Xizmat safari xarajatlari uchun to’lovlar qanday beriladi?

Posted March 3rd, 2014 at 12:46 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlariga O’zbekiston Respublikasi ichida xizmat safari xarajatlari uchun beriladigan mablag’lar haqida ma’lumot bersangiz.

AUDIO:

 

Javob: O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 171-moddasiga asosan, xizmat safari va ko‘chib yurish bilan bog‘liq ishlarda xodimlar uchun quyidagilar to‘lanishi lozim:

  • yo‘l kira xarajatlari;
  • doimiy turar joyidan boshqa joyda yashash, shu jumladan, uy-joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar;
  • xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Ichkarisidagi Xizmat Safarlari To‘g‘risida Yo‘riqnoma”ga ko’ra, xizmat safariga xodim tashkilot rahbarining farmoyishiga asosan jo’natiladi va xodimning xizmat safari 40 kundan oshmasligi lozim. Agar xodim dam olish kuni yoki bayram kunlarida xizmat safariga jo’natilsa qonunda belgilangan tartibda kompensatsiya puli to’lanadi. Agar xodim dam olish kunlari ma’muriyatning farmoyishiga asosan xizmat safariga jo’natilsa, xizmat safaridan qaytgandan keyin belgilangan tartibda dam olish kuni berilishi lozim.

Yo’riqnomaning 9-bandiga asosan, xodimga xizmat safarida turar joy uchun ijara haqi, xizmat safariga borish-kelish uchun saraflangan yo’lkira xarajati va kunlik to’lovlari to’lanishi belgilab qo’yilgan. Xizmat safari bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlar (telefon so’zlashuvlari, telegraf xarajatlar va uchun to’lov xarajatlarni tasdiqlovchi hujjat taqdim qilingandan keyin xodimga to’lanadi. Xizmat safariga borish-kelish uchun yo’l kira to’lovlari quyidagi tartibda belgilanadi:

– Jamoat transportining barcha turi uchun yo’l kira haqi, yo’lovchi taksilari bundan mustasno;

– Yo’lovchilarning transportdan foydalanish uchun majburiy davlat sug’urta to’lovlari;

– Samolyot va poezd uchun oldindan joy bronlash, yo’lkira hujjatlarini oldindan sotish uchun ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovlar. Xodim yuqoridagi xizmat ko’rsatilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi lozim;

– Aholi yashash punktidan chetda joylashgan bekatga, aeroportga va pristanga borish uchun foydalanilgan jamoat transporti uchun yo’l kira haqi.Tansportning kech kelishi yoki jamoat transporti bo’lmasligi kabi mustasno holatlarda tashkilot rahbariyati xodimga yo’lovchi taksilaridan foydalanishga ruxsat berishi mumkin.

Agar xodimda yo’l kira xarajatlarini tasdiqlovchi hujjat bo’lmasa, har bir aniq holat uchun xodimga yo’l kira xarajatini qoplashni hal qilish masalasi tashkilot rahbariyati tomonidan hal qilinadi. Ushbu holatda yo’l kira to’lovi xizmat safariga jo’natilgan joydagi temir yo’l punkti uchun to’lanadigan yo’l kira haqidan oshib ketmasligi lozim. Shuningdek, yo’lovchilar aviaqatnov tarifining 30 foizidan ortiq bo’lmasligi kerak.

Xodimning xizmat safaridagi kunlik xarajatlari xodimning xizmat safari joyiga yetib kelgan vaqtdan boshlab jamoat shartnomasi, jamoa kelishuvi va mehnat shartnomasidan kelib chiqqan holda belgilanadi, lekin quyidagi miqdordan kam bo’lmasligi lozim (eng kam oylik ish haqi koeffisienti asosida).

  • Toshkent shahri – viloyat markazlari shaharlarida – 0,1
  • Boshqa shaharlarda va aholi yashash punktlarida – 0,08

Yuqorida ko’rstailgan kunlik xarajat tasdiqlovchi hujjatlarsiz to’lanadi.

