Fuqarolikdan mahrum qilish bo’yicha yangi qoidalar qanchalik qonuniy?

Posted March 9th, 2016 at 2:54 am (UTC+0)
1 comment

IMG_20150906_192136-1

2015-yil 10-avgust kuni “O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi to’g’risida”gi Qonunga (bundan keyin Fuqarolik to’g’risidagi Qonun) o’zgartish va qo’shimchalar bilan fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asosi kuchga kirdi. Yangi o’zgartirishlarga muvofiq, agar O’zbekiston fuqarosi xorijiy davlat foydasiga faoliyat ko’rsatish yoki osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyat sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazsa, fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin.[1]

Fuqarolikdan mahrum etish deb ma’lum bir shaxs fuqaroligining davlat organi tomonidan bekor qilinishiga aytiladi. Mazkur chora bugungi kunda, ko’pincha, terrorizmga qarshi chora sifatida ko’rilmoqda. Har qanday hukumat aholini terrorizm xurujidan himoya qilish uchun turli huquqiy choralar ko’rishi tabiiy hol. Ammo yangi qabul qilingan o’zgartirishlar maqsadga muvofiqmi? Ularni amalga oshirishda qanday huquqiy muammolar kelib chiqishi mumkin?

Fuqarolik tushunchasi va amaldagi qonunchilik

Fuqarolik tushunchasi zamirida ijtimoiy shartnoma nazariyasi yotadi.[2] Ijtimoiy shartnomaga ko’ra, fuqaro va davlat o’rtasidagi munosabatlar ma’lum huquq va majburiyatlar asosida quriladi. Bunda ikki tomon o’z zimmasiga bir qator majburiyatlarni oladi. Mana shu majburiyatlarni bajarish, o’z navbatida, ikki tomonga huquq, imtiyoz va vakolatlar beradi. Masalan, fuqaro davlat qonun-qoidalariga bo’ysunishni, soliq to’lashni, davlat boshqaruvida hokimiyat organlari orqali ishtirok etishni va vaziyat taqazo etganda, o’z mamlakatini himoya qilish uchun harbiy safarbarlikni o’z zimmasiga oladi. Davlat esa hokimiyat bo’linishi, qonun ustivorligi, fuqarolarning haq-huquqlari va xavfsizligi, davlat organi va xodimlari xalq manfaatlari uchun faoliyat yuritishini ta’minlash kabi majburiyatlarni oladi.

Konstitutsiya va qonunlar ijtimoiy shartnomani rasmiylashtiradi. Qonun-qoidalar turli ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida huquq va majburiyatlarni belgilaydi. Ushbu huquq va majburiyatlarni bajarish natijasida fuqaro va davlat o’rtasida o’ziga xos munosabatlar, bog’lanish, sadoqat paydo bo’ladi. Fuqaro o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaganda davlat o’zining majburlov va huquq-tartibot organlari yordamida fuqaroga qarshi chora ko’radi. Masalan, fuqaro jinoyat (boshqa fuqarolarning qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish) sodir etganda, jabr ko’rgan kishi davlatning huquq-tartibot va sud organlari orqali himoya qilinishi kerak. Davlat tomonidan odil sudlov ta’minlanmaganda, fuqarolarning qonun ustuvorligi va davlat organlariga qarshi hurmati va ishonchi kamayib boradi.

Shu bilan birga har bir fuqaro davlat hududida ro’y berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarda qatnashishni istaydi. Bunda turli davlat organlari, siyosiy partiyalar va nodavlat tashkilotlarining faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur institutlar orqali fuqaro o’z siyosiy qarashlarini bemalol ifoda eta olishi va saylovlarda ishtirok etish orqali siyosiy jarayonlarga nisbatan o’z munosabatini bildira olishi kerak. Agar shu kabi siyosiy institutlar o’z faoliyatini samarali amalga oshirmayotgan bo’lsa, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchi yo’qoladi, siyosiy jarayonlarga qarshi befarqlik uyg’onadi.

Bunday holatlar fuqarolarning davlatga qarshi bo’lgan ishonchsizligini kuchaytirish bilan birga, fuqarolik tushunchasiga ham e’tiborsiz va/yoki hurmatsiz bo’lishlariga sabab bo’ladi. Shu nuqtai nazardan majburiyatlarni bajarish va fuqarolikka sodiq bo’lish o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri mutanosiblik mavjud: tomonlar o’z zimmalariga olgan majburiyatlarni qanchalik yaxshi bajarsalar, sadoqat va fuqarolikni ardoqlash mutanosib ravishda ortib boradi. Tomonlar o’z majburiyatlarini bajarmaganda esa, sadoqat va fuqarolikni ardoqlash mutanosib ravishda kamayib boradi.

