AQShda ko’pchilik yoshlar ota-onasidan alohida yashaydi. Biroq COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyat ularni ota-onalari bag’riga qaytargan. Bunday yirik ko’rsatkich 1930-yillarda yuz bergan inqiroz davridan beri qayd etilmagan.
18-29 yoshli qatlamning aksariyati pandemiya, ishxona va ta’lim muassasalarining yopilishi, karantin yoki ishsizlik tufayli uylariga qaytgan, deyiladi Pyu tadqiqot markazi hisobotida.
Eng yuqori ko’rsatkich iyul oyida qayd etilgan bo’lib, yoshlarning 52 foizi uyga qaytganini ma’lum qilgan. AQShda koronavirus pandemiyasi boshlangan fevral oyida 47 foiz yoshlar ota-onasi bilan yashayotgani qayd etilgan edi. Ushbu ma’lumot Pyu tadqiqot markazining Aholini ro’yxatga olish hisobotlari tahlilidan kelib chiqqan.
Yoshlarning 52 foizi 26,6 million kishiga teng. U barcha irqiy va etnik guruh, har ikki jins, shahar va qishloq aholisi vakillarini o’z ichiga oladi. Tadqiqot mualliflariga ko’ra, pandemiyadan eng ko’p zarar ko’rganlar 18-24 yoshdagi oq tanli yoshlar bo’lgan.
1929-yilda iqtisodiy inqiroz poyoniga yetar ekan, yoshlarning 48 foizi ota-onalarining uyiga qaytgan. Biroq o’n yilga yaqin davom etgan inqirozning ayrim davriga tegishli ma’lumotlar saqlanib qolmagan.
“Ishini yo’qotish yoki maoshining qisqarishidan boshqa guruhlarga qaraganda yoshlar eng ko’p zarar ko’rgan. 16-24 yosh oralig’idagi fuqarolar ichida ishsizlar va ta’lim olmayotganlar foizi fevral oyida 11 foizni tashkil etgan. Bu ko’rsatkich iyun oyida 28 foizga yetgan” deyiladi hisobotda.
Tadqiqot mualliflariga ko’ra, pandemiya tufayli uyga qaytgan yoshlarning 23 foizi ta’lim muassasi yopilganini, 18 foizi esa ishidan ayrilgani yoki boshqa moliyaviy muammolarni sabab qilib ko’rsatgan.
Mamlakatda asli osiyolik, qora tanli va Lotin Amerikasidan bo’lgan yoshlar oq tanli yoshlarga nisbatan ko’proq ota-onasi bilan istiqomat qiladi. Bu farq fevral oyidan beri sezilarli darajada qisqardi, deyiladi Pyu hisobotida.