2014-yil 5-mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to’g’risida” Qaror qabul qildi. Mazkur qaror xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqmoqchi bo’lgan mansabdor shaxslar “maxsus kelishuv”dan keyingina safarga chiqishlari mumkinligini belgilaydi.
Ijro etuvchi hokimiyat tomonidan ishlab chiqilgan bu qoidalar mustaqil hokimiyat hisoblanuvchi qonun chiqaruvchi va sud tizimlari ishiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Quyida shunga oid ayrim mulohazalarimizni bayon etamiz.
Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqishining yangi tartibi
Qarorga ko’ra, mansabdor shaxslar xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga “maxsus kelishuv” asosidagina chiqishlari mumkin. Maxsus kelishuvdan o’tishi kerak bo’lgan mansabdor shaxslar ro’yxati uch guruhga bo’lingan. Mazkur ro’yxatlar qarorga ilova shaklida keltirilgan.
Birinchi Ilovada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan, ikkinchi Ilovada Vazirlar Mahkamasi bilan va uchinchi Ilovada Prezidenti devonining tegishli xizmatlari bilan maxsus kelishuvga ega bo’lishi talab qilinadigan mansabdor shaxslar ro’yxati keltirilgan.
Mansabdor shaxslar tomonidan xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishning bunday tartibi “Davlat sirlarini saqlash to’g’risida”gi Qonun bilan asoslantiriladi. Mazkur qonunning 8-moddasida davlat siri yoki harbiy sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar bilan ishlayotgan yoki ishlagan fuqaroning o’zi yozma ravishda bergan roziligi bilan maxfiylik muddati tugagunga qadar, lekin ko’pi bilan besh yilga huquqlari cheklanishi mumkin. Qonunda davlat siri tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan:
“Davlat tomonidan qo’riqlanadigan va maxsus ro’yxatlar bilan chegaralab qo’yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va o’zga xil ma’lumotlar”.
Qonun davlat sirlarini uch kategoriyaga bo’ladi: davlat, harbiy va xizmat sirlari (mazkur sirlar ta’rifi uchun Qonunning 3-moddasiga murojaat qiling).
Qarorning muammoli jihatlari
Birinchidan, Qaror mamlakatimiz “milliy xavfsizligi va davlat sirlari himoyasini ta’minlash maqsadida” qabul qilingani aytiladi. Mazkur maqsadlarni bajarish har bir hukumatning o’z fuqarolari oldidagi eng muhim majburiyatlaridan biri hisoblanadi. Shunday bo’lsa ham, Qaror aynan qanday qilib mamlakatimizda milliy xavfsizlik va davlat sirlari himoyasini ta’minlashi mumkinligini anglash qiyin. Zero davlat sirlarini sotmoqchi bo’lgan mansabdor shaxs, bunday jinoyatni sodir etish uchun xizmat safariga chiqishi shart emas. Davlat sirlarini elektron pochta, axborot tashuvchi elektron jismlar (qattiq disk, xotira kartochkasi va hkz.) yoki bo’lmasa josus orqali berib yuborishi mumkin.
Ikkinchidan, Qarorda “maxsus kelishuv” nima ekanligi va u qanday sabablarga asoslanib amalga oshirilishi haqida hech narsa deyilmagan. Bu esa, mazkur jarayonning asossiz, o’zboshimchalik bilan amalga oshirilishiga yo’l ochib berishi mumkin. Vaholanki, davlat organlari o’z faoliyatlarini, qonun bilan belgilangan ba’zi istisnolarni hisobga olmaganda, oshkora amalga oshirishlari kerak.
Uchinchidan va bu eng muhim jihati, Qarorda nazarda tutilgan “maxsus kelishuv” talabi davlat hokimiyatining bo’linishi haqidagi konstitutsiyaviy tamoyilni buzadi. Ayniqsa, Qarorda nazarda tutilgan xorijiy davlatlarga xizmat safariga chiqish tartibi sud hokimiyati mustaqilligiga jiddiy rahna soladi.
Davlat hokimiyatining bo‘linishi tamoyili nima?
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida mamlakatimiz davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi tamoyillariga asoslanishi belgilangan. Ushbu tamoyil har bir demokratik huquqiy davlatning asosini tashkil qiladi.
Hokimiyat bo’linishi tamoyilining ishlab chiqilishi, asosan, fransuz mutafakkiri Baron Monteskye nomi bilan bog’liq. Monteskyega ko’ra, hokimiyat bo’linishi tizimi yordamida davlat hokimiyatining bir qo’lda to’planib qolmasligi ta’minlanadi. Natijada uch asosiy hokimiyatdan hech biri boshqalariga nisbatan ko’proq vakolatga ega bo’lmagani uchun o’zboshimchalik bilan harakat qila olmaydi. Ushbu uch davlat hokimiyati doimo bir-birlarining xatti-harakatlarini nazorat qilib boradilar. Ular qarorlarni o’zaro hamkorlik, bahs-munozara va murosa yo’li bilan qabul qilishga majbur bo’ladilar. Bu esa, oxir-oqibat, hukumat tomonidan amalga oshiriladigan xatti-harakatlar xalq va davlat manfaatlariga xizmat qilishiga sabab bo’ladi.