O’zbekiston fuqaroligining doimiy va ajralmasligi

Amaldagi qonunchilik O’zbekiston fuqaroligining doimiy va ajralmas ekanligini belgilaydi[3]. Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning 1-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi. Mazkur siyosiy huquqiy aloqa doimiy xarakterga ega. 1-moddaning davomida esa fuqarolik kishining ajralmas, uzviy huquqi ekaniga yana urg’u berilib, “hech kim fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin emas”ligi belgilab qo’yilgan. Demak Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning birinchi moddasi fuqarolik atrofidagi munosabatlarni tartibga solishning ikki ustivor tamoyilini belgilaydi: birinchisi, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligining doimiyligi, ikkinchisi esa uning ajralmasligi. Demak, ushbu qoidalardan kelib chiqadigan bo’lsak, fuqarolik fuqaro va davlat o’rtasidagi doimiy siyosiy-huquqiy aloqani ifoda etadi va undan hech kim mahrum qilinishi mumkin emas. Fuqaroning qilmishlariga qarshi turli ma’muriy va jinoiy choralar ko’rilishi mumkin, ammo fuqarolikdan mahrum qilish taqiqlanadi[4].

Ammo Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning 21-moddasida fuqarolikni yo’qotish asoslari belgilangan. Bu esa 1-moddaga tamoman teskari bo’lgan holatdir, zero 1-moddada fuqarolik doimiy va ajralmas ekanligi belgilangan. 2015-yilning 10-avgust kuni fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asoslari qabul qilinishi va joriy yilning 17-fevral kuni «O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida»gi Nizomga kiritilgan o’zgartishlar, ushbu mavzuni yana ham chigallashtirgani sababli, quyida asosiy e’tibor fuqarolik yoqotilishining yangi asoslari tahliliga qaratiladi[5].

Fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asoslari nimadan iborat?[6]

Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning 21-moddasiga kiritilgan yangi qo’shimchalar quyidagicha (4-asos):

Agar shaxs chet davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotilishi mumkin.

Yangi asoslarni tahlil qilishni osonlashtirish uchun, uni quyidagicha ifodalash mumkin:

ramka

“Chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat yuritish”

Yangi qo’shimchaga ko’ra, fuqarolikdan mahrum bo’lish sabablaridan biri bu “chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat yuritish” hisoblanadi. Mazkur tushuncha shunchalik mavhum va keng qamrovliki, chet elda ishlab yurgan deyarli barcha fuqarolarga nisbatan qo’llanilishi mumkin. Chet elda istiqomat qilayotgan kishining faoliyati qanday asoslarga ko’ra “chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat yuritish” deb baholanadi? Mazkur vazifa o’ta qiyin bo’lib, qonunbuzarlik va vakolat suiistemol qilinishiga keng yo’l ochib berishi mumkin. Quyidagi misollarga e’tibor bering:

  1. O’zbekistondagi biznesini yopib, millionlab AQSh dollarini chet elga investitsiya qilgan fuqarolar bor. Mazkur holat chet davlat uchun, albatta, foyda, O’zbekistonga esa jiddiy zarar (masalan, sarmoyaning chiqib ketishi, soliq to’lanmasligi, ish joylarining kamayishi).
  2. Xalqaro tashkilotlarda (masalan, BMT yoki Jahon banki) ishlaydigan yuzlab O’zbekiston fuqarolari bor. Mazkur tashkilotlar orasida O’zbekistonning ichki siyosatini keskin tanqid qiladiganlar bor, xususan, bola mehnati, majburiy menhat, qamoqxonalardagi ahvol, diniy erkinliklarning cheklanishi va boshqa masalalarda. Ba’zi amaldorlar ularning faoliyatini chet davlat foydasiga bog’lashi mumkin (masalan, O’zbekistonning obro’sizlantirilganligi, xalqaro moliya muassasalari tomonidan mablag’/qarz berilmayotganligi, turli-xil savdo cheklovlari (embargo) qo’llanilgani iddao qilinishi mumkin);
  3. Rossiyada ko’cha supurib, molxonalarda yashashga majbur bo’lib yurgan vatandoshlar ham mazkur ta’rif ichiga kiritilishi mumkin. O’zbekistonda shuncha ish joyi va imkoniyatlari mavjud bo’lgan holda, fuqarolar Rossiyaga ishlagani ketib qolmoqda, deb aytadiganlar bor. Bu holatda O’zbekiston jiddiy zarar ko’radi (masalan, davlatning obro’sizlanishi, aholi orasida oilalarning buzilib ketayotgani, ishchi kuchi yetishmayotgani, farzand tarbiyasiga salbiy ta’siri va hokazo).
  4. Fohishabozlikka ruxsat berilgan Taylandda fohishalik bilan shug’ullanayotgan o’zbekistonliklar o’z faoliyatlari bilan Taylandga moddiy foyda keltiradilar, O’zbekistonga esa jiddiy zarar yetkazadilar.

