarixiy birlikni tiklashmoqda

Posted July 25th, 2018 at 11:53 am (UTC-4)
Leave a comment

O’zbekistonning Samarqand viloyatidan bir necha yil muqaddam Grin karta sohibi bo’lib, AQShga ko’chib ketgan havaskor shoira Marziya Sodiqova yoz faslida ona vataniga tashrif buyurar ekan, Facebook tarmog’i orqali tanishgan mintaqa ijodkorlarini  diydor uchun Toshkentga taklif etdi.

Poytaxt viloyatining Parkent nohiyasidan Sobir Jalolov, Qashqadaryoning Chiroqchi nohiyasidan Rasul Ro’ziyev va Sirojiddin Asqarov singari ijodkorlar  Toshkentning Bo’rijar arig’i sohilidagi salqin “Sokin Diyor” kafesida diydorlashdi. Yig’ilishga tojikistonlik yosh ijodkorlar ham kelib qo’shildi.

Iyul oyining eng issiq jazirama kunida Chilonzordagi Bo’rijarning  bahovo qirg’og’ida ikki qardosh respublikaning  o’ttizga yaqin yosh ijodkorlari  diydorlashuvi  o’ziga xos she’rxonlik, ijodiy bahs oqshomiga aylandi.

Samarqandlik shoiralar Marziya Sodiqova, Marhabo Shodmonova,  Jizzaxdan Dilfuza Umirova, Ozoda Umarova, Qashqadaryodan Sanobar Qulmirzayeva, Rasul Ro’ziyev, Sirojiddin Asqarov singari ijodkorlar o’z tengdoshlarining ijodlaridan namunalar o’qibgina qolmay, o’zaro yangi ijodlari bilan ham tanishdilar, muhokama etdilar. Ijodkorlardan samarqandlik Marhabo Shodmonova va AQShdan tashrif buyurgan Marziya Sodiqovalarning badiiy o’qishlari,  Sanobar Qulmirzayevaning “Jannatdan uzib keldim…”, Iroda Umarovaning “Jinoyat ko’chasidagi ishq” kitoblari muhakamasi har qanday rasmiy  ilmiy-amaliy forumlardan qiziqarliroq  o’tdi.

Tojikistonning Xatlon, So’g’d va O’zbekistonning Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlaridan kelgan yosh adabiyot ixlosmandlari diydor uchrasuvini she’rxonlik-mushoira oqshomiga aylantirishdi. Bu tadbirda ishtirok etgan yosh ijodkorlarning fikricha, o’lkadagi millat farzandlarining bu kabi tabiiy va norasmiy ijodiy uchrashuvlari natijasiga ko’ra, ba’zi davlatlararo erishilgan rasmiy qarorlardan balandroq turishi mumkin.

“Rostdan ham bu kabi fikrga qo’shilaman, chunki ijodiy faoliyatim davomida juda ko’p rasmiyatchiliklarga duch kelamanki, ba’zida xit bo’lib ketaman, idoralar eshigini buzib yuborgim keladi, ba’zi rahbarchalar o’zaro almanax kitobimiz chopiga xalaqit ham berib keladi, bahonalar ko’pu, amaliy ish kam. Nomi ulug’ uyushmalar esa haligacha mudrab yotibdi. O’tgan ikki yil orasida O’zbekiston va Tojikiston shoir va shoiralaridan ellikdan ortig’i  ijodlaridan terib,  “Iste’dod uchqunlari” va “Mehrigiyo” deb nomlangan  almanax-kitoblarni chop ettirdim, ikki mamlakat yoshlari birlashib, biron-bir davlat nashriyoti rejasida yo’q  ishni bajardik.  Ehtimol, rejalarida bordir, u rejalar fahmimcha, qog’ozlarda yillab qolaveradi. Biz ishni o’z kuchimiz bilan amalda qildik, hech bir idora yoki tashkilotning yordamiga  qarab qolmadik, ularga umidning  o’zi qolmagandi. Ishimizda xatolarimiz bordir, kamchiliklar ko’rinar, albatta, ammo hozir qoqilmasdan yurishning  o’zi bo’lmaydi. Hozircha bizni qo’llovchi bir vallomatni ko’rmadim”, – deydi shoira Zilola Xoliqova.

Tojikistonning Xatlon va So’g’d viloyatlaridan Toshkentdagi diydorga oshiqqan yosh ijodkorlar norasmiy ijodiy kecha va O’zbekiston poytaxti bilan tanishuvdan mamnun ekanliklarini izhor etadi.

“Oramizda tanilib qolgan  shoira opamiz Zilolabonu Xoliqova  Toshkentda nafaqat kitobimizni chop etishga bosh-qosh bo’ldilar, balki navqiron poytaxtlari bilan ham tanishtirib chiqdilar, shaharning markaziy xiyobonlaida miriqib sayr qildik, taniqli publisist yozuvchi, ustoz Dadaxon Nuriy bilan hamsuhbat bo’ldik, mintaqamizning dolzarb masalasida yozilgan yangi kitoblarini muhokama ham qildik”, – deydi Tojikistonning  Yovon nohiyasidan yosh shoir Karomatullo G’oziyev. Unga hamrohlik qilgan hamyurti, agronom-shoir Roziqul Alimardonov  yosh o’zbek  ijodkorlari bilan uchrashuv va Toshkent bilan tanishuvni hayotidagi muhim sana deb hisoblaydi.

