O’zbekistonda qiynoqlar hanuz muntazam qo’llanadimi?

Posted June 19th, 2020 at 6:23 pm (UTC+0)
Leave a comment

Andijonda qiynoqlardan vafot etgan 32 yoshli Alijon Abdukarimov hodisasi qiynoq O’zbekistonda taqiqlangani, jinoyat sifatida toifalanganiga qaramasdan hamon tergov-surishtiruv o’tkazishda keng qo’llanayotganini fosh etgan.

Qiynoq jinoyatni fosh etuvchi idoralarning o’zi tomonidan qo’llanilar ekan, aybdorlar jazolanishi, umuman, aybdor tomonning o’zi bo’lishi haqiqatdan uzoqlashib boradi.

Marhum Abdukarimovning singlisi akasi bilan bog’liq ayanchli bu hodisani ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka havola etmay, huquq-tartibot idoralariga ariza kiritish bilan cheklanganda, bu fojia aybdorlarining hibs qilinishini, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, parlament va siyosiy partiyalardan bayonotlar bo’lishini kutish qiyin edi.

Qiynoq huquq-tartibot organlarining o’zi tomonidan sodir etilar ekan, qiynoq qurbonlari umidi adolat himoyachilariga emas, jamoatchilikka qaratiladi.

Ayniqsa, qiynoq jinoyatchilikka qarshi kurashish, tergov-surishtiruv o’tkazishning asosiy usullaridan biri sifatida qolayotgan, ammo buning uchun javobgarlikka tortish holatlari deyarli ma’lum emasligi inobatga olinsa, aholining qiynoqqa tutilish bo’yicha tegishli idoralarga murojaat qilmaslik qarori izohga muhtoj emasdek.

Alijon Abdukarimovning o’limi ortidan jamoatchilikda, rasmiy doiralarda  qiynoqlarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan munozaralar, taklif, mulohazalar avj oldi.

Ombudsman vakolatlarini oshirish zarurligi, prokuratura yetakchiligida tuzilayotgan qiynoqlarga qarshi kurash qo’mitasi faoliyatini jonlantirish, tegishli idoralar qoshida qiynoq qurbonlari uchun ishonch telefonlarini ishga tushirish (bu kabi ishonch telefonlari huquq-tartibot idoralarida, boshqa tegishli davlat organlarida anchadan buyon amaliyotda qo’llanib kelinadi) kabi mulohazalar bilan bir qatorda, ichki ishlar vazirini iste’foga chiqarish, vazirlikni tarqatib yuborish kabi keskin talablar ham olg’a surilgani kuzatildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarning yana bir uchi o’lim bilan yakunlangan navbatdagi qiynoqlarni qoralab, prokuraturaga murojaat bilan chiqqan Inson huquqlari bo’yicha milliy markazga, uning rahbari Akmal Saidovga qaratilganini ham ta’kidlab o’tish kerak.

Milliy markaz uzoq yillar davomida O’zbekistonda qiynoqlar mavjudligini inkor etib kelgan idora sifatida tanilgan; inson huquqlari tashkilotiga qaratilgan bu tanqidlar ko’proq aynan shu yaqin o’tmishga asoslangan deyish mumkin.

Navbatdagi o’lim holati bu borada misli ko‘rilmagan munosabat, munozara, takliflarni avj oldirganiga qaramasdan, O’zbekistonda qiynoqlar qo’llanilishiga barham beriladimi, degan savolga aniq javob yo’q.

Bu savolning noaniq qolayotgani qiynoqlarga qarshi kurash prezident farmonlari, qarorlari bilan rag’batlantirilgani, qonunchilikda, mamlakat Jinoyat kodeksida ham ifoda etilgani soyasida yanada mavhum ko’rinadi.

Qiynoqlarga qarshi kurash munozaralari soyasida qiynoq usulining amaliyotda qolayotganiga bevosita va bilvosita daxldor bo’lgan yana bir huquqiy institut – sud hokimiyati diqqatdan chetda qolgani kuzatiladi.

Qonunchilikda jinoyat-qidiruv ishida qiynoqlar vositasida olingan ko’rsatmalar sudda haqiqiy emas deb topilishi aniq belgilangan, ammo mahkamalarda himoyachilar, sudlanuvchilarning qiynoq ishlatilganiga doir da’volari inobatga olingani deyarli kuzatilmaydi.