Ushbu masalaning murakkabroq jihati esa chet eldagi faoliyat qasddan chet davlat “foydasini ko’zlab” amalga oshirilganini isbotlash bilan bog’liq. Chet elda kishi o’z foydasini ko’zlab yurishini tasavvur qilish qiyin emas, ammo chet elda qasddan chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat qilayotgani qanday aniqlanadi? Shu sababli mazkur moddada nazarda tutilgan xatti-harakat doirasini belgilashda josuslik yoki davlat sirlarini fosh etish kabi aniq jinoyatlarni sanab o’tish to’g’riroq bo’lardi.

“Xavfsizlikka qarshi jinoyatlar”

“Xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” tushunchasining ta’rifi na Fuqarolik to’g’risidagi qonunda, na boshqa qonunchilikda bor. Ammo «O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi bilan bog’liq masalalarni ko’rib chiqish tartibi to’g’risida»gi Nizomining 4-qismi, 2-bandiga ko’ra, «xavfsizlikka qarshi jinoyatlar» Jinoyat Kodeksining Maxsus qismi ikkinchi bo’limida nazarda tutilgan tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlardan iborat ekanligi aytiladi. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining (bundan keyin JK) ikkinchi bo’limi «Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar» deb nomlangan, ammo unda bevosita “xavfsizlikka qarshi jinoyatlar”ning ta’rifi berilmagan. Mazkur tushunchaning ta’rifini belgilashda JKdagi “Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” bo’limiga murojaat qilib, u yerga qanday jinoyatlar kiritilgan bo’lsa, shular “xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” deb aytish mumkin. Ammo ushbu yondashuvning jiddiy kamchiliklari mavjud.

JKning “Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” bo’limi ichiga 8-bob («Tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar») va 9-bob («O’zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar») kiradi. 8-bob ichiga 10 ta jinoyat turi kirsa[7], 9-bob ichiga 7 ta jinoyat turi kiradi[8]. Demak, hammasi bo’lib 17 ta jinoyat turida “xavfsizlikka qarshi jinoyat” alomati bor. Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning barchasiga nisbatan fuqarolikdan mahrum etish chorasini qo’llash o’rinli emas. Masalan, tilga olingan 17 ta jinoyat ichida “urushning qonun va udumlarini buzish” (152-modda) yoki bo’lmasa, “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo’zg’atish” (156-modda) kabi jinoyatlar ham kiradi. Ushbu jinoyatlar og’ir jinoyatlar turiga kirsa ham, ularni sodir etganlarga nisbatan fuqarolikdan mahrum qilish chorasini qo’llashdan qanday maqsad ko’zlanadi? Jinoyatning og’irligiga qarab fuqarolikdan mahrum etiladigan bo’lsa, unda ayol kishini zo’rlagan yoki davlat byudjetidan millionlab pullarni sovurgan kishilarga qarshi ham fuqarolikdan mahrum qilish chorasini qo’llash kerak. Nazarimizda fuqarolikdan mahrum qilish kabi chora qo’llanilgan taqdirda ham, uni faqat fuqaro bilan davlat o’rtasidagi munosabatlarga jiddiy putur yetkazadigan qilmishlarga nisbatan qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi. Shunday qilmishlar qatoriga, masalan, boshqa davlat foydasiga josuslik qilish yoki davlat sirlarini oshkor qilish kabi juda kam jinoiy qilmishlarni kiritish mumkin.

