Vatan Manzaralari

Kishanlangan erk timsoli

(Rauf Parfining 70 yilligi munosabati bilan)

Rauf Parfi (1943-2005) timsol edi… Tutqinlikda ham ozod, hur yashash mumkinligini ko’rsatgan, kishanlangan erkning ramzi edi.

Bugun shoir o’limidan so’ng o’tgan vaqt oralig’ida ortga qarash bu timsolning o’rni diqqinafaslikdagi ijod ahliga, ayniqsa, yoshlarga nechog’lik yetishmasligi ko’rinmoqda.

Biz, bir guruh yoshlar, hali Rauf Parfi tirikligidayoq unga vatandagi so’nggi tirik shoir nomini bergan edik. Atrofdagi turg’un bir muhitda, havosi so’rilgan bir bo’shliqda millat, jamiyat va she’riyat haqida gaplashish, tortishish mumkin bo’lgan tirik shoir edi Rauf Parfi biz uchun.

Albatta, bu ko’proq yoshlik ehtiroslari o’laroq qalqqan ta’rifdir. Ammo, negadir, u paytda bizda jamiyatdagi turg’unlik uchun amaldagi hukumat va siyosatchilar emas, ko’proq shoirlar mas’ul degan tushuncha ustun edi. Biz shoirlarga millat oldida javob beruvchi eng old qatlam sifatida qarardik, har holda Rauf Parfi misolida biz shuni ko’rardik. Biz hali hech narsani uddalamagan, go’r, ammo dimog’i osmonda, ayovsiz, sur yoshlar edik.

Biz mahkum hissiz bo’shliqdagi najot yo’li Rauf Parfi edi. Biz buni ba’zan asabiylik bilan, ba’zan qanoat va shukr bilan qabul qilardik. Biz uning ortiqcha kamtarligidan ranjirdik, uning she’r o’qishdagi qiroatidan mast bo’lardik. Sayozlashib qolgan o’zbek tilining shoir suhbatidagi jarangidan, chegaralarni kengaytirishi, jilolanishidan zavq olardik, umidlanardik.

Shoir biz uchun ayovsiz cho’ldagi ojiz yashillikka o’xshardi, biz uni qanday himoya qilishni bilmasdik. Uni yurtdan tashqarida ko’rishni tasavur qilolmasdik, o’lmasidan turib so’nggi tirik shoirdan ajrashni istamasdik.

Rauf Parfi Turkiston uchun tug’ilgan va Turkiston uchun yashab o’tgandek go’yo. Uning charxlangan satrlaridan shu so’z oqadi.

Rauf Parfi bilan bosilgan qisqa yo’l bizga og’ir bir yuk qoldirdi. Yo’q, bu ijod mas’uliyati emas, bu oddiy insoniylik, erkka, ozodlikka intilishning tabiiyligi, millat ozodligisiz shaxs ozodligi haqida ham, vatan ozodligi haqida ham gapirish o’rinsizligi haqidagi oddiy haqiqat edi.

Bugun bu yukning og’irligidan bizning qaddimiz egik…

Malik Mansur

P.S.: Rauf Parfining 70 yilligini xotirlash maqsadida Toshkentda o’tkazilishi rejalangan tadbirlar qoldirilgani haqida xabar topdik. Bu narsa safdoshlari, muxlislari qalbidan allaqachon muqim o’rin egallagan shoir xotirasi oldida nochor va ayanchli ko’rinadi. Aslida Rauf Parfi hukumat ehtiromiga hech qachon muntazir bo’lmagan. Aminman, shoir tirik bo’lganida buni ham bir paytlar hukumat unvoniga ko’rsatgan mashhur “iltifoti” kabi qabul qilgan bo’lardi.

Futbol: Braziliya chiptasining boy berilishida jurnalistlar aybdormi?

© Reuters

Xullas, bir kun avval hammani ruhlantirib turgan Braziliya umidi “Paxtakor” stadionida chilparchin bo`ldi!

Kimdir bu mag`lubyatga ko`nikdi, kimdir hanuz tushkunlikda (hamon umidni yo`qotmaganlar diqqatiga  – FIFA Iordaniyani Brazilya poygasidan chetlashtirish niyatida emas, jamoa muxlislarining Ammondagi bezoriligidan qat‘i nazar).

Iordaniya bilan o`yin bir narsani – milliy terma jamoaning taktika borasidagi  surunkali kasalligi yanada qo’ziganini ko‘rsatdi.

Aniqrog`i, bu uchrashuvgacha yetib kelgan O`zbekiston termasida taktik o`yin haqidagi tushunchaning o`zi yo`qolib bo`lgandek edi. Iordaniya bilan o`tgan so`nggi ikki uchrashuvdagi ustunlik o`yinchilarimizni  texnik ko`rsatkichlari evazigagina saqlanib turdi. To`p bilan ishlash mumkin, ammo jamoada aniq taktika yo`q ekan, to`p darvozaga kirmaydi.

