Savol: Kontrakt asosida o’qiyotgan talabalar soliq to’lashdan ozod etiladimi? Ularning ota-onalarichi? Qonunchilikda bu haqda nimalar deyilgan?
Javob:
(Audio: Talabalar uchun soliq imtiyozi)
O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 170-moddasida soliq solinadigan baza haqida norma belgilangan bo’lib,
“Soliq solinadigan baza jami daromaddan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 179 va 180-moddalariga muvofiq soliq solishdan ozod qilingan daromadlar chegirilgan holda aniqlanadi”, deyilgan.
179-moddada jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari ro’yxati keltirilgan. Uning 31-bandi quyidagicha ifodalanadi:
“31) fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining:
O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim olish uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun) yo‘naltiriladigan summalari.”
Demak, amaldagi Soliq kodeksi 179-moddasining 31-bandiga binoan jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarda ta‘lim olishi uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarning o‘qishi uchun) yo‘naltirilgan summalari hisoblangan daromadlariga soliq solinmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining 2010-yil 24-mart qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish uchun yo’naltiriladigan mablag’larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyozni qo’llash tartibi to’g’risidagi” nizomga binoan 2010-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta‘lim olishga (o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshga to’lmagan farzandlarining ta‘lim olishi uchun) yo’naltiriladigan summalariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinmaydi.
Ushbu Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyoz jismoniy shaxslarning soliq solinadigan daromadlarini O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshgacha bo’lgan o’z farzandlarining o’qishi uchun yo’naltiriladigan summalariga (keyingi o’rinlarda o’qish uchun to’lov deb yuritiladi) kamaytirish (keyingi o’rinlarda soliq chegirmasi deb yuritiladi) ko’rinishida beriladi.
Jismoniy shaxslarga soliq chegirmasi o’qish uchun to’lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:
— o’z mablag’lari;
— jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;
— yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag’lari (ssudalar).
— o’zining o’qishi yoki o’z farzandlarining o’qishi uchun to’langanda soliq chegirmasi jismoniy shaxs — ta‘lim oluvchiga, shuningdek, agar o’qish uchun to’lov ta’lim oluvchi yigirma olti yoshga to’lguniga qadar amalga oshirilgan bґo’sa, uning ota-onalariga beriladi.
To’lov manbaida soliq chegirmasini taqdim etish tartibi
To’lov manbaida soliq chegirmasi ta’lim uchun to’lov quyidagilar hisobiga amalga oshirilganda taqdim etiladi:
— to’langan summalarni jismoniy shaxsning soliq solinadigan daromadlaridan keyinchalik ushlab qolish sharti bilan berilgan ish beruvchining mablag’lari;
— O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtiga yoki tijorat bankiga olingan ta‘lim kreditini qoplash evaziga ish beruvchi tomonidan o’tkazib beriladigan jismoniy shaxsning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari.
Jismoniy shaxslar soliq chegirmasini olish uchun ish beruvchiga daromadlarini o’qish uchun to’lovga (kreditni qoplashga) o’tkazish to’g’risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
— talaba (talabalar) bilan O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurti o’rtasida to’lovli-kontrakt asosida o’itish to’g’risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
— tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;
— ta‘lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) pasporti va (yoki) tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasi nusxasi.
Ushbu Nizomning 11-bandida ko’rsatilgan hujjatlarning taqdim etilishi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lov manbaida ushlab qolmaslik uchun asos bo’ladi.
To’lov manbaida soliq chegirmasi qo’llanilganda jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiya taqdim etilishi talab qilinmaydi, O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.