Demak, “xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” tushunchasi qo’llanilgan taqdirda, o’ta keng qamrovli qilmishlar uchun fuqarolikdan mahrum qilish kabi chorani qo’llashga to’g’ri keladi. Shu o’rinda bugungi kunda davlatlar iloji boricha fuqarolikdan mahrum qilish kabi chorani qo’llamayotganini yoki mazkur chorani o’ta tor qamrovli xatti-harakatlarga nisbatan qo’llayotganlarini eslatib o’tish kerak. Masalan, AQShda fuqarolikdan mahrum qilish mumkin emas. Hattoki sobiq SSSR davrida, 1978-yilgi Fuqarolik to’g’risidagi qonunga binoan, fuqarolikdan mahrum qilish faqatgina ikki holatda ruxsat berilgan: fuqaroning SSSR obro’siga putur yetkazadigan va davlat xavfsizligiga rahna soladigan xatti-harakatlari uchun. Ammo bu qoida 1991-yilda qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasi bilan bekor qilindi va 6-moddaga binoan, Rossiya Federatsiyasi fuqarosini fuqarolikdan mahrum qilish mumkin emas deb belgilandi.

“Jiddiy zarar” nima va qanday o’lchanadi?

Yuqorida muhokama qilingan ikki xatti-harakat “jiddiy zarar” yetkazgandagina kishini fuqarolikdan mahrum qilish mumkin. Fuqarolik to’g’risidagi Qonunda “jiddiy zarar”ga ta’rif berilmagan. Ammo «jiddiy zarar» tushunchasi Jinoyat Kodeksida tilga olinganini ko’rish mumkin. Jinoyat Kodeksida qilmish xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko’ra bo’lish bilan birga,[9] “jiddiy zarar” va “jiddiy ziyon” kabi tushunchalar ham qo’llanilganini ko’rish mumkin. Bu ikki tushuncha nima sababdan alohida qo’llanilganini tushunish qiyin. Qizig’i shundaki, “jiddiy ziyon” hamisha “ko’p miqdorda zarar” tushunchasi bilan birga, teng ma’noli tushuncha sifatida qo’llanilgan (“ko’p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazish”)[10]. Ba’zi holatlarda esa “jiddiy ziyon”[11] va “jiddiy zarar”[12] alohida, mustaqil ko’rinishda qo’llanilgan. Demak, “jiddiy zarar,” “jiddiy ziyon” va “ko’p miqdorda zarar” tushunchalarini teng ma’noli tushunchalar deb baholash mumkin. Jinoyat Kodeksi «ko’p miqdorda zarar»ni eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo’lgan miqdordagi zarar deb ta’riflaydi (taxminan, 13.675 — 22.793 AQSh dollari). Ammo mazkur ta’rifni fuqarolikdan mahrum qilish ishlariga nisbatan qo’llash qiyin. Sababi, chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish natijasida keltirilgan ziyonning moddiy miqdorini aniqlab bo’lmaydi.

“Sud hukmi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumi Qarori, 24-xatboshisiga binoan, sud sudlanuvchini baholovchi kategoriyalarga tegishli (masalan, jiddiy ziyon, og‘ir oqibatlar va h. k. kabi kategoriyalar) belgilarga qarab aybdor deb topishda, ushbu belgining jinoiy qilmishda mavjudligini tasdiqlovchi holatlarni keltirishi shart[13]. Shunga o’xshash sharhni O’zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 11-son, 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar bo’yicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar to’g’risida”gi Qarorda ham ko’rish mumkin. Jinoyat Kodeksining 175-moddasini sharhlashda, zararning ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda ekanligi har bir muayyan ish bo‘yicha tergov organi va sud tomonidan asoslantirilgan bo‘lishi zarurligi aytiladi[14]. Demak, sud faoliyatidan analogiya sifatida qo’llasak, unda fuqarolikdan mahrum qilish ishlarida «jiddiy zarar» har bir holatda alohida aniqlanishi kerak.

Fuqarolikdan mahrum bo’lish qoidasi qat’iy yoki ixtiyoriymi?

Fuqarolik to’g’risidagi qonunning 24-moddasida ham qat’iy, ham ixtiyoriy qoida qo’llanilganini ko’rish mumkin. Fuqarolikdan chiqishning birinchi uch holati sodir bo’lganda “fuqarolik yo’qotiladi” deyilsa (qat’iy qoida)[15], fuqarolikdan mahrum qilishga nisbatan “yoqotilishi mumkin” (ixtiyoriy qoida) deb yozilgan. Xo’sh, fuqarolikdan mahrum qilish ixtiyoriy bo’lsa, bu masala bo’yicha hal qiluvchi qaror nimaga asoslanib olinadi?