Huquq himoyachilari kuch ishlatar idoralari tajribasida qiynoqlar jinoyatni tasdiqlashning asosiy vositasi sifatida qolishi sababini shunda, sudlarning tergov ko’rsatmalari  qanday usullarda olinayotganiga befarq ekanliklarida ko’rishadi.

Qiynoq inson sha’nini tahqirlovchi jinoyat turlaridan biri, dunyoning aksariyat davlatida, jumladan, O’zbekistonda ham insonni tahqirlovchi jinoyat sifatida talqin etilgan.

Shu bilan bir qatorda qiynoq repressiv davlatlarda nazorat siyosatining bir qismiga aylantirilishi ham mumkin, qiynoq shu maqsadda ishlatilgan taqdirda muntazamlik kasb etadi.

O’zbekiston marhum prezident Islom Karimov boshqaruvi davrida BMT ma’ruzachisi tomonidan qiynoqlar muntazam ishlatiluvchi dunyodagi kam sonli davlatlardan biri sifatida topilgan.

Mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan iqtidordagi hukumat inson huquqlariga doir vaziyatni yaxshilash, qiynoqlarga qarshi kurash maqsadida islohotlar boshladi. Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT inson huquqlari qo’mitasi bilan ham hamkorlikni yo’lga qo’ydi.

Ammo hozircha hukumatning bu harakatlari inson huquqlari, xususan, qiynoqlarga doir vaziyat bo’yicha jiddiy o’zgarishlarga olib borgani yo’q.

Malik Mansur

Paxta terimida yuz bergan noxush voqealar uchun javobgarlik bormi? (Video)

Posted November 14th, 2016 at 5:07 pm (UTC+0)
Leave a comment

98e13a3b-abf1-4e93-97c5-5b689f45a7cd_w987_r1_sAmaldagi qonunchilikka ko‘ra, har qanday huquqbuzarlikning sodir etilishi yuridik javobgarlik uchun asos bo‘ladi. Yuridik javobgarlikning 4 asosiy ko‘rinishi mavjud: jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqarolik-huquqiy.

Paxta dalalarida uchraydigan ayrim noxush voqealar uchun ham Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda qator moddalar keltirilgan.

Paxta dalasida sodir bo‘lgan noxush voqeaga aloqasi bo‘lgan har qanday jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan yuqorida sanab o‘tilgan Kodekslardagi  javobgarlik turlarining bittasi va/yoki bir nechtasi qo‘llanilishi mumkin. Javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan eng asosiy jismoniy va yuridik shaxslar doirasi va noxush voqealar yuz berganda jabrlanuvchi va jabrlanuvchining oilasi qanday ish tutishi va nimalarga e’tibor berishi lozimligi haqida quyidagi videoda bilib oling:

Avtomobil olishdagi qonunbuzarliklarga qarshi qanday kurashish kerak?

Posted August 9th, 2016 at 4:09 am (UTC+0)
Leave a comment

gm-uzbek13-e1467139371526-600x259

2016-yil aprel oyida GM Uzbekistan avtomobil shirkati Bosh direktori Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan katta mablag‘larni o‘zlashtirganlikda ayblanib, qamoqqa olingani hamda “O‘zavtosanoat” kompaniyasiga rahbarlik qilib kelayotgan Bosh vazir o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziqulov o‘z lavozimidan chetlatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

“GM-Uzbekistan” rahbarlaridan biri 667 ming AQSh dollarini noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.

Ajablanarli jihati yo’q, chunki O’zbekistonda avtomobil savdosidagi qonunbuzarliklar oldindan hammaga ma’lum edi:

  • O’zbek avtomobillari xalqqa xorijdagi mijozlarga qaragandan 20-50 %ga qimmat sotiladi.
  • Xohlagan avtobomilingizni o’z vaqtida “shapka”siz sotib olishning iloji yo’q.
  • Avtomobillar o’zbek so’mida sotilmaydi. AQSh dollariga esa O’zbekistonda konvertatsiya yo’q. Demak,
  • xalq “qora bozor”dan dollarni qimmatga sotib olib, so’ng plastik kartochkaga o’tkazishi va avtomobili chiqishini uzoq muddat kutishi kerak.

Qonunbuzarlik nimada?

