Shaxsni bedarak yo’qolgan yoki vafot etgan deb topish qanday amalga oshiriladi?

Posted August 11th, 2013 at 4:20 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol:  Eri qidiruvda bo’lgan ayol qanday qilib nikohni bekor qilishi mumkin?

Javob: Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish Qoidalariga muvofiq,  agar shaxs sud tomonidan bedarak yo’qolgan, deb topilsa, arizacha yashab turgan tumandagi FHDYO organiga nikohni bekor qilish to’g’risida ariza berishi mumkin.

Bedarak yo’qolgan odamning huquqiy holati [AUDIO]

Fuqarolik kodeksining 33-moddasiga ko’ra, agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumot bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq, tuman fuqarolik ishlari bo’yicha  sudi bu fuqaroni bedarak yo’qolgan deb topishi mumkin. Shunday ekan, eringiz qidiruvda deb rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir yil o’tgach, siz yoki boshqa manfaatdor shaxs yashab turgan tumandagi fuqarolik ishlari bo’yicha sudga eringizni bedarak yo’qolgan deb topish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Sud eringizni bedarak yo’qolgan shaxs deb topsa, bu haqda qaror qabul qiladi. Mana shu qaror bilan FHDYOga nikohingizni bekor qilishni so’rab murojaat qilishingiz mumkin.

Sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan shaxs qaytib kelsa, uning murojaati bo‘yicha FHDYO organi unga ham nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beradi.

Agar eringiz hali bedarak yo’qolgan shaxs deb topilmagan bo’lsa va boshqa kutishni xohlamasangiz, hozirning o’zida o’zingiz yashab turgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga nikohdan ajratish to’g’risida ariza berishingiz mumkin. Arizangizga eringizning qidiruvda ekanligi haqida Ichki ishlar idorasidan ma’lumotnomani ilova qilishingiz kerak.

Read the rest of this entry »

Sudlanganlikni qanday olib tashlash mumkin?

Posted July 6th, 2013 at 4:56 pm (UTC+0)
1 comment

Savol:Sudlanganlikni olib tashlash uchun ariza yozmoqchi edim. Shu ish yuzasidan ma’lumot bersangiz.

Javob: O’zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi XIV bobi sudlanganlikka bag’ishlangan bo’lib, jumladan, 77-moddada shunday deyiladi:

Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir.

Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.

Jazoni o‘tagan, ammo qonunning o‘zgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek, sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik ma’lum bir mansabni egallash yoki ayrim faoliyat bilan shug’ullanishda cheklovlarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, sudlanganlik advokatlik faoliyatini amalga oshirishni cheklaydi.

Faqat ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar qonunda belgilangan ma’lum muddat o’tgandan keyin sudlanganlik holatini muddati tugamasdan oldin olib tashlash haqida sudga iltimosnoma kiritishi mumkin. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazo bilan jazolangan shaxslar o’zlariga nisbatan belgilangan sudlanganlik holatini to’liq o’tashlari lozim. Ularning sudlanganlik holatini muddatidan oldin tugatish mumkin emas.

Sudlanganlik holatining tugallanishi

Kodeksning 78-moddasiga ko’ra, shaxsning sudlanganlik holati, berilgan jazo turi va muddatiga qarab, quyidagi paytlarda tugallanadi:

a) shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sinov muddati tugagan kundan boshlab;

b) xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;

v) jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;

g) qamoq jazosi o‘talganidan keyin — ikki yil o‘tgach;

d) besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach;

e) besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — etti yil o‘tgach;

j) o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.

Read the rest of this entry »

Talabalar va ularning ota-onalari uchun soliq imtiyozi bormi?

Posted June 27th, 2013 at 4:07 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Kontrakt asosida o’qiyotgan talabalar soliq to’lashdan ozod etiladimi? Ularning ota-onalarichi? Qonunchilikda bu haqda nimalar deyilgan?

Javob:

(Audio: Talabalar uchun soliq imtiyozi)

O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining  170-moddasida soliq solinadigan baza haqida norma belgilangan bo’lib,

“Soliq solinadigan baza jami daromaddan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 179 va 180-moddalariga muvofiq soliq solishdan ozod qilingan daromadlar chegirilgan holda aniqlanadi”, deyilgan.

179-moddada jismoniy shaxslarning soliq solinmaydigan daromadlari ro’yxati keltirilgan. Uning 31-bandi quyidagicha ifodalanadi:

“31) fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining:

O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim olish uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining o‘qishi uchun) yo‘naltiriladigan summalari.”

Demak, amaldagi Soliq kodeksi 179-moddasining 31-bandiga binoan jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarda ta‘lim olishi uchun (o‘zining o‘qishi yoki yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarning o‘qishi uchun) yo‘naltirilgan summalari hisoblangan daromadlariga soliq solinmaydi.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining 2010-yil 24-mart qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish uchun yo’naltiriladigan mablag’larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyozni qo’llash tartibi to’g’risidagi” nizomga binoan 2010-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta‘lim olishga (o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshga to’lmagan farzandlarining ta‘lim olishi uchun) yo’naltiriladigan summalariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinmaydi.

Ushbu Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyoz jismoniy shaxslarning soliq solinadigan daromadlarini O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshgacha bo’lgan o’z farzandlarining o’qishi uchun yo’naltiriladigan summalariga (keyingi o’rinlarda o’qish uchun to’lov deb yuritiladi) kamaytirish (keyingi o’rinlarda soliq chegirmasi deb yuritiladi) ko’rinishida beriladi.