Bu savol fuqarolikdan chiqarish masalalari bilan o’zi kim shug’ullanadi, degan savolga javob berishni talab qiladi. Fuqarolik bilan bog’liq masalalarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi fuqarolik masalalari bo’yicha Komissiya (bundan keyin, Komissiya) ko’rib chiqadi[16]. Bunday jiddiy masala to’laligicha Komissiya ixtiyoriga berilishi ko’plab jiddiy huquqiy muammolarni keltirib chiqarishi turgan gap. Masalan, Komissiya Prezident tomonidan davlat muassasalari, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar, ilmiy-ijodiy jamiyatlar hamda jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda tashkil etiladi. Demak, uning tarkibida yuridik ma’lumoti bo’lgan mutaxassislar bo’lishi shart emas. Komissiya tarkibi huquqshunoslardan tashkil topmagani uchun, fuqarolikdan mahrum qilish asoslarini ko’rib chiqishda, xususan, yuqorida muhokama qilingan huquqiy masalalarga noto’g’ri baho berilishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari, Komissiyaning ishlash tartibi tortishuvlik tamoyili asosida amalga oshirilmaydi. Boshqa so’z bilan aytganda, bir tomondan davlat organi, ikkinchi tomondan fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin bo’lgan shaxs o’rtasida huquqiy masalalarning o’zaro tortishuvi amalga oshirilmaydi. Yuqorida muhokama qilingan masalalar huquqiy xarakterga ega bo’lgani uchun, Komissiya ishni ko’rib chiqayotganda fuqaro mazkur jarayonda faol qatnashishi, advokat tomonidan himoya qilinishi, o’ziga qarshi keltirilgan da’volarni rad etish kabi imkoniyatlarga ega bo’lishi kerak.

Komissiyaning yuqorida tilga olingan kamchiliklari tufayli, fuqarolikdan mahrum qilish qarori sud tomonidan berilishi maqsadga muvofiq. Birinchidan, sud mustaqil hokimiyat organi bo’lgani uchun, o’z faoliyati va vakolatlarini boshqa hokimiyat organlaridan, xususan, ijro etuvchi hokimiyatdan, mustaqil ravishda amalga oshiradi. Ikkinchidan, fuqarolikdan mahrum qilish kabi vakolatning sudga berilishi bunday qaror tomonlarning tortishuvi asosida ko’rib chiqilishini ta’minlaydi. Bunda ham prokuratura yoki Komissiya fuqaro nima sababli fuqarolikdan mahrum etilishi kerakligini huqiqiy jihatdan asoslab berishi kerak, fuqaro esa bunday da’volar nima sababdan asossiz ekanligini ko’rsatishi va o’zini samarali himoya qilish imkoniga ega bo’ladi. Uchinchidan, sud tizimida appelyatsiya jarayoni, ya’ni sud qarori ustidan yuqori turuvchi sudga shikoyat qilish samarali yo’lga qo’yilgan. To’rtinchidan, fuqarolikdan mahrum qilishda qo’llanilayotgan asoslarni sinchkovlik bilan o’rganib chiqilishi ta’minlanadi, chunki sud dalillarga baho berishda ularning aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baho berishi shart[17].

Fuqarolikdan chiqarilgan kishining keyingi taqdiri nima bo’ladi?

Davlat tashqarisida bo’lgan fuqaro fuqarolikdam mahrum qilinsa, bundan kelib chiqadigan oqibatlarni taxmin qilish qiyin emas – bu kishi, birinchi navbatda, davlatga qayta fuqaro sifatida kiritilmaydi. Mazkur holat keltirib chiqaradigan ijtimoiy-huquqiy oqibatlarga alohida maqola yozish mumkin. Ammo masalaning jumboqliroq jihati: davlat ichida bo’lgan fuqarolar fuqarolikdan mahrum etilgandan keyin ularning taqdiri nima bo’ladi? Davlatdan badarg’a (bugungi kunda ko’roq “deport qilish” deyiladi) qilinadimi? Badarg’a qilinsa, qayerga? Yoki, mamlakat ichida fuqaroligi bo’lmagan shaxs sifatida istiqomat qilishni davom ettiraveradimi? Shaxs davlat uchun «xavfli» bo’lgani uchun fuqarolikdan chiqarilgan bo’lsa, fuqaroligi bo’lmagan shaxs sifatida O’zbekistonda yuraversa, xavf darajasi o’zgarmaydi-ku.