Turar joy uchun ijara to’lovi xodimning xizmat safari joyiga yetib kelgan kundan va jo’nab ketgan kun uchun turar joyda ijarda yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan keyin to’lanadi (lyuks xonalar bundan mustasno). Ijara to’lovi mehmonxonalarda ko’rsatilgan qo’shimcha xizmatlar (joyni bronlash, dazmoldan, televizordan, muzlatgichdan, idish-tavoqdan, telefondan, buyumlarni saqlash kamerasidan foydalanish) to’lovlarini ham o’z ichiga oladi. Agar xodim lyuks xonadan foydalanganligi to’g’risidagi hujjatni taqdim qilsa, shu xonaning narxidan kelib chiqqan holda 70 foizi to’lanadi. Xodim turar joy ijarasi uchun sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qila olmasa, to’lovlar belgilangan tartibda eng kam oylik ish haqining 2 foizi miqdorida to’lanadi.

Shuningdek, mustasno tariqasida havo, temiryo’l, suv va jamoat transportida bagajlar uchun sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinsa, ushbu xarajat uchun ham mablag to’lanadi. Xizmat safariga jo’natilgan xodim o’zining doimiy yashash joyiga har kuni kelish imkoni bo’lsa, kunlik xarajatlar uchun mablag’ to’lanmaydi.

Xodim xizmat safari davomida vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz holatda bo’lsa, unga ikki oydan oshmagan holda, turar joy uchun ijara haqi beriladi (statsionar da’volanishdan tashqari), shuningdek, xodimning sog’ligi unga yuklatilgan vazifani bajara olishga to’sqinlik qilsa yoki o’zining doimiy yashash turar joyiga qaytishning iloji bo’lmasa kundalik xarajatlar uchun mablag’ to’lanadi. Xodimga xizmat safariga jo’nashdan oldin unga turar joy uchun ijara to’lovi, borish kelish uchun yo’l haqi va kunlik xarajatlar uchun avans beriladi. Xodim xizmat safaridan qaytgandan keyin 3 kun ichida sarf qilingan avans hisobotini berish shart. Avans hisobotiga haqiqatda sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilishi lozim.

O’zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 171-moddasining 7-bandiga asosan, safar xarajatlari uchun to’langan to’lovlar shaxsning jami daromadlariga kiritilib, ulardan daromad solig’i undiriladi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasida bank xodimlarining xizmat safari xarajatlarini to’lash bo’yicha alohida tartib-qoida belgilangan. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining “O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma”ning 4-bo’lim 5-paragraf 109-bandiga asosan, xizmat safari xarajatlariga ish haqi hisobidan bo‘naklar (avans-tahr.) berish taqiqlanadi.

Xizmat safari xarajatlari uchun bo‘naklar xizmat safariga jo‘natilayotgan xodimning shaxsan o‘ziga beriladi. Xizmat safari xarajatlari uchun bo‘naklarning hammasini guruhlar (brigadalar) rahbarlariga berish taqiqlanadi. Xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun hisobdorlik asosidagi mablag‘lar xizmat safariga boradigan shaxslarga xizmat safari joyiga yetib borish va qaytib kelish qiymatini, kundalik xarajatlarni hamda turar joy xarajatlarini qoplaydigan summalar chegarasida beriladi.

Hisobdorlik asosida pul olgan har bir bank xodimi o‘zi olgan bo‘nakni qanday sarflagani to‘g‘risida bo‘nak hisoboti topshirishi, unga xo‘jalik xarajatlari bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilishi shart. Bu hisobot bo‘nak olinganidan keyin ko‘pi bilan 3 kun ichida, xizmat safari xarajatlari bo‘yicha esa safardan qaytilganidan so‘ng uzog‘i bilan 3 kun ichida topshirilishi zarur. Hisobdorlik asosida berilgan mablag‘larning sarflanmagan qoldiqlari topshiriq bajarilganidan yoki xizmat safaridan qaytilganidan keyin bank kassasiga topshirilishi lozim. Agar topshiriq bekor qilinsa, uni bajarish uchun hisobdorlik asosida berilgan bo‘nak summasi darhol qaytarilishi kerak.

O’zbekiston Respublikasidan tashqarida xizmat safari uchun to’lanadigan mablag’lar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 5-iyunda 932-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi xizmat safari xarajatlari uchun mablag‘lar berish Tartibi” bilan amalga oshiriladi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

March 2014
M T W T F S S
« Feb   May »
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31