Pore bergan odam ham javobgarlikka tortiladimi?

Posted October 14th, 2013 at 2:41 pm (UTC+0)
1 comment

Savol: Men Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ishga kirish uchun hujjat topshirgandim. Mendan 12 ming AQSh dollari so’rashdi. Men bu pulni berdim, berganim to’g’risida dalilim bor: yashirincha syomka qildim. Hali hamon ishsiz yuribman. 3 yil bo’ldi. Men kimga va qayerga murojaat qilishim kerak? Bunday holatda qanday ish tutishim kerak?

 Javob: Avvalambor, Milliy Xavfsizlik Xizmatiga ishga kirish uchun pul to’lanmaydi. Demak, sizdan 12 ming AQSh dollari so’rashgan va olgan bo’lishsa va bu harakat ishga olishga vakolatli shaxs tomonidan amalga oshirilgan bo’lsa, bu xatti-harakat O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi bilan, mas’ul mansabdor shaxs tomonidan pora olish deb baholanishi lozim. Agarda ishga olishga vakolatli bo’lmagan shaxs tomonidan ushbu jinoiy qilmish amalga oshirilgan bo’lsa, bu shaxsning jinoiy qilmishi  pora olish-berishda vositachilik qilish sifatida O’z. Res. JKning 212-moddasi 3-qismining tegishli bandlari bilan yoki firibgarlik – aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo’li bilan o’zganing mulkini qo’lga kiritish sifatida JKning 168-moddasi bilan tavsiflanishi mumkin.

Oradan uch yil vaqt o’tgan

“3 yil bo’ldi” degan holat bo’yicha shuni aytish lozimki, aslida poraxo’rlik boshqaruv organlari faoliyati tartibiga qarshi qaratilgan uch mustaqil mansab jinoyatlarini – pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilishni o’z ichiga oladi. JKning 211-m., 4-q.da pora beruvchini jinoiy javobgarlikdan ozod qilishning ikki asosi mavjud: birinchidan, shaxsga nisbatan pora so’rab tovlamachilik qilingan bo’lsa; ikkinchidan, bu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o’z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko’ngildan pushaymon bo’lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo’lsa. Ushbu holatlardan biri aniqlansa, pora bergan tomon javobgarlikdan ozod etilishi shart. Bunda ixtiyoriy xabar berish motivi va pora bergandan keyin o’tgan vaqt ahamiyatga ega emas (Qarang: O’z. Res. JKga sharhlar. Maxsus qism. 531-bet. Toshkent – “ILM ZIYO”- 2006).

Qayerga shikoyat qilish kerak?

Bu kabi jinoyatlar sodir etilganda, O’zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish vazifasi hisoblangan O’z. Res. Bosh prokuroriga, tegishliligi bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuroriga, viloyat yoki shahar prokuroriga o’zingiz  ariza bilan dalillaringizni ilova qilgan holda murojaat qilishingiz mumkin. Bu ishda advokat yordamidan foydalanishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi. (Qarang: “Prokuratura to’g’risida”gi Qonun).

Videotasvir dalil sifatida o’tadimi?

Pora berish jarayonini video yozuvga tushirib olganingiz dalil sifatida o’tadi. Faqat u qonun talablariga rioya qilingan holda, ya’ni u tegishli sub’yekt – dalilni olish bilan bog’liq bo’lgan protsessual harakatlarni o’tkazishga vakolatli mansabdor shaxs – surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan olingan bo’lsa, uni olish bilan bog’liq protsessual harakatni o’tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya qilingan bo’lsa.

O’z. Res. Oliy sudining 2004-yil 24-sentabrdagi “Dalillarning maqbulligiga oid jinoyat protsessual qonun normalarini qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi Plenum qarorida bu masalalar batafsil bayon qilingan bo’lib, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonunni aniq bajarishdan va unga rioya qilishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko’ra yuz berganligidan qat’i nazar, shu yo’l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi. Mazkur holat bo’yicha mavjud voqeani videotasvirga olishning, albatta, uchinchi shaxs ko’magida amalga oshirilganligini ham e’tiborga olib, tergovchi, prokuror va sud uni ish bo’yicha to’plangan boshqa dalillar bilan solishtirib, jinoyat ishi bo’yicha dalil sifatida ishga qo’shish mumkinligini muhokama qilishi lozim bo’ladi.

Bu jinoyatni isbotlash uchun yana qanday dalillar taqdim qilinishi lozimligiga kelsak, jabrlanuvchining ko’rsatuvi, videotasvirga olgan va boshqa guvohlarning ko’rsatuvlari ham taqdim qilinishi mumkin.

One response to “Pore bergan odam ham javobgarlikka tortiladimi?”

  1. mahliyo says:

    salom. turkiya stabul shahrida fuqorolik posportimi yoqoti. mahalli palitsaga habar berdishdi. 2 oy boldi topilmayapti. 3 oy yashsh uchun qildirgan dakument bilan yurgan fuqoro .chet elda posportini yoqotgan shahslar. ozbekistonga qoyishmayapti? nima qilsa boladi. javob uchun oldindan rahmat.

Leave a Reply to mahliyo Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

October 2013
M T W T F S S
« Sep   Nov »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031