Qishlogʻimizdagi eng oxirgi vrach nafaqa yoshida…

Posted June 27th, 2020 at 2:27 pm (UTC-4)
Leave a comment

Tojikistonda ishsizlik darajasi baland, ammo mutaxassis kadrlar tanqisligi ham mavjud. Xususan, qishloq joylarda. Ayniqsa, koronavirus inqirozi paytida shifokorlar yetishmasligi juda bilindi. Yana aniq fanlar, ingliz tili, rus tili oʻqituvchilari ham yetishmaydi. Bu holat chorak asrdirki, davom etib kelyapti. Aslida, buni bartaraf etish uchun davlat programmasi ishlab chiqilgan, ammo amalga tatbiq etilishida kamchiliklar koʻp.

Kadrlar taʼminoti va mintaqalar boʻyicha taqsimoti muammosini hal etish maqsadida 20 yillar oldin yoshlar uchun imtiyoz bilan oliygohlarga kirish va davlat hisobidan oʻqish imkonini beradigan maxsus dastur – prezident kvotasi tashkil etilgan. Asosiy sharti – bu kadrlar oʻz mintaqasiga qaytib borib ishlashi lozim.

Kvota juda oʻrinli tashkil etilgan. Chunki mamlakatda oylik maoshlar kamligi tufayli kadrlar bir mintaqadan boshqasiga borib ishlashni istamaydi (harbiy sohalar bundan mustasno). Xorijdan kadrlarni chaqirish haqida gapirish ham oʻrinsiz. Mavjud vaziyatda mintaqalarni kadrlar bilan taʼminlashning eng oson yoʻli mahalliy yoshlarni davlat kvotasi bilan oʻqitish.

Ammo kvotaning abituriyentlar orasidagi taqsimotida ham, oliygohni bitirgan kadrlarning oʻz zimmasiga olgan burchini bajarishida ham kamchiliklar kuzatiladi. Hatto kvota bilan bitirgan kadrlar ham aytilgan joyga borib ishlamaydi. Sababi yetarli darajadagi nazoratning oʻzi yoʻq. Qolaversa, mintaqalarda kadrlar tanqisligini keltirib chiqargan omil – kvotaning adolatsiz taqsimlanishi.

Avvalo prezident kvotasini tashkil etish mohiyatiga eʼtibor bersak, u yoki bu mintaqaga – u yoki bu shaxsga istisno tarzida imkoniyat berish. Shuning uchun ham kvota mamlakatning markaziy shaharlariga ajratilmaydi. Unga koʻra, har yili mamlakat oliygohlarida oʻrta hisobda 1246 nafar student uchun bepul oʻqish imkoniyati yaratiladi. Buning yarmidan koʻprogʻi qizlar, kamrogʻi oʻgʻil bolalar uchun.

Bu oʻrinlar viloyatlar: Xatlon 504 oʻrin, Sugʻd 302 oʻrin, Togʻli Badaxshon Muxtor viloyati 164 oʻrin va respublika boʻysunishidagi tumanlarga 276 oʻrin shaklida taqsimlanadi. Shu tarzda har bir shahar va tumanlarga ham 15-20 oʻrindan taqsimlanadi. Oʻrta maktabning 11-sinf bitiruvchilari orasida tanlov oʻtkazilib, har bir oʻrin uchun uch nafardan gʻoliblar viloyat bosqichiga chiqadi. Ular orasida yana tanlov oʻtkazilib, bir nafardan tanlab olinadi va oliygohga yoʻllanma beriladi. Toʻrt yoki besh yil davomida davlat hisobidan oʻqiydi. Oliygoh tomonidan stipendiya ham toʻlanadi.

1245 nafar kichik Tojikiston uchun ancha katta raqam. Qolaversa, buni 20 yilga koʻpaytirsak, qariyb 25 000 nafar yetuk kadr tayyorlab, mintaqalarda eng zaruriy kadrlar tanqisligini bartaraf etish mumkin edi. (Vaholanki, kadrlar bilan taʼminlash uchun kvotadan tashqari ham har yili minglab talabalar byudjet guruhlarga qabul qilinadi)

Ammo bunday boʻlmadi – haligacha kadrlar tanqisligi va adolatsiz taqsimoti davom etib kelyapti. Men tugʻilib oʻsgan qishloqda oʻtgan 20 yil davomida faqatgina bir qiz kvotaga ilina oldi, xolos. U ham na oʻzi istagan mutaxassislik va na qishloq uchun kerak boʻlgan sohada. Qolaversa, oʻqishni bitirguncha boshqa tumanga turmushga chiqib ketdi.

Muammo qayerda?

Tojikistonning geografik jihatdan murakkab – togʻli tabiati va maʼmuriy taqsimlanishi hamda aholining etnik jihatdan xilma-xilligini hisobga olsak, “xoʻroz hamma yerda ham birday qichqirmaydi”. Yaʼni, imkoniyatlar teng emas. Ammo prezident kvotasiga daʼvogar boʻlganlarning hammasiga talablar teng qoʻyiladi, imkoniyatlar yoki ehtiyojga qarab emas.

