“Diplomimni berishmayapti, nima qilay?”

Posted May 9th, 2016 at 6:09 pm (UTC+0)
Leave a comment

file0001522837682-610x259Savol: Men bir oliygohni bakalavr yo’nalishini to’lov shartnoma (kontrakt) asosida o’qib bitirdim. Ammo shunday bo’lsa-da, diplomimning aslini ololganim yo’q. Diplomdan ko’chirma (ilova) oldim. Aslini olishim uchun esa «Bitiruvchining ish bilan bandligini o’rganish dalolatnomasi»ni to’ldirib kelishim shart ekan. Bu dalolatnomada esa, albatta, ishga joylashgan korxona muhri, ishga kirgan sana va buyruq soni, shuningdek, mehnat daftarchasi va jamg’arib boriladigan pensiya daftarchasi ochilganligi haqidagi ma’lumot va bandlikka ko’maklashuvchi markaz muhri hamda shu markaz vakilining imzosi bo’lishi lozim ekan.
Savolim quyidagicha:
1.Ushbu ko’rsatilgan amal qaysi qonunga asosan amalga oshirilayapti? Nega men kontrakt to’lab o’qigan bo’lsam ham diplomimning aslini ololmayman?
2. Dalolatnoma bo’yicha ishga olayotgan korxona esa diplom ilovasi bilan ishga olishi mumkinmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi PQ- 92-sonli qaroriga asosan O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, oily va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, xalq ta’limi vazirligi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiining 2005-yil 7-iyuldagi 58,  154-1, 19 va 02/2658-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to’g’risida”gi  Nizomning 1-bandiga ko’ra, barcha ta’lim yo’nalishlari bo’yicha  davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006-o’quv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida  uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.

Mazkur nizomning 18-bandiga muvofiq, bitiruvchilar taqsimot bo’yicha uch yil ishlab berganlaridan so’ng unga oily ta’lim muassasasi tomonidan bir hafta muddat ichida mehnat daftarchasiga muvofiq diplomning asl nusxasi beriladi. Ya’ni, davlat granti asosida tahsil olgan talabalargina  majburiy  uch yil ishlab bermagunlaricha diplomlarining asl nusxasini oliy ta’lim muassasasidan talab qila olmaydilar. Bu qoida o’z hisobidan to’lov kontrakt asosida tahsil olgan talabalatga tadbiq etilmaydi.

Demak, sizning holatingizda oliy ta’lim muassasasida to’lov kontrakt asosida tahsil olganingiz uchun diplomingizning asl nusxasini bemalol talab qilib olishingiz mumkin.

Endi bevosita siz tushgan holatga izoh beradigan bo’lsak, aslida bitiruvchilarning ish bilan bandligini o’rganish dalolatnomasi, har bir oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasasida maxsus tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan, talabalarning yashash joylariga tashrif buyurgan holda, ana shu ishchi guruh tomonidan to’ldirilishi kerak. Ya’ni, sizga “mazkur dalolatnomani to’ldirib bermaguningcha diplomni bera olmaymiz” deyishga o’quv muassasasining  haqqi yo’q. Chunki bu ularning ishi, ya’ni, ular amalga oshirishi kerak bo’lgan ish. Nazarimizda, bu yerda ta’lim muassasasi shunchaki o’ziga yuklatilgan vazifani ortiqcha urinishlarsiz hal etmoqchi.

Endi, yuqorida keltirilgan javobni huquqiy jihatdan asoslaylik.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligining 2010-yil 3-noyabrdagi “2009/2010-o’quv yilida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik monitoringini olib borish to’g’risida”gi 415-sonli buyrug’i mavjud. Mazkur buyruqni Lex.uz kabi omma uchun ochiq normativ huquqiy hujjatlar bazasidan topishning imkoni bo’lmaganligi sababli buyruqdan aynan sizning savolingizga javob bo’ladigan bandlarini so’zma-so’z keltirib o’tamiz.

Buyruqdan ko’chirma:

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 1-apreldagi “Iqtisodiyotning real tarmoqlari va sohalarida tLb qilingan malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash to’g’risida”gi R-2961-sonli Farmoyishi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil  16-iyuldagi “2010-yilning I yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2010-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining eng muhim vazifalari amalga oshirilishini so’zsiz ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi 3-sonli majlis bayoni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PF-4232-sonli Farmoni va Oliy va O’rta maxsus ta’lim vazirligining  2010-yil 26-martdagi “Oliy va O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muasssasalarining bakalavr va magistr kadrlarga bo’lgan ehtiyojlariga muvofiq bitiruvchilarni ishga taqsimlash va joylashtirishni ta’minlash to’g’risida”gi 129-sonli buyrug’i ijrosini ta’minlash hamda 2009/2010-o’quv yilida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik monitoringini olib borish maqsadida

BUYURAMAN:

2009/2010-o’quv yili bitiruvchilarinig bandlik monitoringini olib borishga oid jadvallar 1-5 ilovalarga muvofiq tasdiqlansin;

Oliy ta’lim muassasalari rektorlari va filiallari direktorlariga: 2.1 oliy ta’lim muasasasi tomonidan 2010-yilning 2-10-noyabr kunlari 2009/2010-o’quv yili bitiruvchilarining bandlik monitoringi 1-5 ilovalarga muvofiq olib borilsin; 2.2 Oliy ta’lim muassasasida 2009/2010-o’quv yili bitiruvchilarinig bandlik holati (ishga joylashishi, o’qishni davom ettirishi, ijtimoiy ta’tilga chiqishi, muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi va.h.k) joylarga chiqib viloyatlar va tumanlar kesimida o’rganuvchi va inventarizatsiyadan o’tkazuvchi ishchi guruhlar tashkil etilsin va ularning faoliyati yo’lga qo’yilsin;

Respublika hududlari va oily ta’lim muassasalari kesimida bitiruvchilarning bandlik monitoringini tashkil etish va o’tkazish bo’yicha vazirlik ishchi guruhi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda belgilangan muddatlarda xizmat safariga jo’natilsin;

Xizmat safari xarajatlari  o’rnatilgan tartibda xodimlarning asosiy ish joylaridan qoplansin”.

Xulosa o’rnida shuni aytib o’tish lozim:

1. Bitiruvchilarnind ish bilan bandligini o’rganish dalolatnomasini to’ldirish siz ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi xodimlarining ishi, siz to’ldirmaysiz.

2. Siz oliy ta’lim muassasasida to’lov kontrakti asosida tahsil olganingiz uchun sizda uch yil majburiy ishlab bersh majburiyati yoq, shu sabab ta’lim muassasasi sizga diplomingizni aslini berishi shart.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

May 2016
M T W T F S S
« Mar   Aug »
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031