  1. Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli (O’zbekiston Konstitutsiyasi, 36-modda).
  1. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi (O’zbekiston Konstitutsiyasi, 53-modda).
  1. Shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi (Iste’molchilar huquqlari to’g’risidagi qonun, 21-modda).
  1. Davlat iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi (Iste’molchilar huquqlari to’g’risidagi qonun, 23-modda).
  1. Pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyat hisoblanadi (Jinoyat Kodeksi, 211, 212, 213-moddalar).

Read the rest of this entry »

“Diplomimni berishmayapti, nima qilay?”

Posted May 9th, 2016 at 6:09 pm (UTC+0)
Leave a comment

file0001522837682-610x259Savol: Men bir oliygohni bakalavr yo’nalishini to’lov shartnoma (kontrakt) asosida o’qib bitirdim. Ammo shunday bo’lsa-da, diplomimning aslini ololganim yo’q. Diplomdan ko’chirma (ilova) oldim. Aslini olishim uchun esa «Bitiruvchining ish bilan bandligini o’rganish dalolatnomasi»ni to’ldirib kelishim shart ekan. Bu dalolatnomada esa, albatta, ishga joylashgan korxona muhri, ishga kirgan sana va buyruq soni, shuningdek, mehnat daftarchasi va jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi ochilganligi haqidagi ma’lumot va bandlikka ko’maklashuvchi markaz muhri hamda shu markaz vakilining imzosi bo’lishi lozim ekan.
Savolim quyidagicha:
1.Ushbu ko’rsatilgan amal qaysi qonunga asosan amalga oshirilayapti? Nega men kontrakt to’lab o’qigan bo’lsam ham diplomimning aslini ololmayman?
2. Dalolatnoma bo’yicha ishga olayotgan korxona esa diplom ilovasi bilan ishga olishi mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ- 92-sonli qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, oily va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, xalq ta’limi vazirligi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiining 2005-yil 7-iyuldagi 58,  154-1, 19 va 02/2658-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to’g’risida”gi  Nizomning 1-bandiga ko’ra, barcha ta’lim yo’nalishlari bo’yicha  davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006-o’quv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida  uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.

Mazkur nizomning 18-bandiga muvofiq, bitiruvchilar taqsimot bo’yicha uch yil ishlab berganlaridan so’ng unga oily ta’lim muassasasi tomonidan bir hafta muddat ichida mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi beriladi. Ya’ni, davlat granti asosida tahsil olgan talabalargina  majburiy  uch yil ishlab bermagunlaricha diplomlarining asl nusxasini oliy ta’lim muassasasidan talab qila olmaydilar. Bu qoida o’z hisobidan to’lov kontrakt asosida tahsil olgan talabalatga tadbiq etilmaydi. Read the rest of this entry »

Huquqlarni talab qilib namoyishga chiqish noqonuniymi?

Posted March 29th, 2016 at 5:10 pm (UTC+0)
Leave a comment

konstitutsiya

Savol: Aytingchi, qonunda o’z huquqini talab qilish uchun fuqarolar namoyish qilib chiqishi haqida nima deyilgan? Tanishlarimiz o’tgan hafta Namanganda bo’lgan voqeani aytib berishdi: Namanganning Irvadon va G’irvon qishloqlari tutashgan joyda markaziy liniyadan sanoqli boy kishilar faqat o’zlari uchun gaz quvurini ulamoqchi bo’lib turganda ( bu oldindan raygaz bilan kelishib puli to’lab qo’yilgan) qolgan uyi sovuq, gazi yonmayotgan aholidan 100 dan ortiq kishi gaz yo’qligidan shikoyat qilib, gaz berishini talab qilib chiqishgan. Shunda hokimiyat vakili ularni soat yettigacha uylaringizda gaz yonadi, degan va’da bilan tarqatib yuborgan. Lekin soat beshlarda namoyishda qatnashgan odamlar ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgan va ertasiga har biriga 600 ming so’m shtraf solib qo’yib yuborilgan. Olti kishini esa bu ishga boshchilik qilgani uchun qamab qo’yishgan. Ularning hammasiga davlat siyosatiga qarshi namoyish qilish aybi qo’yilgan. Bu qanchalik to’g’ri?

Javob: Namoyish ishtirokchilariga qarshi yuqorida tilga olingan va sodir etilgan xatti-harakatlar quyidagi sabablarga ko’ra noqonuniy hisoblanadi. Biz huquqlari toptalgan fuqarolarni zudlik bilan malakali advokat yollab, davlat mansabdor shaxslari va sud qarori ustidan shikoyat qilishga chaqiramiz.