Aytaylik, tuman yoki shahar markazidagi maktabni bitirgan bola bilan markazdan 50-60 kilometr uzoqlikda joylashgan qishloq maktabidagi, ximiyani geografiya, tarixni adabiyot oʻqituvchisi oʻqitgan bola bellashadi. Kim gʻolib kelishini oldindan taxmin qilish qiyin emas. Yoki maktabni tojik tilida bitirgan oʻquvchi bilan qirgʻiz, oʻzbek, turkman yoki rus tilida bitirgan oʻquvchi davlat tili – tojik tilida bellashadi. Agar kadrlar tanqisligini hisobga olib u yoki bu mintaqaga imtiyoz berilmasa, uning kvotaligi qayerda qoldi?!

Shu oʻrinda aytish lozim, Oʻzbekistonning Soʻx tumani yoshlari uchun 500 ta kvota ajratilishi juda toʻgʻri ish boʻldi. Ammo bunday imtiyozlar doimiy berilishi kerak, faqatgina norozilik namoyishiga chiqqan paytda emas.

Aslida Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy test markazi (ntc.tj) tashkil etilganidan keyin prezident kvotasi uchun tortishuvlar biroz kamaydi. Haqiqatdan ham layoqatli boʻlgan yoshlar uchun kvotasiz ham oliygohga kirish imkoniyati paydo boʻldi. (Bungacha bilim birlamchi emas edi). Shuning uchun ham kvota qishloq bolasigacha yetib bormas edi. Milliy test markazi ochilish marosimida Prezident Emomali Rahmon taʼkidlaganidek, “yagona tizimlashtirilgan qabul yaratilishi bilan oliy maʼlumotga yetishishdagi tengsizlik va korrupsiya oradan koʻtarildi”. Ammo prezident kvotasi taqsimotidagi bu tengsizlik va adolatsizlik hozirgacha davom etib kelmoqda.

Taklifim

Prezident kvotasini har bir qishloqqa oʻsha yerdagi kadr tanqisligini hisobga olgan holda taqsimlash kerak. Aslida kvotaning tashkil etilish mohiyati ham shunda-ku!

Kadrlar tanqisligi va taqsimotidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prezident kvotasini samarali va adolatli amalga tatbiq etish zarur. Ayniqsa, aholining uchdan ikki qismi qishloqlarda yashaydigan Tojikiston sharoitida bu juda muhim.

***

Mening bolaligim oʻtgan qishloqda eng oxirgi vrach, allaqachon, nafaqa yoshida. Qishloqqa esa oxirgi 30-35 yilda yangi shifokor kelgani yoʻq. Demak, ahvol ogʻirlashib boryapti. Bir paytlar qirgʻizistonlik vrach ketib qolishini qishloq uchun fojia deb bilgan odamlar koʻnikib boryapti. Masʼullar masalaga panja orasidan qaraydi. Men oʻqigan maktabda bolalarga ximiya fanidan geografiya oʻqituvchisi dars beryapti. Bu oʻquvchilar talabot eng yuqori boʻlgan tibbiyot oliygohiga kira olmaydi. Ularga imtiyoz berish kerak.

Bolaligim qolib ketgan qishloqda oxirgi vrachlar ham oʻtib boryapti. Ximiyadan geografiya oʻqituvchisi dars beryapti!

 

Boʻlgan voqea:

I qism – ibtido

Toʻqsoninchi yillar, bolaligim oʻtgan chekka qishloqda bir shifokor vrachga odamlarning mehri boshqacha, ishonchi katta edi. Fuqarolar urushi ortidan taʼlim va tibbiyot juda nochor ahvolga tushib qolgach, haligi shifokor ota yurti – qoʻshni Qirgʻizistonga ketish taraddudiga tushdi. Yetti mingga yaqin qishloq ahli “bir yoqadan bosh chiqarib”, har bir kishi shu do’xtir uchun har oyi 10-20 diramdan mablagʻ ajratishga vaʼda berdi. Qishloq raisi shifokorga, istisno tarzida, sugʻoriladigan yerdan ikki hissa tomorqa ajratadigan boʻldi. Tasavvur qiling, butun boshli qishloq oʻz daromadining ozgina bir qismini qishloq do’xtiriga berish yoʻlida birlashdi. El ixlos qilgan shifokorni olib qoldi.

Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi…

II qism – intiho

Do’xtir baribir ketdi…

Oradan bir necha yillar oʻtib, do’xtir uy-joyini sotib, el ishonchini qoldirib, baribir oʻz yurtiga koʻchib ketdi. Balki unga ham ketish oson boʻlmagandir? Balki borgan yerida bizning qishloqdagidek obroʻ topmagandir?! Balki ketganiga afsus ham qilgandir?! Ammo ketganligi fakt va qaytib kelmadi. Men uni qoralamoqchi emasman. U oʻz ota yurtiga ketdi. Aytadiganim, oʻzimizning farzandlarimizdan shifokorlar tarbiyalashimiz kerak. Mahalliy kadrlar yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Bizda ajnabiy kadrlarni koʻnglini ovlaydigan pul ham, imkoniyat ham yoʻq!

Ozod Meliboyev, Tojikiston

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

June 2020
M T W T F S S
« Feb   Sep »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930