Mirjalol Qosimovning iste`fo haqidagi bayonoti esa ancha kechikib, so`nggi umid ham yo`qolgach e’lon qildi (Zotan, milliy terma jamoa endi uzoq tanaffusga chiqadi). Qosimov bunday bayonot uchun o`zida avvalroq iroda topishi kerak edi – Jahon chempionatiga to`g`ridan to`g`ri  chiqish imkoniyati boy berilgandayoq. Ko’plab futbol ishqibozlarining fikri shunday.

Har holda Qatar bilan o`tgan uchrashuvdan keyingi muddatda terma jamoada qandaydir yangiliklar qilish uchun imkoniyat bor edi. Shunday bo`lgan taqdirda, bu qadam Qosimovni bugungi tanqidlardan xoli qilishdan tashqari, terma jamoaning shakillanishi uchun ham vaqt berardi.

Qosimov sidqidildan harakat qilganiga shubha yo`q, ammo professional futbolchi sifatida jamoa tayyorgarligini me`yoriga yetkaza olmayotganini ilg`amagan deyish ham qiyin.

Alamli mag`bulyatdan keyin muxlislar orasida toshayotgan ehtirosli tanqidlardan jurnalistlar ham chetda qolayotgani yo`q. To`g`ri,  O`zbekistonda matbuot keskin nazoratda, jurnalistlar ijtimoiy muammolar qarshisida sukut saqlashga majbur. Bu sukutning sababi esa Prezidentga, uning devoniga taqaladi.

Biroq, ajablanarli jihati shundaki, bu tanqidlar mutasaddi rahbarlarni  “yuvib-tarayotgan”  siyosiy maydondagi jurnalistlarga emas, milliy futboldagi muammolarni baholi qudrat yoritib turgan Uff.uz, Stadion.uz kabi nashrlarga ham qaratilgan.  Quyida Uff.uz saytida muxlislar tomonidan qoldirilgan ayrim izohlarni e’tiboringizga havola qilamiz:

#211. 2013-09-11 16:44:57
PAHTAKOR_SH

Jurnalistlar deganda bu saytlarni yurgizayotgan bolalarni aytib bo’lmiydi-da, o’zi bularda “dux” yo’q-ku. Yosh bola hammasi halq so’zi o’zbekiston ovozi shunga uhshash siyosiy gazeta jurnalistlariga borishimmiz kerak shunda biror bir ijobiy natijaga erishsak buladi darakchi gazetasini ham auditoriyasi kotta kottalar uqiydi bular uzidan qorqib yurivorishadi nima qilsak ekan deb siyosiy gazeta muharrirlariga berish kerak

 

Ehtimol bu izoh mualifi futbol nashrlaridan boshqa matbuotni o`qimas, har holda, bu narsa boshqa sayt foydalanuvchilari tomonidan ham ilg`angan:

#212. 2013-09-11 16:51:08
OTABEK0505

Сиз точно ҳазиллашаяпсиз! Ўзбекистонликмисиз ўзи? Халқ сўзи ёки Ўзбекистон овозида қачон охирги марта танқидий мақола ўқигансиз?

 

#199. 2013-09-11 15:43:22
MEKSIKA2011

Илгари Руний деган бир журналистимиз бор эди. Ўша йигит футболимиз рахбарларини камчиликларини очиб ташлагани учун уни қамаб юборишди. Шу сабаблиям ҳозирги журналистларимиз қўрқса керакда!!

 

#198. 2013-09-11 15:42:32
UZ_INTERELLO

Журналистлар катта сахнага чикмаса нима килиб юришибди. узи бундан бошка киладиган ишилар борми, нима учун юрибсанлар журналистман деб унакада!!!!?????????

 

#192. 2013-09-11 15:05:52
FITRAT

Хурматли журналистлар! Хуп майли сизларни хам тушундик. Сизларда хам оила, бола-чака бор. Рузгор бор. Сизларга айримлардан босим булиши мумкин. Тушунамиз. АММО… Келинг бир таклиф. Хамма мухлислар номидан уша футболнинг юкори мутасаддиларини чакириб бир жойга йигиб, барча спорт журналистлари, тегишли мутахассислар, бир гурух мухлислар куз унгида худди Гулнора Каримова якинда Чирчикда утказган онлайн конференция ташкил этганга ухшаган анжуман ташкил килсаларинг буладику! Мутасаддилар термамиз нима учун бу ахволга тушганини халк сурашга хакки борми, йукми? Мутасаддиларга шу мурожаатни билдириш шунчалик кийинми? Агар сиз мурожжат килиб, улар рад жавоби берса, гунох сизлардан сокит. Ана ундан кейин халк олдида сизнинг хам юзингиз ёруг булади.

