Huquqlarni talab qilib namoyishga chiqish noqonuniymi?

Posted March 29th, 2016 at 5:10 pm (UTC+0)
Leave a comment

konstitutsiya

Savol: Aytingchi, qonunda o’z huquqini talab qilish uchun fuqarolar namoyish qilib chiqishi haqida nima deyilgan? Tanishlarimiz o’tgan hafta Namanganda bo’lgan voqeani aytib berishdi: Namanganning Irvadon va G’irvon qishloqlari tutashgan joyda markaziy liniyadan sanoqli boy kishilar faqat o’zlari uchun gaz quvurini ulamoqchi bo’lib turganda ( bu oldindan raygaz bilan kelishib puli to’lab qo’yilgan) qolgan uyi sovuq, gazi yonmayotgan aholidan 100 dan ortiq kishi gaz yo’qligidan shikoyat qilib, gaz berishini talab qilib chiqishgan. Shunda hokimiyat vakili ularni soat yettigacha uylaringizda gaz yonadi, degan va’da bilan tarqatib yuborgan. Lekin soat beshlarda namoyishda qatnashgan odamlar ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgan va ertasiga har biriga 600 ming so’m shtraf solib qo’yib yuborilgan. Olti kishini esa bu ishga boshchilik qilgani uchun qamab qo’yishgan. Ularning hammasiga davlat siyosatiga qarshi namoyish qilish aybi qo’yilgan. Bu qanchalik to’g’ri?

Javob: Namoyish ishtirokchilariga qarshi yuqorida tilga olingan va sodir etilgan xatti-harakatlar quyidagi sabablarga ko’ra noqonuniy hisoblanadi. Biz huquqlari toptalgan fuqarolarni zudlik bilan malakali advokat yollab, davlat mansabdor shaxslari va sud qarori ustidan shikoyat qilishga chaqiramiz.

Miting, yig’ilish va namoyish o’tkazish huquqi

Miting, yig’ilish, namoyish, ommaviy yurish, piket qilish kabi ommaviy tadbirlarni o’tkazish huquqi har bir fuqarolik jamiyati va demokratik davlatning ajralmas bo’lagidir. Mazkur huquq kishilarning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy qarashlarini ifoda etish uchun bir joyga to’planib, birgalikda harakat qilishi uchun zamin yaratadi. Ommaviy tadbirlarni o’tkazish huquqisiz hech qaysi demokratik jamiyat sog’lom faoliyat ko’rsata olmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini, O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega ekani belgilab qo’yilgan. Ammo ushbu huquqlarni samarali ro’yobga chiqarish kafolatlari va tartibi hali ishlab chiqilmagan. Natijada mazkur konstitutsiyaviy huquqdan foydalanishga jazm qilgan fuqarolar turli to’siq va muammolarga duch kelmoqda.

Xususan, Konstitutsiya yoki boshqa huquqiy hujjatlarda “miting,” “yig’ilish,” va “namoyish” kabi tushunchalarga ta’rif berilmagan. 2003-yilda Vazirlar mahkamasi tomonidan qabul qilingan“Ommaviy tadbirlarni o’tkazish” Qoidalarida (bundan buyon Qoidalar) “ommaviy tadbir” tushunchasiga ta’rif berilgan, ammo unga keng sharh berilmagan. Mazkur ta’rifga ko’ra, ommaviy tadbir:

“…ko‘ngilochar, teatr-tomosha, kontsert, sport, reklama dasturlari va boshqa dam olish dasturlarini, shuningdek kamida 100 kishi ishtirokida umumxalq, diniy, professional bayramlarni o‘tkazish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ochiq va yopiq inshootlarda, maydonlarda, binolarda va boshqa joylarda tashkil etiladigan kishilarni to‘plashdir”.