Davlatning xalqaro huquqiy majburiyatlari

Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning 45 -etilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Umumjahon Inson Huquqlari Deklaratsiyasining 15-moddasiga binoan, hech kim asossiz yoki o’zboshimchalik bilan fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin emas. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Paktning 12-moddasi, 4-bandida esa, hech kim asossiz o’z mamlakatiga kirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas, deyiladi. Yuqoridagi tahlilimiz esa, yangi o’zgartirishlarda jiddiy nuqsonlar borligini ko’rsatdi. Mavhum tushunchalarga asoslanib fuqarolikdan mahrum mazkur jarayonining asossiz va o’zboshimchalik bilan amalga oshirilishiga sabab bo’ladi. Buning natijasida esa davlat o’zining xalqaro huquqiy majburiyatlarini ham buzadi.

Xulosa

Fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asoslari terrorizmga qarshi kurashish chorasi sifatida ko’rilgan bolishi mumkin. Ammo bu maqsadda ko’riladigan choralarning barchasi Konstitutsiya va qonunlar asosida amalga oshirilishi kerak. Jamoat xavfsizligi qanchalik muhim bo’lmasin, davlat fuqarolarning huquq va erkinliklarinu faqat qonun bilan ruxsat etilgan doira va darajada cheklashi mumkin. Fuqarolikdan mahrum qilishning yangi asoslari esa yuqorida sanab o’tilgan jiddiy kamchiliklarga ega bo’lib, ularni amalda qo’llash qonunbuzarlik va vakolat suiistemol qilinishiga yo’l ochib berishi mumkin.

———————————————-

[1] Mazkur maqolada «fuqarolikni yoqotish» va «fuqarolikdan mahrum qilish» teng ma’noli tushunchalar sifatida qo’llanildi.

[2] Ijtimoiy shartnoma nazariyasining huquqiy va ilmiy asosini Jon Lokk va Jan Jak Russo kabi faylasuflarning ishi tashkil qiladi.

[3] Fuqarolik haqida gap ketganda masala beixtiyor fuqarolik huquq yoki imtiyozmi savoliga borib taqaladi. Birinchi yondashuvga ko’ra, mamlakat hududida tug’ilgan har bir kishi fuqarolik huquqiga ega. Fuqarolikning yo’qligi yoki undan mahrum etish boshqa bir qator uzviy huquqlardan ham mahrum etgani uchun, kishini fuqarolikdan mahrum etish mumkin emas. Ikkinchi yondashuvga ko’ra, fuqarolik imtiyoz bo’lib, davlat istagan kishiga uni berishi va istagan kishini undan mahrum etishi mumkin. Mamlakat hududida tug’ilganlarning fuqaroligiga huquq deb qarash mumkin (qarang, 13-modda). Uning berilishi davlat irodasiga bog’liq emas. Ammo fuqarolikka keyinchalik qabul qilinganlarning fuqaroligiga imtiyoz sifatida qarash mumkin, zero bu holatda kishiga fuqarolik davlat belgilagan shartlarga javob bergani uchun beriladi (qarang, 17-moddaga).

[4] Fuqarolik to’g’risidagi Qonunga ko’ra, O’zbekistion Respublikasi fuqaroligi tugatilishi ikki yo’l bilan amalga oshiriladi: fuqarolikdan chiqish yoki fuqarolikning yo’qotilishi (19-modda). Fuqarolikning tugatilishi fuqaroning o’z xohishiga ko’ra, uning murojaati asosida amalga oshirilsa (20-modda), fuqarolikning yo’qotilishi davlat tashabbusi bilan amalga oshiriladi (21-modda).

[5] O’zgartirishlardan avval fuqarolik 3 asosga ko’ra yo’qotilishi mumkin edi. Fuqarolik to’g’risidagi Qonunning 21-moddasiga ko’ra, quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo‘qotiladi:

1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

3) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma’lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa.