Hokimiyat bo’linishi tamoyili har bir hokimiyatning mustaqil bo’lishini taqozo etadi. Bu degani, mazkur hokimiyatlar tomonidan olinadigan qarorlarga nisbatan qolgan hokimiyatlar hech qanday to’g’ridan-to’g’ri ta’sir o’tkaza olmasligi kerak. Qarorda ijro etuvchi hokimiyat tomonidan ishlab chiqilgan qoidalar esa ham qonun chiqaruvchi, ham sud hokimiyati ishlariga salbiy ta’sir qiladi.
Qaror sudlarning mustaqilligiga qanday rahna soladi?
Konstitutsiyaning 106-moddasida hokimiyat bo’linishi tamoyiliga aniqlik kiritilgan. Jumladan, mamlakatimizda sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan mustaqil holda ish yuritishi belgilangan. Shunga o’xshash qoidani “Sudlar to’g’risida”gi Qonunning 4-moddasida ham uchratish mumkin. Shu bilan birga, mazkur Qonunning 4-moddasiga ko’ra, sudyalar mustaqil bo’lib, faqat qonunga bo‘ysunadi va sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qarorda Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Oliy xo’jalik sudi raislari va ularning o’rinbosarlari xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan “maxsus kelishuv”dan keyingina chiqishlari mumkinligi belgilangan. Konstitutsiyaviy sud, umumiy yurisdiktsiya va xo‘jalik sudlari sudyalari esa O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining tegishli xizmatlari bilan “maxsus kelishuvdan” o’tgandan keyin xizmat safariga chiqishlari mumkinligi talab qilingan.
Mazkur ruxsat berish tartibini sudyalarning faoliyatiga aralashish deb baholash mumkin. Ma’lumki, sudyalar huquqiy masalalarni mustaqil va xolis tarzda ko’rib chiqishlari kerak. Ba’zi da’volarda qarorning davlat organi yoki mansabdor shaxsga qarshi chiqarishi tabiiy hol hisoblanadi. O’zining mustaqil va xolis faoliyati bilan tanilgan sudyaga mazkur Qaror yordamida bosim o’tkazilishi mumkin. Zero, yuqorida ta’kidlangani kabi, “maxsus kelishuv” jarayoni noaniq bo’lgani sababli vakolat suiiste’moli uchun keng imkoniyatlar ochib beradi.
Qarorda “maxsus kelishuv” jarayoni nima ekanligi aniq belgilab berilgan taqdirda ham, sudyalar xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqish uchun ijro etuvchi hokimiyatdan ruxsat olishi ularning mustaqilligiga solingan jiddiy xavf hisoblanadi.
Ma’lumki, xizmat safariga chiqish har bir mansabdor shaxs ish faoliyatining ajralmas qismidir. Ish faoliyatiga kiradigan vazifalarni bajarish uchun bir davlat hokimiyati (masalan, sud hokimiyati) boshqa davlat hokimiyatidan (masalan, ijro hokimiyatidan) ruxsat olmasligi kerak.
Mansabdor shaxslarning xorijiy davlatlarga chiqishining yangi tartibi konstitutsiyada belgilangan davlat hokimiyati bo’linishi tamoyiliga ziddir. Mamlakatimizning “milliy xavfsizligi va davlat sirlari himoyasini ta’minlash” hukumat xavotir olishi kerak bo’lgan o’rinli asoslardan biridir. Ammo mazkur Qaror davlat konstitutsiyaviy tizimi asosini tashkil etuvchi hokimiyat bo’linishi tamoyilini yo’qqa chiqaradi. Nazarimizda milliy xavfsizlik va davlat sirlarini himoya qilishning boshqa usullari ishlab chiqilib, mazkur Qaror Konstitutsiya tamoyillariga zid kelgani bois bekor qilinishi kerak.
Mansabdor shaxslarning xorijga chiqishini tartibga solish ijro hokimiyati qarori asosida emas, balki hokimiyatlar mustaqilligi tamoyiliga rahna solmaydigan tartibda qonun chiqaruvchi organ tomonidan qabul qilingan qonun asosida amalga oshirilishi kerak. Shunda ham sudyalarning xorijga chiqishi yoki chiqmasligi haqida qaror berish vakolati ijro hokimiyati zimmasiga yuklatilmasligi kerak.