 

Aslida, boy berilgan o`yindan keyingi ehtiroslar, alam va iztiroblar ko`cha-kuydagi ur-yiqitlar, bezorilik bilan emas, aynan shu kabi nashrlar taqdim etayotgan maydonda to`kilmoqda.

“Paxtakor” satdionidagi uchrashuvdan keyin Stadion.uz saytida boshlangan sukut hatto bir qadar xavotir ham uyg`otadi. Shaxsan Mirabror Usmonov tomonidan nishonga olingan, tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bu nashrda negadir kechagi o`yin haqida ham, Qosimov iste`fosi haqida ham lom-mim deyilmadi.  Nashr jurnalistlari alamli mag`lubiyatdan hali ham o’zlariga kela olmayotgan bo’lsa ajab emas.

Diqqatlisi, mayli, hozircha futbol muxlislari darajasida bo`lsa-da jurnalistlarga nisbatan e`tirozlarning ochiqlashayotgani, ijtimoiy hayot, jamiyatda jurnalistlar o`rniga ehtiyoj sezilayotgani, ta’bir joiz bo`lsa, xolis jurnalistikaga nisbatan talabning shakillanayotganidan dalolatdir, deya o’zimizni ovutamiz.

Chilparchin bo`lgan Braziliya umidiga qaytsak. Milliy terma jamoada nimadir noto`g`ri ketayotganini, dastlab, shu “dux”siz jurnalistlar payqadi. Bu haqda yozildi, tahlil qilindi. Natija shunday tugashini sezishgandek, O`FF mutasaddilariga murojaat bilan ham chiqishdi. Ammo bu mulohazalar O`FF prezidenti Mirabror Usmonov tomonidan keskin tanqid bilan kutib olindi.

Xulosa shuki, agar o`z vaqtida o`zbek futboli jamoatchiligini tashkil etgan jurnalistlar fikri bilan hisoblashilganda, “Paxtakor”dagi  shonsiz jang g`alaba bilan tugashi, minglab muxlislar iztirob o’tida qovrilmasligi aniq edi!

Malik Mansur

Ismoil Gaspirali qabriga ziyorat

Simferopoldan Bog`chasaroy tomon ketishdagi  manzara  – yo`l yoqalab  cho`zilgan  yam-yashil uzumzorlar O`zbekistondagiga, ayniqsa, Urgutdagi uzumzorlarga juda o`xshash.  Bu uyg`unlikdan zavqlanib ketarkanman, haydovchining sof o`zbek tilida O`zbekistonni qayeridan ekanligimni so`rashi hayartimni yanada oshiradi.

Sal o`tibgina hali taksiga o`tirarkanman, do`stlarim bilan o`zbekcha xayr-xo`sh qilganimni eslayman. Haydovchi Shahrisabzdan ko`chib kelgan qrimliklardan ekan, kelganiga ham 20 yildan oshibdi. Avvaliga  ancha qiyin bo`ldi, keyinchalik ko`nikdik, deydi u. Yaqinda O`zbekistonga, sinfdoshlar o`tirishiga borishni rejalayotgan ekan.

O`zbekistonga rosa o`xsharkan,  deb uzumzorlarga ishora qilaman. Ha, shuning uchun qrimliklarni ko`pchiligi asosan shu atroflarga joylashishdi, deya miyg`ida kuladi u.

Blmadim, tabiat manzarasidanmi yoki qrimlik haydovchining toza o`zbek talaffuzi tufaylimi,  ishqilib o`zingni begona emas, O`zbekistonni qaysidir viloyatida yurgandek his qilasan, beixtiyor avlodlardan kelayotgan yaxlit Turkiston orzusi mutlaqo tabiiyligini anglaysan.

Haydovchi Bog`chasaroy ziyoratiga otlanganimni eshitib, Xonsaroydan tashqari yana ko`rish mumkin bo`lgan bir-ikki joylarni maslahat beradi. Ular orasida meni Bog`chasaroy safariga chorlagan asosiy maqsad – Ismoilbey Gaspirali qabrining  ziyorati yo`q, ammo bu meni ortiqcha bezovta qilmaydi ham, zotan, Bog`chasaroy, avvalo, Qrim xonlarining so`nggi qarorgohi sanalmish Xonsaroy bilan mashhur.

Haydovchidan Gaspirinskiy maqbarasi haqida so`rab o`tirishni lozim topmayman. Uning qabri Xonsaroydan 10 daqiqalik yayov masofada,  Zanjirli madrasasida joylashganini bilaman. Qrimlik yurtdosh bilan Xonsaroy yaqinida xayrlashamiz, men unga, u menga omad tilaydi.