Read the rest of this entry »

Ikki fuqarolik haqida

Posted June 22nd, 2013 at 7:55 pm (UTC+0)
2 comments

Savol: O’zbekiston fuqarolarining xorijda tug’ilgan farzandlari ikki davlat, ya’ni O’zbekiston va o’zi yashab turgan davlatning fuqaroligini olishi mumkinmi?

Javob:

(AUDIO: Ikki fuqarolik haqida)

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o’rnatiladi. Demak, O’zbekiston Respublikasida ikki fuqarolikka yo’l qo’yilmaydi.

”O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunning 14-moddasiga ko’ra, ota-onasining fuqaroligi har xil bo’lib, ulardan biri bola tug’ilgan paytda O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lgan bo’lsa, agar bu vaqtda ota-ona O’zbekistondan tashqarida doimiy istiqomat joyiga ega bo’lgan bo’lsalar, O’zbekiston Respublikasidan tashqarida tug’ilgan bolaning fuqaroligi ota-onasining yozma tarzda ifodalangan kelishuvi asosida belgilanadi. Demak, keyingi farzandlaringiz tug’ilganda ularning O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lishini xohlasangiz, farzand tug’ilgan vaqtda buni turmush o’rtog’ingiz bilan yozma tarzda ifodalangan kelishuv asosida rasmiylashtirishingiz mumkin.

Turkiya fuqaroligiga ega farzandingizni O’zbekiston fuqaroligiga o’tkazishni xohlasangiz, ”O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi qonunining 17-moddasiga asosan, ota-onasidan biri, ya’ni siz O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo’lganligingiz uchun farzandingizning Turkiya fuqarolidan voz kechganligi, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini tan olishini ifodalab, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini so’rab Turkiyada joylashgan O’zbekiston diplomatik vakolatxonalariga yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishingiz kerak. Arizaga Turkiya fuqaroligidan voz kechganlikni isbotlovchi Turkiya davlati tomonidan berilgan hujjat ilova qilinishi kerak.

Read the rest of this entry »

Chet elda OVIR muddati o’tib ketgan fuqaro javobgarlikka tortiladimi?

Posted June 10th, 2013 at 5:40 pm (UTC+0)
28 comments

O’zbekistondan xorijga chiqish uchun beriladigan OVIR vizasi haqida fuqarolardan bizga ko’plab savollar tushadi. Quyida ana shunday savollarning ayrimlariga javob bermoqchimiz.

Savollar:

1. Xorijdagi O’zbekiston fuqarosi, agar OVIR vizasi muddati o’tib ketgan bo’lsa, o’zi yashab turgan davlatdan boshqa bir xorijiy davlatga OVIRsiz chiqishi mumkinmi? Bu fuqaro keyinroq O’zbekistonga qaytsa,  muammo bo’lmaydimi ?
2. Xorijdagi O’zbekiston elchixonasi yoki konsulligida OVIR muddatini cho’zdirish mumkinmi?
3. OVIR vizasini olish muddati qancha?
4. OVIR vizasini doimiy muddatga olish mumkinmi?

Javoblar:

(AUDIO: OVIR vizasi haqida )

Muddati tugagan OVIR vizasi bilan bir xorijiy davlatdan ikkinchi xorijiy davlatga chiqish mumkinmi?

OVIR vizasi faqatgina O’zbekiston hududidan tashqariga chiqish uchun ruxsat beradigan viza bo’lib, chet elda bo’lgan davrda OVIR vizasi muddatining tugashi MDH davlatlaridan boshqa chet el davlatlariga chiqishga to’sqinlik qilmaydi. O’zbekiston hududidan MDH davlatlariga chiqish uchun OVIR vizasi talab etilmaydi. Ammo OVIR vizasisiz chiqish mumkin bo’lgan MDH davlatlariga chiqib, undan so’ng boshqa xorij davlatlariga OVIR vizasisiz chiqib bo’lmaydi. Chunki bu narsa O’zbekiston orqali OVIR vizasi bilan chiqish lozim bo’lgan davlatlarga OVIRsiz chiqishga urinish, deya baholanadi. Buning oldini olish maqsadida, O’zbekiston Respbulikasi va MDH davlatlari o’rtasidagi kelishuvga binoan, MDH davlatlaridan OVIR vizasisiz yoki OVIR vizasining amal qilish muddati tugagan holda boshqa xorij davlatiga chiqishga yo’l qo’yilmaydi. Agar shaxsning OVIR vizasi mavjud emasligi yoki amal qilish muddati o’tganligi MDH davlatlari mutasaddilari tomonidan uchinchi xorijiy davlatga chiqib ketish paytida aniqlansa, bunday fuqaroning xorijga chiqishiga yo’l qo’yilmaydi va avval OVIR olish uchun O’zbekistonga qaytib borishga majbur qilinadi. Shuning uchun, agar OVIR vizangizning amal qilish muddati tugagan bo’lsa, MDH davlatlaridan biriga borib, u yerdan hozir o’zingiz yashayotgan davlatga yoki boshqa xorijiy davlatga OVIRsiz chiqib keta olmaysiz. MDH davlatlaridan turib uchinchi xorijiy davlatga chiqishdan oldin O’zbekistonga borib, OVIR vizasini yangilashingiz kerak bo’ladi. Ammo, MDH tarkibiga kirmagan davlatlarga amal qilish muddati tugagan OVIR vizasi bilan bemalol kirib, u yerdan boshqa xorijiy davlatga qaytib chiqib ketishingiz mumkin.

Read the rest of this entry »

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

September 2019
M T W T F S S
« Nov    
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30