“Hozir O’zbekistonda katta o’zgarishlar bo’lmoqda. Ikki qardosh respublika liderlarining bahorgi uchrashuvlari natijasi o’laroq biz Toshkentdamiz, doim bu shaharni ko’rishni, muqaddas joylarni ziyorat etishni orzu qilardim, niyatimga erishdim, mashhur Ko’kaldosh madrasasini, Chorsu bozorini,  mintaqamizdan yetishib chiqqan adib va san’atkorlarimiz abadiy qo’nim topgan Chig’atoy qabristonini ziyorat qildik, ulug’larimiz ruhlariga tilovatlar tushirdik”, – deydi u.

“Ilgarilari chegarani kesib o’tishning o’zi bir azob edi,  hamma biladi, Toshkentga yetguncha Amerikaga borib-kelardik, vaziyat shu tariqa edi, endi yo’llarimiz ochiq va tinch, ortiqcha qiyinchiliklar yo’q, orada avtobuslar qatnamoqda, juda xursandmiz.  Ikki mamlakat prezidentlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning do’stlik rishtalarini qayta bo’glayotganlarini munosib baholaymiz. Yaqinda har ikki davlatlar Bosh vazirlari  Qohir Rasulzoda va  Abdulla Aripov Farg’onada uchrashdilar, endi esa Tojikiston prezidenti Toshkentga safar qiladi, rishtalar yanada qattiq bog’lanadi deb umid qilamiz”, – deya qo’shimcha qiladi Roziqul Alimardonov.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  xodimlaridan birining aytishicha, yoshlarning  stixiyali tarzda bunday uyushishlari bugungi kun talablariga javob beradi.

“Biz hali hozirgacha davlatimiz rahbarining zamon talabiga mos ravishda har narsaga tez javob qilish talabiga javob berolmay qolyapmiz, goh u, goh bu rasmiy tadbirlar bilan bo’lib, mintaqa yoshlarining uyushishga tabiiy ehtiyojlarini qondirolmayotirmiz, bizning o’rnimizga ular o’zlari bu ishga bel bog’laganlari, uzoq Amerikadan turib, bunga bosh qo’shganliklari aslida bizni sergak qilishi lozim. To’g’ri, respublika miqyosida yoshlar ishtirokida katta-katta tadbirlar o’tkazilmoqda, mintaqa yoshlarining orzu-tilaklari inobatga olinmoqda, respublikalararo xalqaro forumlar o’tkazilmoqda. Nazarimda, Bo’rijar sohilida o’zbek va tojik yosh ijodkorlarining samimiy diydorlashuvi har qanday rasmiy tadbirlardan ta’sirliroq bo’lgan, chunki unda rasmiyatchilik bo’lmagan, dil rishtalari samimiy bog’langan. Yoshlarning u uchrashuvidan biroz kechikib xabardor bo’ldim, uni uyushmaga birlashtirolmaganimizdan taassufdaman, zotan bunday tadbir vazifamizning shoh ustuni bo’lishga arziydigan uchrashuvdir”, – deydi o’zbek shoirlaridan biri.

Ushrashuvda ishtirok etgan yoshlar aytishadiki, ayni paytda o’lka ijodkorlari bunday tadbirlarda davlat ko’magiga katta ehtiyoj sezsalar-da, byurokratiya, “ulug”larning nopisand munosabatlari rasmiy idoralardan uzoqlashuvlariga sabab bo’ladi.

“Biz katta-katta muhtasham zallaru-mehmonxonalarga muhtoj emasmiz, kichik bir imkoniyat, yo’llarning ochilishi, ozgina daldaning  o’zi kifoya qiladi, intilishlarimizni qo’llab tursalar, barchasini o’zimiz bajara olamiz, ishtiyoqimiz zo’r. To’g’ri, ijtimoiy qiyinchiliklar sabab, bepoyon hududlarga tarqalib ketgan yoshlarning ko’pida qo’l qisqaligi bor, moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, hozir hech kimga oson emas. Aynan shuni inobatga olib, hozir rasmiylar ijtimoiy tarmoqlar orqali  qobiliyatlilarni tanlay olishlari zarur, bizlar bormiz va faolmiz.  Bundan yuz yillar oldin ijodkor ahli Toshkentdan Qo’qonu Samarqandgacha, Buxorodan  Xo’jandu-Andijongacha necha kunlab ot aravada yo’l bosib borishgan, biz ana o’shalarning farzandlarimiz, intilishimizning cheki yo’q”, – deyshadi ular.

Matn va rasmlar muallifi Ravshan Shams

Bo’rijar sohilidagi Sokin diyor restorani

Tojikistonning Xatlon va O’zbekistonning Qashaqadaryo viloyatlari ijodkorlari

Marziya shoira Sanobarning she’rlaridan o’qidi.

Yangi she’rlar o’qilmoqda.

Samarqandlik shoira Marhabo Shodmonovaning badiiy o’qishlari hech kimni befarq qoldirmadi.

Bo’rijar sohilida she’rlarni sel bo’lib tinglashdi.

Ko’ngillarga she’riyat, dasturxonga esa osh tortildi.

Yosh o’zbek shoiralari Marziya va Iroda muxlisi bilan

Yangi ijod muhokamasi

Yosh o’zbek ijodkorlari diydorlashuvi

Toshkentda yig’ilgan yosh ijodkorlarning bir guruhi

Ko’hna va navqiron Toshkent bilan tanishuv

Tojikistonlik ijodkorlar Toshkendagi Sharq ziyokori kitob do’koni direktori Umidjon Xoliqov bilan

Chorsudagi kitob do’konlari rastasida

O’zbekiston qahramoni, shoir Abdulla Oripov qabri ziyorat etildi.

O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov qabri boshida

Tojikistonlik shoir Roziqul o’zbek xalq shoirlari ruhiga tilovat qilmoqda.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

July 2018
M T W T F S S
« Jun   Dec »
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031