Miting, yig’ilish va namoyish o’tkazish huquqi

Miting, yig’ilish, namoyish, ommaviy yurish, piket qilish kabi ommaviy tadbirlarni o’tkazish huquqi har bir fuqarolik jamiyati va demokratik davlatning ajralmas bo’lagidir. Mazkur huquq kishilarning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy qarashlarini ifoda etish uchun bir joyga to’planib, birgalikda harakat qilishi uchun zamin yaratadi. Ommaviy tadbirlarni o’tkazish huquqisiz hech qaysi demokratik jamiyat sog’lom faoliyat ko’rsata olmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega ekani belgilab qo’yilgan. Ammo ushbu huquqlarni samarali ro’yobga chiqarish kafolatlari va tartibi hali ishlab chiqilmagan. Natijada mazkur konstitutsiyaviy huquqdan foydalanishga jazm qilgan fuqarolar turli to’siq va muammolarga duch kelmoqda. Read the rest of this entry »

Fuqarolikdan mahrum qilish bo’yicha yangi qoidalar qanchalik qonuniy?

Posted March 9th, 2016 at 2:54 am (UTC+0)
1 comment

IMG_20150906_192136-1

2015-yil 10-avgust kuni “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi Qonunga (bundan keyin Fuqarolik to’g’risidagi Qonun) o’zgartish va qo’shimchalar bilan fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asosi kuchga kirdi. Yangi o’zgartirishlarga muvofiq, agar O’zbekiston fuqarosi xorijiy davlat foydasiga faoliyat ko’rsatish yoki osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazsa, fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin.[1]

Fuqarolikdan mahrum etish deb ma’lum bir shaxs fuqaroligining davlat organi tomonidan bekor qilinishiga aytiladi. Mazkur chora bugungi kunda, ko’pincha, terrorizmga qarshi chora sifatida ko’rilmoqda. Har qanday hukumat aholini terrorizm xurujidan himoya qilish uchun turli huquqiy choralar ko’rishi tabiiy hol. Ammo yangi qabul qilingan o’zgartirishlar maqsadga muvofiqmi? Ularni amalga oshirishda qanday huquqiy muammolar kelib chiqishi mumkin?

Fuqarolik tushunchasi va amaldagi qonunchilik

Fuqarolik tushunchasi zamirida ijtimoiy shartnoma nazariyasi yotadi.[2] Ijtimoiy shartnomaga ko’ra, fuqaro va davlat o’rtasidagi munosabatlar ma’lum huquq va majburiyatlar asosida quriladi. Bunda ikki tomon o’z zimmasiga bir qator majburiyatlarni oladi. Mana shu majburiyatlarni bajarish, o’z navbatida, ikki tomonga huquq, imtiyoz va vakolatlar beradi. Masalan, fuqaro davlat qonun-qoidalariga bo’ysunishni, soliq to’lashni, davlat boshqaruvida hokimiyat organlari orqali ishtirok etishni va vaziyat taqazo etganda, o’z mamlakatini himoya qilish uchun harbiy safarbarlikni o’z zimmasiga oladi. Davlat esa hokimiyat bo’linishi, qonun ustivorligi, fuqarolarning haq-huquqlari va xavfsizligi, davlat organi va xodimlari xalq manfaatlari uchun faoliyat yuritishini ta’minlash kabi majburiyatlarni oladi.

Konstitutsiya va qonunlar ijtimoiy shartnomani rasmiylashtiradi. Qonun-qoidalar turli ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida huquq va majburiyatlarni belgilaydi. Ushbu huquq va majburiyatlarni bajarish natijasida fuqaro va davlat o’rtasida o’ziga xos munosabatlar, bog’lanish, sadoqat paydo bo’ladi. Fuqaro o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganda davlat o’zining majburlov va huquq-tartibot organlari yordamida fuqaroga qarshi chora ko’radi. Masalan, fuqaro jinoyat (boshqa fuqarolarning qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish) sodir etganda, jabr ko’rgan kishi davlatning huquq-tartibot va sud organlari orqali himoya qilinishi kerak. Davlat tomonidan odil sudlov ta’minlanmaganda, fuqarolarning qonun ustuvorligi va davlat organlariga qarshi hurmati va ishonchi kamayib boradi. Read the rest of this entry »

Doimiy muddatga OVIR olish mumkinmi?