[6] Qonunda fuqarolikdan chiqish, uni yoqotish va mahrum bo’lish tushunchaliri ishlatilgan. Masalan, Qonunning 1-moddasida hech kim fuqarolikdan mahrum qilinishi mumkin emas deb belgilangan. Shu bilan birga, fuqarolikdan o’z xohishiga ko’ra chiqish (19-modda) va uni yo’qotish (21-modda) tushunchalari ham qo’llanilgan. Qonunchilikda fuqarolikdan «mahrum qilish» bilan uni «yo’qotish» o’rtasida hech qanday farq belgilanmagan. Fuqarolikdan mahrum qilish yoki uni yo’qotish, fuqaro irodasidan qat’iy nazar, vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshirilgani uchun, mazkur ikkala tushunchani teng ma’noli deb qabul qilish mumkin.

[7] XIII bob. Tinchlik va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlar: urushni targ’ib qilish (150-modda), agressiya (151-modda), urushning qonun va udumlarini buzish (152-modda), genotsid (153-modda), yollanish (154-modda), chet davlatlarning harbiy xizmatiga xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o’xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish (1541-modda), terrorizm (155-modda), tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to’g’risidagi ma’lumotlar va faktlarni habar qilmaslik (1551-modda), terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o’quvdan o’tish (1552-modda), milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat ko’zg’atish (156-modda).

[8] IX bob. O’zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar: davlatga xoinlik qilish (157-modda), O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish (158-modda), O’zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish (159-modda), josuslik (160-modda), qo’poruvchilik (161-modda), davlat sirlarini oshkor qilish (162-modda), davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni yo’qotish (163-modda).

[9] Jinoyat Kodeksining 15-moddasida jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra 4ga bo’lingan: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan (qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi); uncha og‘ir bo‘lmagan (qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi); og‘ir (qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi); o‘ta og‘ir jinoyatlar (qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi).

[10] Jinoyat Kodeksining 19211 (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish), 229 (o’zboshimchalik), 2781 (axborotlashtirish qoidalarini buzish), 2784 (Kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish) va 301 (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) moddalarga qarang.

[11] 144 moddaga qarang (Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish).

[12] 209 (Mansab soxtakorligi) va 2511 (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) moddalarga qarang.

[13] “Jinoyatni Jinoyat qonunining u yoki bu moddasi, uning qismi yoki bandi bilan tavsiflash bo‘yicha sudning asoslantirilgan xulosasi ayblov hukmining tavsif qismining muhim belgisi hisoblanadi. Bunda sudlanuvchining harakatlari nima uchun aynan shu modda, qism, band bilan tavsiflanayotganligi aniq ko‘rsatilishi kerak. Sud sudlanuvchini baholovchi kategoriyalarga tegishli (masalan, jiddiy ziyon, og‘ir oqibatlar va h. k) belgilarga qarab aybdor deb topishda, ushbu belgining jinoiy qilmishda mavjudligini tasdiqlovchi holatlarni keltirishi shart.” O’zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 07-son, 2014 yil 23 maydagi “Sud hukmi to’g’risidagi” qarori

[14] Qarorning 11-xatboshiga qarang.

[15] Yuqorida 2-izohga qarang.

[16] Fuqarolikdan mahrum qilish tartibi va bu jarayonda ishtirok etadigan davlat organlari haqida ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga murojaat qiling.

[17] Masalan, Jinoyat Protsessual Kodeksining 95-moddaga qarang.

 

 

 

Chet davlat foydasini ko’zlab faoliyat yuritish

 

 

 

Jiddiy zarar yetkazilishi (jamiyat va davlat manfaatlariga)

 

 

 

Fuqarolikdan mahrum bo’lish

Mumkin

 

 

 

yoki

 

 

+

 

 

=>

 

 

 

Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish

 

 

 

 

 

 

 

 

One response to “Fuqarolikdan mahrum qilish bo’yicha yangi qoidalar qanchalik qonuniy?”

  1. Abdulla says:

    Assalamu Alaykum,
    Savol: Amerikada doyimiy yashovchi Uzbekiston Fuqorosi Hajj yoki Umrah Safarlarigi Amerika orqali chiqishi mumkinmi ? Yoki faqatgina Uzbekiston orqali shiqishi shartm buladimi. OVIR muddati tugamagan bulsa Hajj safariga chiqish Uzbekiston qonuniga hilof buladimi.

    Oldindan Rahmat.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

March 2016
M T W T F S S
« Feb   May »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031