Yuqoridagi ta’rif “ommaviy tadbir” tushunchasiga faqat ijtimoiy-madaniy tomondan yondashib, muhimroq ahamiyatga ega bo’lgan siyosiy jihatini umuman e’tiborga olmaydi. Natijada Qoidalarda so’z ketgan “ommaviy tadbir”lar miting, yig’ilish yoki namoyish o’tkazish kabi yig’inlarni ham o’z ichiga olishi haqida hech narsa deyilmagan. Vaholanki, ommaviy tadbir o’tkazish huquqining aynan shu turlari Konstitutsiyadan joy olgan eng asosiy huquqlardan hisoblanadi.

Mazkur huquqlarga ta’rif berilmaganligi huquq-tartibot organlari xodimlarining o’z vakolatlarini suiiste’mol qilishlariga katta imkon yaratishi mumkin. Ular namoyish yoki miting qilishga chiqqan kishilarning harakatlari Konstitutsiyaning 33-moddasida nazarda tutilgan “ijtimoiy faollik”ka kirmasligini, bu yig’inlar “miting,” “yig’ilish” yoki “namoyish” hisoblanmasligini aytib, aksincha, ularni ijtimoiy tartibni buzishga qaratilgan amal sifatida baholashlari va natijada ma’muriy, ba’zi holatlarda esa jinoiy javobgarlik bo’yicha ish ochishlari mumkin. Yuqoridagi savolda ham ana shunday holat yuz bergani qayd etilgan.

Miting, yig’ilish yoki namoyish o’tkazgan kishi qanday holatda javobgarlikka tortilishi mumkin?

Konstitutsiyada miting, yig’ilish va namoyish o’tkazish huquqi faqatgina xavfsizlik yuzasidan va boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun cheklanishi mumkinligi belgilangan (22 va 33-moddalar). Afsuski, qanday harakatlar xavfsizlikka rahna solishi yoki boshqa fuqarolarning huquq va erkinliklariga putur yetkazishi mumkinligi haqida va buni kim qay tartibda belgilashi to’g’risida qonunchilikda hech narsa deyilmagan.

Ammo bu holat, agar ish sudga oshiriladigan bo’lsa, ommaviy tadbir ishtirokchilari foydasiga talqin etilishi kerak (quyida keladigan qonuniylik, odillik va ayb uchun javobgarlik prinsiplari muhokamasiga qarang). Shu bilan birga, konstitutsiyaviy huquqlarni hurmat qilish tamoyili “xavfsizlik” yoki “boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish” kabi keng tushunchalarga aniq ta’rif berilishini talab qiladi. Shu sababli, ommaviy tadbir o’tkazilishiga umumiy mazmunda “xavfsizlikka rahna solyapti” deya cheklov qo’yish noqonuniy hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilikda miting, yig’ilish yoki namoyishlar o’tkazish qay holatlarda Konstitutsiyada ishora qilingan “xavfsizlik”ni buzishi yoki boshqalarning huquq va erkinliklariga rahna solishi haqida tushuntirish berilmagan.

Ommaviy tadbir o’tkazish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Masalan, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 201-moddasida yig’ilishlar, mitinglar, ko’cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o’tkazish tartibini buzganlik uchun eng kam ish haqining 60 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha bo’lgan muddatga ma’muriy qamoqqa olish belgilangan. Jinoyat Kodeksining 217-moddasida esa bunday holat uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo’lib, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibinining yig’in tashkilotchisi tomonidan buzilishi, agar bu harakat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki olti oygacha qamoq yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Respublika sudlari tomonidan ommaviy tartibsizliklar uchun javobgarlik to’g’risidagi qonunlarni qo’llash amaliyoti bilan bo’gliq ayrim masalalar to’g’risida”gi Qarorining 1(e)-bandida biror bir jinoiy harakatni sodir etmagan, ammo ommaviy tartibsizlik jarayonida olomon orasida bo‘lgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilmasligi, balki yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibinibuzganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi lozimligi qayd etilgan.

Ommaviy tadbir o’tkazish “tartibi”ga Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi Kodeks (201-modda) va Jinoyat Kodeksi (217-modda) ham ishora qiladi. Ammo mazkur qonun hujjatlarining birontasi yig’ilishlar, mitinglar va namoyishlar o’tkazish tartibi nimalardan iborat ekanini bayon etmaydi.