Posted February 12th, 2016 at 7:34 pm (UTC+0)
Leave a comment

OVIR-stikeri-e1358216257528

Savol: OVIR vizamning muddati tugaganiga 3 yildan oshdi. Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqanman, hali Turkiya fuqaroligiga o’tmadim. Keyingi yil O’zbekistonga borish niyatimiz bor. Kirishda OVİR so’ramasliklarini bilaman, lekin chiqishda yana bu vizani olgan bo’lishim shartmi? Har safar borganda yangi OVIR olmasdan, uni bir marta doimiy muddatga olish mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi qonuni 6-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan erkak yoki ayolning chet el fuqarosi bilan yoxud fuqaroligi bo’lmagan shaxs bilan nikohdan o’tishi, shuningdek, bunday nikohning bekor qilinishi er yoki xotinining fuqaroligi o’zgarishiga sabab bo’lmaydi. Demak, Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqan bo’lsangiz ham (agar o’z xohishingiz bilan O’zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishni so’rab murojaat qilmagan bo’lsangiz)  siz O’zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanasiz. Bundan kelib chiqadiki, sizning O’zbekiston Respublikasidan chel elga chiqishingiz hamda O’zbekistonga qaytib kirishingiz kabi masalalarda O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga qanday qoida qo’llanilsa, sizga nisbatan ham shunday qoidalar tatbiq etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining chel elga borishlari tartibi to’g’risida”gi 1995-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga 1-ilovaning II bo’lim, 1-bandiga ko’ra, chet elga bormoqchi bo’lgan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari belgilangan tartibda anketa-arizani to’ldirgan va O’zbekiston Respublikasi pasportini taqdim etgan holda yashash joylari bo’yicha ichki ishlar organlariga murojaat qiladilar. Ichki ishlar organlari fuqarolarning anketa-arizasini 15 kunlik muddatda ko’rib chiqadilar va uning pasportiga chel elga vaqtinchalik borish uchun ikki yil davomida amal qiladigan ruxsat berish yozuvi stikeri (OVIR) ni yopishtiradilar. Read the rest of this entry »

Mansabdor shaxslarning xorijga chiqishini belgilovchi tartib sud hokimiyati mustaqilligiga rahna soladimi?

Posted December 22nd, 2015 at 8:28 pm (UTC+0)
Leave a comment

2014-yil 5-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to’g’risida” Qaror qabul qildi. Mazkur qaror xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqmoqchi bo’lgan mansabdor shaxslar “maxsus kelishuv”dan keyingina safarga chiqishlari mumkinligini belgilaydi.

Ijro etuvchi hokimiyat tomonidan ishlab chiqilgan bu qoidalar mustaqil hokimiyat hisoblanuvchi qonun chiqaruvchi va sud tizimlari ishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Quyida shunga oid ayrim mulohazalarimizni bayon etamiz.

Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqishining yangi tartibi

Qarorga ko’ra, mansabdor shaxslar xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga “maxsus kelishuv” asosidagina chiqishlari mumkin. Maxsus kelishuvdan o’tishi kerak bo’lgan mansabdor shaxslar ro’yxati uch guruhga bo’lingan. Mazkur ro’yxatlar qarorga ilova shaklida keltirilgan.

Birinchi Ilovada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan, ikkinchi Ilovada Vazirlar Mahkamasi bilan va uchinchi Ilovada Prezidenti devonining tegishli xizmatlari bilan maxsus kelishuvga ega bo’lishi talab qilinadigan mansabdor shaxslar ro’yxati keltirilgan.

Mansabdor shaxslar tomonidan xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishning bunday tartibi “Davlat sirlarini saqlash to’g’risida”gi Qonun bilan asoslantiriladi. Mazkur qonunning 8-moddasida davlat siri yoki harbiy sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlayotgan yoki ishlagan fuqaroning o’zi yozma ravishda bergan roziligi bilan maxfiylik muddati tugagunga qadar, lekin ko’pi bilan besh yilga huquqlari cheklanishi mumkin. Qonunda davlat siri tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan:

“Davlat tomonidan qo’riqlanadigan va maxsus ro’yxatlar bilan chegaralab qo’yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o’zga xil ma’lumotlar”.

Qonun davlat sirlarini uch kategoriyaga bo’ladi: davlat, harbiy va xizmat sirlari (mazkur sirlar ta’rifi uchun Qonunning 3-moddasiga murojaat qiling). Read the rest of this entry »

Xorijda besh yil yashagan shaxs fuqaroligini yo’qotadimi?

