Xorijda besh yil yashagan shaxs fuqaroligini yo’qotadimi?

Posted October 10th, 2015 at 7:02 pm (UTC+0)
Leave a comment

UZB-Passport

Savol: Yaqinda odamlar orasida chet elga chiqib ketgan va 5 yil davomida O’zbekistonga biror marta kelmagan odamlarning fuqaroliklari olib qo’yilarmish degan gap tarqaldi. Albatta, bu gaplar asossiz mish-mish bo’lsa kerak deb o’ylayman. Lekin umuman olganda, uzoq vaqt chet elda yurgan fuqarolar uchun biror xavf bormi?

Javob: “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g’risida”gi Qonunining 21-moddasida fuqarolikni yo’qotish holatlari haqida yozilgan bo’lib, unga ko’ra, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi boy beriladi:

1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

3) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa.

Agar shaxs chet davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar etkazgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotilishi mumkin.

Yuqoridagi holatlarda fuqarolik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 20-noyabrdagi Farmoniga binoan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida Nizomning IV bo’limiga ko’ra, agar chet elda doimiy yashovchi shaxs 5 yil mobaynida uzrli sabablarsiz konsullik muassasalarida fuqarolik hisobidan o‘tmagan bo’lsa, konsullik muassasalari bu haqda Tashqi ishlar vazirligiga ma’lumot yuboradi. Tashqi ishlar vazirligi o‘z xulosasi bilan bu materiallarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboradi. Komissiya taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti qaror qabul qilishi uchun taklif kiritadi.

Shu yerda bir savol tug’iladi: Agar fuqaro chet elda konsullik ro’yxatidan o’tmagan bo’lsa, konsullik bu shaxs haqidagi ma’lumotlarni qayerdan oladi, qaysi materiallarni komissiyaga yuboradi? Bu savollarga Nizomda javob berilmagan.

5 yillik muddat to‘g‘risidagi qoida 16 yoshga yetmagan shaxslarga taalluqli emas. Konsullik muassasasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘z vaqtida konsullik hisobidan o‘tmaganligi sabablari uzrli yoki uzrli emasligini vaziyatga qarab mustaqil baholaydi.

Demak, fuqarolikning to’xtatilishi uchun quyidagi uch sabab bo’lishi kerak:

  1. Chet elda doimiy yashovchi shaxs bo’lishi (“PMJ”ga ega bo’lish, “Permanent Resident” bo’lish);
  2. Chet elda  doimiy yashovchi shaxs sifatida 5 yildan ortiq yashagan bo’lishi;
  3. Chet elda doimiy yashovchi shaxs sifatida 5 yildan ortiq yashash davomida o’sha davlatdagi O’zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasasida ro’yxatdan o’tmagan bo’lishi.

5 yildan ortiq chet elda bo’lgan va uzrsiz sabablarga ko’ra konsullik muassasasida ro’yxatdan o’tmagan O’zbekiston fuqarolarining ishi fuqarolikdan mahrum qilish masalasi ko’rib chiqilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari Komissiyasiga yuboriladi. Agar prezident fuqarolikni bekor qilish haqida qaror qabul qilsa, shaxsning fuqaroligi to’xtatiladi.

Ammo Nizom IV bo’limi 4-bandi mujmal va tushunarsiz bo’lib, unga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum bo‘lish to‘g‘risidagi masala shaxsga buning sabablari va vaziyatlari to‘g‘risida ma’lum qilingandan keyingina ko‘rib chiqilishi mumkin. Uni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum qilish to‘g‘risidagi qaror ana shu sabab va vaziyatlarga asoslanib qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum bo‘lish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni chiqqan kundan boshlab haqiqiy hisoblanadi.

Ushbu banddan tushunishimiz mumkinki, fuqarolikdan chiqarish masalasi shaxsga buning sabablari va vaziyatlari to’g’risida ma’lum qilingandan keyin ko’rib chiqiladi.

Demak, sizga fuqarolikdan chiqarilishingiz mumkinligi to’g’risida xabar yuborilmaguncha va buning sabablari va vaziyatlari tushuntirilmaguncha, fuqarolikni yo’qotish to’g’risida xavotirlanmasangiz bo’ladi. Ammo barcha xorijda yurgan fuqarolarga O’zbekiston elchixonasi yoki konsullik muassasalarida ro’yxatdan o’tishni tavsiya qilamiz.

Agar O’zbekistondagi fuqarolikdan chiqarish amaliyotiga qaraydigan bo’lsak, fuqarolikdan chiqishni so’rab tegishli tartibda murojaat qilgan ko’plab shaxslarning hanuz bu borada prezident qarorini ololmayotganiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Fuqarolikdan chiqish uzoq vaqt oladigan jarayon bo’lgani bois xorijda 5 yildan ziyod yashagan va konsullik ro’yxatidan o’tmagan har bir fuqaro avtomatik tarzda fuqarolikni boy beradi, degan gap-so’zlar noto’g’ri.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

October 2015
M T W T F S S
« Aug   Dec »
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031