O’zbekistonda necha foiz talaba davlat granti asosida tahsil oladi?

Posted February 7th, 2020 at 1:09 pm (UTC-4)
Leave a comment

Oliy ta’lim – ta’lim tizimining muhim bosqichi. Mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan, jamiyatdagi turli soha va tarmoqlar bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar aynan shu bosqichda tayyorlanadi. Shu bois, jahonning ko’pgina rivojlangan mamlakatlarida ta’limning mazkur bosqichiga katta e’tibor qaratiladi.

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga nisbatan 9 foizni tashkil etadi. Aniq raqamlarda aytilsa, YUNESKO tashkilotining hisobotiga ko’ra, O‘zbekistonda talabalik yoshidagi aholi (18-22 yosh) soni 3 075 782 nafar bo’lib, ularning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi darajasi 2017-yilda 9,15 foizni tashkil etgan. Bu Markaziy Osiyoda va jahon miqyosida ancha past ko‘rsatkichdir. Masalan, Qozog’istonda bu ko’rsatkich 2018-yilda 53,25 foizni tashkil etgan bo’lsa, AQShda 2016-yilda 88,86, Janubiy Koreyada esa 93,78 foizni tashkil etgan.

Raqamlarga yanada aniqlik kiritsak, masalan, birgina AQShda yiliga millionlab o’quvchi maktab tamomlaydi. AQShning Ta’lim Statistikasi Milliy Markazining ma’lumotlariga ko’ra, 2017-yilda 3,59 million o’quvchi turli davlat, jamoat va xususiy maktablarni tamomlagan. Shundan 2.88 millioni turli kasb-hunar kollejlari yoki bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirganlar. Raqamlarni foizda hisoblasangiz, 80.22 foiz maktab bitiruvchisi o’rta ta’limdan so’ng o’qishni yana davom ettirgan. Ana shu 80.22 foizning yana qariyb 65 foizi to’rt yillik bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim mussasasiga o’qishga kirgan. Boshqacha aytganda, jami 3.59 million bitiruvching 52 foizi to’rt yillik bakalavr darajasini beruvchi oliy ta’lim mussasasida tahsil olishni davom ettirgan. Eslatib o’tish joiz, Amerikada majburiy umumiy ta’lim 12 yillik tizimga asoslangan bo’lib, maktabdan so’ng ikki-uch yillik kasb-hunar kollejlari yoki 4 yillik “bakalavr” darajasini beruvchi oliy talim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.

AQShda oliy ta’lim muassasasiga qabul miqdori nisbatan yuqoriligi yaratilganligi oliy ma’lumotli ziyoli qatlamning ko’payishiga olib kelgan.

AQShning “Pyu” (Pew) tadqiqot markazi mamlakatda 2017-yildagi jami 1364 ta to’rt yillik oliy ta’lim muassasalaridagi qabul miqdorini o’rganib, shunday xulosaga kelganki, mamlakatdagi 53 foiz oliy ta’lim muassasasi (OTM) hujjat topshirgan abituriyentlarning o’rtacha har uchtasidan ikkitasini o’qishga qabul qilgan.

Shu bilan birga, mamlakatda talabalar uchun federal hukumat, mahalliy shtat hokimiyati, OTM grantlari va boshqa kredit imkoniyatlari keng yaratilgani ham jamiyatda kishilarning umumiy ta’limdan keyingi ta’limni yana davom ettirishiga yordam beradi.

AQShning Ta’lim Statistikasi Milliy Markazining ma’lumotlariga ko’ra, mamlakatda 2016-2017 yillarda ikki yillik kasb-hunar kollejlari va to’rt yillik OTMga (kunduzgi ta’limga)  2.49 million talaba qabul qilingan bo’lsa, mazkur talabalarning 2,06 millioniga, boshqacha aytganda 82.8 foiziga ta’lim kontrakt pulini to’lashga grant ajratilgan. Shuning 42.2 fozi AQSh hukumati tomonidan ajratilgan grant bo’lsa, 31.9 foizi mahalliy shtat hokimiyati, 44 foizi 44.7 foizi oliy ta’lim muassasasi va 46.1 foizi talaba kreditlari hisobiga to’g’ri keladi.

O’zbekistonda esa, Davlat statistika qo’mitasi hisobotiga ko’ra, 2017-2018-o’quv yili boshida bakalavriat bosqichiga jami 80 822 nafar talaba qabul qilingan bo’lsa, shundan 18 439 nafari davlat grantlari asosida (22%), 623 83 tasi (77,1%) esa shartnoma asosida kirgan. Magistraturaga esa jami 4857 nafar qabul qilingan talabalardan 34,8 foizi (1690 nafari) davlat granti asosida, 65,2 foizi (3167 nafar) to’lov shartnoma asosida o’qishga kirgan.

Shu o’rinda, aytib o’tish kerakki, keyingi ikki yil ichida oliy ta’lim sohasida bir qator islohotlar olib borildi. Masalan, so’nggi ikki yilda mamlakatda OTMlar soni keskin oshgani, oliy ta’lim muassasalariga real imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, qabul kvotalarini mustaqil belgilash tizimini joriy etish huquqi berilishi, 2019/2020 o‘quv yilida OTMlarga qabul kvotalari qariyb 20 foizga oshirilib, 120 mingdan ortiq abituriyentlar talabalikka qabul qilinishi, abituriyentlarni oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi, to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan barcha bosqich talabalariga o‘z xohishlariga ko‘ra to‘lov-kontrakt qiymatini stipendiyali yoki stipendiyasiz shaklda to‘lash huquqi berilishi shular jumlasiga kiradi.

Shunday bo’lsa-da, tug’ilish surati tez oshib borayotgan, aholi yoshi tarkibi jihatdan “yoshlar mamlakati” sanalgan O’zbekistonday mamlakatda qabul kvotasini hamda davlat va boshqa turdagi ta’lim grantlari miqdorini oshirish maqsadga muvofiq. Xususan, kvota miqdorini bilan talabalikka talabgorlarning foiz ko‘rsatkichlarini bir-biriga muvofiq darajada belgilash O‘zbekistonda yoshlarni oliy ta’lim bosqichiga qamrab olinishi ko‘rsatkichini sezilarli darajada ko’taradi. Zero, oliy ma’lumotli ziyoli qatlamning kengayishi jamiyatda ilm-fan rivojlanishining – poydevori, desa mubolag’a bo’lmaydi.

Oydin Sa’dullayeva

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

February 2020
M T W T F S S
« Dec   Jun »
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
242526272829