Posted October 10th, 2015 at 7:02 pm (UTC+0)
Leave a comment

UZB-Passport

Savol: Yaqinda odamlar orasida chet elga chiqib ketgan va 5 yil davomida O’zbekistonga biror marta kelmagan odamlarning fuqaroliklari olib qo’yilarmish degan gap tarqaldi. Albatta, bu gaplar asossiz mish-mish bo’lsa kerak deb o’ylayman. Lekin umuman olganda, uzoq vaqt chet elda yurgan fuqarolar uchun biror xavf bormi?

Javob: “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g’risida”gi Qonunining 21-moddasida fuqarolikni yo’qotish holatlari haqida yozilgan bo’lib, unga ko’ra, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi boy beriladi:

1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

3) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa.

Agar shaxs chet davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar etkazgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotilishi mumkin.

Yuqoridagi holatlarda fuqarolik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoniga binoan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Nizomning IV bo’limiga ko’ra, agar chet elda doimiy yashovchi shaxs 5 yil mobaynida uzrli sabablarsiz konsullik muassasalarida fuqarolik hisobidan o‘tmagan bo’lsa, konsullik muassasalari bu haqda Tashqi ishlar vazirligiga ma’lumot yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z xulosasi bilan bu materiallarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun taklif kiritadi. Read the rest of this entry »

Rad etilgan OVIR vizasi ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

Posted August 29th, 2015 at 7:11 pm (UTC+0)
2 comments

Savol: Shahar OVIRidan stiker olish to‘g‘risidagi arizamga rasman rad javobini oldim. Rasmiy javobda shunday yozilgan: «Tekshiruv yakuni bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvar kunidagi 8-sonli qarori 3-bo‘limi talablariga asosan Sizning xorijiy davlatlarga chiqishingiz maqsadga muvofiq emasligi to’g’risida ma’lum qilamiz».

Sizlardan shu ish yuzasidan maslahat olmoqchi edim. OVIRdagi xodimlar bu qaror ustidan hech qayerga shikoyat qila olmasligim, sudga murojaatlarim ham natija bermasligini aytib, hafsalamni pir qilmoqchi bo‘ldilar.

Iltimos, menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, nima qilishim lozimligi borasida maslahat bersangiz.

Javob: Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-son qaroriga 1-ilova “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi tartibi” bo’lib, uning III bo’limidan chet elga borish huquqiga qo’yilgan cheklovlar o’rin olgan.

Unga ko’ra, quyidagi sabablar chet elga borish huquqini cheklash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin:

a) agar shaxs davlat siri hisoblangan ma’lumotlardan voqif bo‘lsa yoki uning chet elga borishiga monelik qiluvchi boshqa shartnoma, kontrakt majburiyatlari amalda bo‘lsa — bu holatlarning amal qilishi tugagunga qadar;

b) agar shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingunga qadar;

v) agar shaxs sudning hukmi bilan alohida xavfli retsidivist deb tan olingan yoki ichki ishlar organlarining ma’muriy nazorati ostida bo‘lsa — sudlanganlik bekor qilinmagun (olib tashlanmagun)ga qadar yoki nazorat qilish to‘xtatilgungacha;

g) agar shaxsda sud tomonidan yuklangan ijro etilmagan majburiyatlar bo‘lsa — majburiyatlar ijro etilgunga qadar;

d) agar shaxs o‘zi to‘g‘risida qasddan soxta ma’lumotlarni bergan bo‘lsa;

e) agar sudda shaxsga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — ish ko‘rib chiqilgunga qadar;

j) agar shaxs chaqiriq uchastkasida ro‘yxatga olingan va haqiqiy muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi kerak bo‘lsa — haqiqiy muddatli xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi zaxirasidagi xizmatni o‘tagunga qadar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq undan ozod qilingunga qadar;

z) agar shaxsga nisbatan Ichki ishlar vazirligida yoki Tashqi ishlar vazirligida vakolatli organlarning ushbu shaxsning chet elda bo‘lgan vaqtda kelgan mamlakati qonunlarini buzganligi (qonun buzilishlari ro‘yxati tegishli organlar tomonidan belgilanadi) to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek, borishi maqsadga muvofiq emasligini ko‘rsatadigan axboroti mavjud bo‘lsa — axborot hisobga olingan kundan boshlab ikki yil o‘tgunga qadar.