Bog`chasaroy… Qrim xonligining so`nggi poytaxti,  hozir asosan sayyohlar shahriga aylangan, markaziy xiyobon dam oliuvchilar bilan gavjum.

Markazdan ichkari tomon jin ko`chalar ketganini, hatto ayrim imoratlar paxsa devorlar bilan o`ralganini ilg`ayman, tanish, qadrdon manzaradek. Shahar bilan, markaziy ko`cha bo`yida mo`jiza kabi turgan Xonsaroy bilan tanishishni keyinga surib, Zanjirli madrasasi tomon yo`l qidiraman.

Bog`chasaroyliklar Zanjirliga eltuvchi marshrutkaga o`tirishni maslahat berishadi, yayov borishni mo`ljallagan bo`lsam-da, joyidan qo`zg`alayotgan ulovga chiqishga ulguraman.

Yo`l – yo`lakay  Ismoil Gaspirali haqida nimalar bilishimni o`ylayman. Gaspirali shaxsiga ehtirom bizda, turkiy o`zbeklarda ko`proq Fitrat va Cho`lponlar orqali uy`g`ongan. Turkiston uyg`onish harakatining ilhomchisi, ulkan ma`rifiy voqelik sanalgan jadidchilik, turk tilida chop etilgan ilk gazeta asoschisi.  Har holda aniq va  lo`nda ta’rif – Ismoil Gaspiralining  turk dunyosini mustahkam ustunlaridan biri ekanidir.

Aytgancha, har bir soni Turkistonda ham intiqlik bilan kutilgan “Tarjimon” gazetasi  aynan Bog`chasaroyda nashr qilingan. Ilk soni 1883-yilning aprelida chop etilgan bu gazeta 30 ming nusxagacha  chiqqan. Sal kam ikki asr avvalgi vaqt uchun bu ulkan ko`rsatkich.  Bog`chasaroydan butun turkiy o`lkalar bo`ylab tarqagan “Tarjimon” tukiy dunyosiga inqilobiy yangilik sifatida kirib kelgan edi. Dunyo turklari uchun o`rta turk tilini tanlash g`oyasi ham shu gazetadan boshlangan. Ismoil Gaspirali “Tarjimon”ni barcha turkiylar anglashi mumkin bo`lgan soddalashtirilgan turk tilida chop etadi. Bu tarixiy gazetaning binosida bugun Ismoil Gaspiralining uy  muzeyi joylashgan.

Qrim tatarlarining uzoq quvg`unlikdan so`ng o`z vatanlariga qaytishi, turli to`siqlarga  qaramasdan tirishqoqlik bilan qayta uy-joy qilishayotgani, buning uchun o`zlarida kuch, iroda topishayotgani, bular ortida  Ismoil Gaspirali qoldirgan mohiyat va ma`rifatning  o`rni salmoqli ekaniga shubha yo`q.

Albatta, qrimlik do`stlardan Milliy Majlisning bugungi faoliyati, siyosati haqida eshitgan turli qarama-qarshi fikrlar ham xayolimda aylanadi.  Majlis raisi Mustafo Jamil bilan uchrashish masalasini ertaroq gaplashmaganimga afsus qilaman, har holda men murojaat qilgan odamlar biroz kechikkanimni, Mustafo og`a Umra safariga yo`l olganini aytishgandi.

Shunday xayollar bilan Zanjirli madrasasiga kirib boraman. Toshdan ko`tarilgan bu madrasa uzoqdan qaraganda biroz pastakroq,  tog` yonbag`riga singib ketgandek  ko`rinadi. Madrasaga 1500-yilda  Qrim xoni  Mengli Gerayxon tomonidan asos solingan. Teparoqda esa Mengli Gerayning otasi Geraylar sulolasining bosh bo’g`ini  Hoji Geray Xon maqbarasi joylashgan.

Ismoil Gaspiralining qabri ana shu mo`tabar joyda.  Zanjirli madrasasi va Hoji Geray maqbarasidan 50 metrlar chamasi nariroqda mo`jazgina bir maydon tashkil qilingan. Qrimliklar bu maydonda o`zlarining aziz va atoqli farzandlarini dafn etishgan.

Gaspralining qabri shu yerdaligiga  yo`lakda o`rnatilgan ko`rsatmalar ham ishora berib turadi.  Sovetlar davrida Ismoil Gaspirinskiy qabri surib tashlangan, keyinchalik 90-yillarda qabr qaytadan obod qilingan, yodgorlik o`rnatilgan.

Qabrtoshga rus tilida “Qrim tatar xalqining buyuk farzandi, gumanist, ma`rifatparvar va adabiyotchi Ismoilbey Gaspirali xotirasiga o`rnatildi. 21.03.91” deb yozilgan.  Men ham turk dunyosining buyuk mutafakkiri xotirasi, uning ruhiga  tilovat qilish uchun tiz cho`kaman.