Miting, yig’ilish yoki namoyish o’tkazish tartibi aniq belgilab berilmagani uchun, shaxslarni na ma’muriy va na jinoiy javobgarlikka tortish mumkin. Buning asosiy sababi shundaki, ma’muriy va jinoiy javobgarlik qonuniylik, odillik va ayb uchun javobgarlik prinsiplariga asoslanadi. Qonuniylik prinsipiga ko’ra, sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavfi va jazoga sazovorligi faqat Jinoyat yoki Ma’muriy javobgarlik Kodekslari bilan belgilanadi. Bu degani, agar Kodeks javobgarlikni ma’lum tartibning buzilishi uchun belgilagan bo’lsa, lekin mazkur tartib aniq belgilab berilmagan bo’lsa, javobgarlikka tortish mumkin emas.

Odillik prinsipi esa taqiqlangan xatti-harakatni sodir etgan shaxsga nisbatan qo’llaniladigan jazo xatti-harakatning og’ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo’lishi kerakligini belgilaydi. Qonuniylik prinsipida kuzatilgani kabi, miting, yig’ilish yoki namoyish o’tkazish tartibi nimadan iboratligini bilmasdan turib, iddao qilinayotgan tartib buzilishining og’ir-yengilligini va aybning ijtimoiy xavflilik darajasini belgilashning imkoni yo’q.

Ayb uchun javobgarlik prinsipi ushbu masalaga bevosita aloqasi bo’lgan tamoyildir. Unga ko’ra, shaxs aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo’lishi mumkin. Ommaviy tadbir o’tkazish tartibi qonunchilikda belgilanmagani bois shaxsni uni buzganlikda ayblash noqonuniy hisoblanadi.

Miting, yig’ilish yoki namoyish o’tkazish tartibi haqida huquqiy adabiyotlarda turli takliflarni uchratish mumkin. Jumladan, Jinoyat Kodeksiga berilgan sharhlarda ommaviy tadbirlardan birini o’tkazish to’g’risida mahalliy ijro etuvchi hokimiyatga yozma ravishda murojaat etilishi kerakligi aytiladi (Rustamboyev M. X., “Ilm-Ziyo” 2006). Mazkur murojaatda tadbirni o’tkazish maqsadi, shakli, joyi, boshlanish va tugash vaqti, harakatlanish yo’nalishi kabi ma’lumotlar ko’rsatilishi kerak (Rustamboyev, 568-bet). 2006-yilda sobiq Adliya Vaziri va hozirda Oliy Sud Raisi Bo’ritosh Mustafoev tahriri ostida chop etilgan Kostitutsiyaviy huquq lug’atiga ko’ra esa, namoyisho‘tkazuvchilarning tashabbuskor guruhi, namoyish o’tkazish uchun rasmiy ruxsat olish uchun, mahalliy hokimlik idorasiga 10 kun ilgari ariza bilan murojaat qilib, uni o’tkazish uchun rasmiy ruxsat olishi kerak. Ayni manbada Miting o’tkazish uchun ham, “qoida tariqasida, […] oldindan ijro etuvchi hokimiyat organlari xabardor” qilinishi kerakligi aytiladi. Mahalliy hokimiyat organining “bunday xabarni qabul qilishdan bosh tortishi miting o‘tkazilishi mumkin emasligini bildiradi”, deya yozilgan.

Mazkur adabiyotlarda berilgan sharhlar qonuniy kuchga ega emas.

Birinchidan, yuqorida tilga olingan tartiblar hech qaysi huquqiy-me’yoriy hujjatda qayd etilmagan. Jumladan, amaldagi hech bir qonun yoki qonunosti hujjatida ommaviy tadbir tashkilotchilari mahalliy hokimiyat organiga ariza yozib, oldindan ruxsat olishi kerakligi belgilanmagan.

Ikkinchidan, konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan ruxsat olinmaydi. Ariza topshirilgan taqdirda ham, u ruxsat olish uchun emas, balki mahalliy hokimiyat organlarini ommaviy tadbir haqida xabardor qilish uchun topshiriladi.