Chet elga chiqish huquqini cheklash uchun asoslar ro‘yxatiga kengaytirilgan izoh berilmaydi. 

Chet elga borish huquqi rad etilganda, uning ustidan shikoyat qilish mumkin

Ushbu Tartibning III bo‘limida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha chet elga borishga ruxsat berishning rad etilishi, javob berishning belgilangan muddatdan ortiqcha kechiktirilishi ustidan fuqaro yuqori turuvchi organga shikoyat qilishi mumkin. Agar OVIR vizasini olish uchun topshirilgan ariza viloyat IIBning xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo’limi tomonidan rad etilgan bo’lsa, ayni idoraning Respublika boshqarmasiga shikoyat qilish mumkin. Shikoyatga bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida javob berilishi kerak. Fuqaro yuqori organ chiqargan qarordan ham norozi bo‘lsa, sudga shikoyat qilishi mumkin.

Mazkur Tartib III bo‘limining yuqorida tilga olingan “a”, “b”, “j” va “z” bandlarida ko‘rsatilgan sabablar bo‘yicha chet elga borish huquqini cheklash haqida chiqarilgan qaror ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas. Lekin o’zingizni mazkur bandlar asosida noto’g’ri malakalangan deb hisoblasangiz, arizangizda shu narsani ko’rsatgan holda shikoyat qilishingiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.

Demak, O’zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketish shaxsning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi. OVIR vizasi uchun arizangizga rad javobi berilganda, yuqoridagi Tartib III bo’limining qaysi bandiga asosan sizga rad javobi berilganligini bilish huquqiga egasiz. Agar sizga berilgan rad javobida bu haqda aytilmagan bo’lsa, rad javobini bergan ichki ishlar xodimlaridan buni so’rab bilishingiz lozim. Yuqorida aytilganidek, OVIR vizasiga arizangiz Tartib  III bo’limining “a”, “b”, “j” va “z” bandlaridan boshqa bandlariga ko’ra rad etilgan bo’lsa, va siz ularni asossiz deb hisoblasangiz, albatta, yuqori turuvchi organ, ya’ni viloyat/respublika Ichki Ishlar boshqarmasi/vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi xorijga chiqish, kelish va fuqarolik boshqarmasi”ga arizangiz rad etilganligi ustidan shikoyat qilishingiz mumkin. Tartibda aytilganidek, ushbu yuqori turuvchi organlar shikoyatingizni bir oydan ko’p bo’lmagan muddatda ko’rib chiqib sizga javob berishi kerak. Yuqori turuvchi organ qaroridan ham nozori bo’lsangiz yoki shikoyatingizni tegishli muddat ichida ko’rib sizga javob berishmasa, ular ustidan sudga shikoyat qilishingiz mumkin. O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik protesssual kodeksining 145-moddasiga asosan, tashkilotlarga nisbatan ariza ularning organlari joylashgan hududdagi sudga beriladi. Demak, shikoyatingizni siz faoliyatidan norozi bo’lgan organ joylashgan tumandagi fuqarolik sudlariga berishingiz kerak.

Eslatib o’tamiz, shikoyatingizda uni asoslaydigan sabablar va dalillarni keltirishingiz o’zingiz uchun foyda. Shuningdek, har bir shikoyatingizni ikki nusxada yozib, tegishli organga borgach, ular shikoyatingizni qabul qilganligi to’g’risida ikkinchi nusxaga tegishli organning imzo va muhrini qo’ydirib, o’sha kungi sanani ham yozdirib oling. Shikoyatni qabul qilgan organlar tegishli choralar ko’rmasa,  ushbu nuxsa sizning shikoyat qilganligingiz uchun dalil bo’lib xizmat qiladi.

Shuningdek, arizangizga rad javobini Tartibning  III bo’limi “z” bandi bilan asoslashsa, unda siz haqingizda shunday axborot qaysi sanada hisobga olinganligini bilish huquqiga egasiz. Buni rad javobini bergan organ yoki yuqori turuvchi organ yoxud, agar ishingiz sudgacha yetib borsa, suddan bu haqda axborot berishini talab qilishingiz mumkin. “Z” bandga ko’ra, siz haqingizda shunday axborot hisobga olingan sanadan boshlab ikki yil o’tgach, agar boshqa sabablar bo’lmasa,  sizning xorijga chiqish huquqingizni cheklashlari mumkin emas.

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

December 2024
M T W T F S S
« Jun    
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031