Savol: Mening otam yaqinda olamdan o’tdi. Ishxonada yaqin kishisi olamdan o’tsa beriladigan pulni menga berishmadi. Bu pul o’zi kimlarga, qanday holatda beriladi?
Javob: “Dafn etishga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida” Nizomga ko’ra, nafaqa marhumning eriga (xotiniga), ota-onasiga, farzandlariga va boshqa qarindoshlariga yoki marhumning qonuniy vakiliga, bunday shaxs bo‘lmagan taqdirda esa — dafnni amalga oshirish majburiyatini zimmasiga olgan boshqa shaxsga tayinlanadi va to‘lanadi.
Nafaqa:
a) davlat pensiyasi oluvchi pensioner;
b) davlat ijtimoiy nafaqasi oluvchi fuqaro;
v) xodim yoki uning qaramog‘idagi oila a’zosi;
g) bola hayotining birinchi haftasi mobaynida vafot etganda yoki o‘lik bola tug‘ilganda (perinatal o‘lim);
d) ish bilan band bo‘lgan yoki band bo‘lmagan shaxs, fuqarolarning ayrim toifalariga tegishli bo‘lgan shaxs yoki bola vafot etgan taqdirda tayinlanadi.
Nafaqa miqdori o‘lim sodir bo‘lgan kundagi marhumning pensiyasi yoki belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi. Xodim yoki uning qaramog‘idagi oila a’zosi vafot etgan taqdirda nafaqa uni tayinlagan tashkilot tomonidan to‘lanadi, keyinchalik ko‘rsatib o‘tilgan sarf-xarajatlar qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
Tashkilot tomonidan nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi
Xodim yoki uning qaramog‘idagi oila a’zosi vafot etgan taqdirda nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi ariza tashkilot ma’muriyatiga beriladi. Marhumni dafn etish majburiyatini zimmasiga olgan shaxs tomonidan quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda berilgan ariza nafaqa tayinlash uchun asos hisoblanadi:
a) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda FHDYo organi tomonidan berilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi va o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomaning asl nusxasi;
b) xodimning qaramog‘idagi oila a’zosi vafot etgan taqdirda — fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi yoki marhumning xodim bilan qarindoshligi darajasini tasdiqlaydigan hujjat (tug‘ilish haqidagi guvohnoma, nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqalar);
v) ariza beruvchi pasportining nusxasi.
Nafaqa barcha zarur hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda murojaat qilingan kunda tayinlanadi. Nafaqa tayinlash to‘g‘risidagi arizani qabul qilish quyidagi hollarda rad etiladi:
- xodimning yoki uning qaramog‘idagi oila a’zosining vafotidan 6 oy o‘tgandan keyin murojaat qilinganda;
- ushbu Nizomning 31-bandida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlar taqdim etilmaganda.
Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda korxona rad etish sabablarini va qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibini ko‘rsatgan, ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan barcha hujjatlarning asl nusxalarini ilova qilgan holda bildirishnomani ariza beruvchining qo‘liga beradi yoki unga pochta orqali yuboradi.
Nafaqa tayinlash yoki nafaqa tayinlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan ariza beruvchi bevosita sudga yoki Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘limiga yoxud, mavjud bo‘lsa, yuqori organiga shikoyat qilishi mumkin.
Tashkilot tomonidan nafaqa vedomost va ariza beruvchining pasporti asosida naqd pul mablag‘lari bilan to‘lanadi. Bir necha shaxs murojaat qilgan taqdirda ularga tegishli bo‘lgan nafaqa summasi ular o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan summa nafaqa yuzasidan nafaqa oluvchi marhumning vafotidan keyin 6 oydan kechikmay murojaat qilingan taqdirda to‘lanadi.