Bu satrlarni yozayotganimda AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygl Bo Bergdal ishi bo’yicha Kongressda ko’rsatma berayotgan edi.
Ha, aziz gapdoshim, bugun men mana shu siyosiy mavzuda mulohaza yuritmoqchiman.
Amerika armiyasi serjanti, besh yil oldin toliblar qo’liga tushgan Bo Bergdal ishi haqida “Amerika ovozi” sahifalarida ko’p yozildi. Ma’naviy axloqi xususida sobiq safdoshlari yakdil bo’lmagan bu yigitning Tolibon harakatining besh nafar yuqori martabali vakiliga almashtirilishi Vashingtonda qiz’gin muhokama qilinishda davom etmoqda.
Men esa bu masalada quyidagi fikrlarni bildirmoqchiman.
Avvalambor, AQSh hukumatining asirlikda qolayotgan yagona harbiyni ozod etish haqdagi qarori to’g’ri deb hisoblayman. Yigitning ilgarigi xatti-harakatlari qanday bo’lganini chetga sursak, Oq uyning uni vataniga qaytarish qarori ulkan ma’naviy va mafkuraviy ahamiyatga egaligini tushunamiz. Chunki bu bilan rasmiy Vashington hozirda AQSh armiyasi saflarida urush zonalarida xizmat qilayotgan, shuningdek, kelajakda Amerika harbiy formasini kiyishi mumkin bo’lgan har bir yigit va qizga “biz sizni tashlab qo’ymaymiz”, dedi. Bu juda katta ramziy ahamiyatga ega qadam.
Biz, sobiq Sovet Ittifoqidan chiqqan odamlar Stalin rejimi nemis fashistlari konsentratsion lagerlariga asir tushgan odamlarni to’g’ridan- to’g’ri SSSRning GULAG lagerlariga yuborganini, ularni avtomatik ravishda vatan xoinlari deya tamg’alaganini yaxshi eslaymiz. Vaholanki, ular orasida vatanga xiyonat qilgan odamlar haqiqatan bo’lgan yoki bo’lmaganligini hech kim o’rganishga harakat qilmagan, buni ham yaxshi bilamiz.
Shuni o’ylasam, men hech bir o’g’lonini dushmanga tashlab qo’ymaydigan davlatga tasannolar aytgim keladi.
Ikkinchi masala. AQSh qonunlariga ko’ra, Oq uy asirlikdagi askarni ozod etish haqdagi rejasidan Kongressni kamida 30 kun oldin xabardor qilishi kerak. Bergdal ishida bu qoidaga rioya qilinmagan. Obama ma’muriyati rasmiylariga ko’ra, buning uchun yetarli vaqt bo’lmagan. Asirni ozod etish uchun vaqt ziq bo’lgan va askar xavfsizligi shuni taqozo etgan, demoqda rasmiylar.
Bu masalaning boshqa tafsilotlari yana ma’lum qilinar va Oq uy qarori ortidagi sabablar yana oydinlashar.
Ammo qonun haqida gapiradigan bo’lsak, unga rioya qilish kerak. Biz sobiq Sovet Ittifoqi hududida qator avtoritar davlatlar vujudga kelganiga guvoh bo’lganmiz. O’sha mamlakatlarda qabul qilingan qonunlar ko’pgina hollarda demokartik va adolatli bo’lsa-da, amal qilinmay, faqat qog’ozda qolib ketishini bilamiz. Hokimiyatdagi bir shaxs yoki guruh qonunlarni oyog’osti qilib, faqat o’z shaxsiy manfaatlari va foydasi yo’lida harakat qiladi. Bunga ham har kuni guvoh bo’lamiz. Shu sababdan siz bilan men qonun ustivorligi naqadar muhimligini tushunamiz. Qonunga barcha bo’ysunishi kerak, davlat rahbari bo’ladimi yoki fuqaromi, qonunlarning amal qilishidan aslida har bir odam foyda ko’radi.
Uchinchisi. Masala yuzasidan bildirilayotgan yana bir xavotir – Bergdal evaziga ozod etilgan toliblarning yana qurol olishi va AQShga qarshi kurashni davom ettirishi. Xavotir asossiz emas, albatta, vaholanki, ma’lumotlarga ko’ra, ozod etilgan beshovlon bunday niyati borligi haqida allaqachon ma’lum qilgan.
Obama tanqidchilari ayirboshlash oqibatida AQSh kattaroq xavfga uchrashi mumkinligidan ogohlantirishga shoshildi.
Nazarimda, Vashington rasmiylari besh nafar tolibning qo’liga qayta qurol olishi ehtimolini yaxshi tushungan. Ozod etishga rozi bo’ldimi, demak, ular tug’diradigan xavf hozirgidan ko’p karra katta bo’lmasligini bilgan. Aks holda, besh kishini bir askarga ayirboshlamas edi. Amerikalik mutaxassislarni sodda demasak kerak, har holda, to’g’rimi?
Masala atrofidagi qiz’gin mubohasalar davom etar ekan, yangi tafsilotlar ma’lum bo’lishi ehtimoli katta. Balki mavzuga yana qaytarmiz.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim.
Gapashamiz.