Ommaviy tadbirlarni o’tkazish bo’yicha amaliy tavsiyalar

  1. O’z huquqingizni talab qilish uchun miting, yig’ilish yoki namoyish kabi ommaviy tadbirlardan birini o’tkazishdan oldin boshqa qonuniy choralardan to’la foydalanishga harakat qiling. Masalan, huquqiy muammo hal etilishini talab qilib tegishli mansabdor shaxs ustidan yuqori turuvchi davlat organiga yoki sudga shikoyat qilishingiz mumkin.

Yozgan shikoyatingiz natija bermasa, shikoyatlar e’tiborsiz qoldirilganligi ustidan yana munosib tartibda yuqori turuvchi organlarga shikoyat yuborishingiz kerak. Mazkur xatti-harakatlaringiz, ommaviy tadbir o’tkazilmasdan oldin amalga oshirilgan qonuniy choralar natija bermaganini ko’rsatishda yordam beradi.

  1. Huquqlaringizni himoya qilishning boshqa qonuniy yo’llari qolmagani sababli ommaviy tadbir o’tkazishga qaror qilsangiz, mazkur tadbir o’tkazilishiga aloqador va ungacha bo’lgan barcha harakatlaringizni qayd etib boring. Masalan, mahalliy hokimiyat gaz bilan o’z vaqtida ta’minlamayotgan bo’lsa, bu haqda shikoyat qilib yozgan barcha arizalaringizning nusxalarini saqlab qo’yishingiz kerak.
  2. Ommaviy tadbir o’tkazishdan oldin, albatta, ishonchli va malakali advokat bilan maslahat qiling. Ommaviy tadbirni o’tkazish haqida, bu ishga qo’l urish natijasida kelib chiqishi mumkin bo’lgan oqibatlarga qanday javob berish lozimligi to’g’risida to’liq ma’lumotga ega bo’ling.
  3. Ommaviy tadbir qayerda va qanday o’tganini tasvirga olishga harakat qiling. Bu sizga sudda ommaviy tadbir tinch o’tganligi va noqonuniy xatti-harakatlar bo’lmaganini isbotlashda kerak bo’ladi. Ommaviy tadbirni tasvirga olishda iloji boricha bir necha kishi jalb qilinishi kerak. Shunda o’z vakolatlarini suiiste’mol qilgan militsiya xodimi kamerani olib qo’ysa ham, boshqa kameralarga tushirilgan lavhadan foydalanishingiz mumkin bo’ladi. Ommaviy tadbirni kameraga yozib olishning ilojisi bo’lmasa, hech bo’lmasa, ovoz yozib oluvchi moslamaga ovozlarni yozib olishga harakat qiling. Uyali telefonlarning aksariyatida ovoz yozib olish imkoniyati mavjud.
  4. Ommaviy tadbir o’tkazish uchun davlat organiga ariza topshirib ruxsat olishingiz shart emas. Ammo shunday qilishning ba’zi foydali jihatlari mavjud. Masalan, ariza topshirish orqali ommaviy tadbir o’tkazishdan maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlariga e’tiborni qaratish, maqsad jamiyatda tartibsizliklar keltirib chiqarish emasligi, balki ommaviy tadbir tinch va boshqalarning huquq va manfaatlariga putur yetkazmagan holda amalga oshirilishini alohida ta’kidlab o’tishingiz kerak. Bu ham o’z o’rnida ish sudga yetib borgan taqdirda, ommaviy tadbir ishtirokchilari noqonuniy maqsadlarni ko’zlamaganini isbotlashga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, arizada amaldagi davlat tuzumini konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga yoxud qonuniy ravishda saylab qo‘yilgan yoki tayinlangan hokimiyat vakillarini hokimiyatdan chetlatishga yoxud O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini konstitutsiyaga xilof tarzda buzishga ochiqdan-ochiq da’vat qilish, shuningdek, bunday mazmundagi materiallarni tarqatish niyatingiz yo’qligini bildirishingiz kerak.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

March 2016
M T W T F S S
« Feb   May »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031