TIVO’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi “Facebook” ijtimoiy tarmog’ida o’z sahifasini ochdi. Quvonarli holmi? Albatta! Lekin sahifa, uning boshi (banneri) rus tilida! Nimaga deysizmi? Bilmayman. Men ham shunday savol berdim. Nahotki butun bir boshli vazirlikda, xodimlari chet tillarini mukammal bilishi kerak bo’lgan idorada bitta sahifani davlat tilida yuritadigan odam topilmagan bo’lsa? O’zbek, rus va ingliz tillarida bo’lsa ham mayli. Yo’q, faqat rus tilida!

Bu voqea uch oydan beri o’zimga berayotgan savolni bugun siz, gapdoshlarimga tashlashga majbur qildi. Hammasi yoz boshlarida Toshkentda shakar atrofida bo’lgan… Hmm, nima desam ekan? Sovet davrini eslatadigan taqchillik (defitsit), shov-shuv va janjaldan boshlandi. Yo’q, men shakar masalasiga to’xtalmoqchi emasman. Gap rus tilida. O’shanda Toshkent bozorlarida olingan suratlar internet orqali tarqab ketdi. Bozorlarda yuzlab odamlar navbatda turibdi. Rasmlarda esa faqat rus tilidagi yozuvlar: “Sahr net. Ochirt ne delat” kabi gaplar. Xatolarga to’la so’z va iboralar. Rus tilida. O’zbekistonda.

Bundan qariyb 10-15 yil oldin bir bozorda “samiy slatki sahr” deb yozilganiga ko’zim tushgani yaxshi esimda. Xatoli yozuvlar odamni hayron qoldirmay qo’ygan desam ham bo’ladi. Qolaversa, internetda ham bunday rasmlar ko’p. Ammo men aytayotgan paytda Toshkent bozorlaridagi ahvol boshqacha edi. Shakar olaman deb turgan odamlarning deyarli hammasi o’zbek. Sotuvchilar o’zbek. Defitsitmi, boshqami, mana 23 yildan buyon mustaqil bo’lib kelayotgan O’zbekiston respublikasidagi ahvol. Xo’sh, nima sababdan rus tilida yozish kerak?

Mening rus tiliga hech qanday qarshiligim yo’q. O’zim rus tilini mukammal bilaman, rus adabiyotini sevib o’qiyman, ruslar orasida do’stlarim ko’p. O’zbekistondagi millatlararo totuvlik haqida ham fikrim baland. Bag’rikeng o’zbegimni hurmat qilaman. Ammo…

O’zbeklar, har holda Toshkentdagi o’zbeklar so’nggi paytlarda farzandlarini yana rus maktablariga beryapti, deyishadi. Buning sababi nimada? Tanishlarimdan so’radim. Rus maktablarida yaxshiroq bilim beradi, dedi ba’zilar. Boshqalar “o’zbek tilini shundoq ham biladi bolam. Uyda o’zbekcha gaplashamiz. Maktabda hech bo’lmasa rus tilini o’rgansin, ingliz tilini o’zimiz repetitor yollab o’rgatamiz”, dedi. Yana ayrimlar “ha endi, kelajakda hammasi Rossiyaga  mardikorlikka ketadi-da, rus tilini yoshligidan o’rganaversin”, dedi kesatib. Bu gaplarning barida jon bor.

Lekin yozuvlarning hamon rus tilida yozilayotganining sababi nima?  Nafaqat e’lonlar, balki va ayniqsa buyruq va ko’rsatmalar rus tilida yoziladi. Ularni yozadiganlar o’zbeklar rus tilida ko’rsatma olsa tezroq bajaradi, yaxshiroq bo’ysunadi, dermikin? Biz o’zbeklar uchun rus tili sobiq “buyuk og’a” tililigicha qolyaptimi? O’zbek boshliq o’zbek xodimiga rus tilida do’q qilsa, natijaga tezroq erishadimi?

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Facebook”dagi sahifasining ochilganiga bir haftadan oshdi. 11-avgust kuni ochilgan rus tilidagi bu sahifa.

Maqolamni yozishdan oldin yana bir bor tekshirdim. “Facebook”ning “SEARCH” degan joyida lotinchada “O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi” deb yozib ko’rdim. “Facebook” menga “No results found for your query” deb javob berdi. Kirilchada izladim. O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasining sahifasi chiqib keldi. Tashqi ishlar vazirliginiki yo’q.

Bundan 21 yil avval davlat tili, deb o’zimiz maqom berib qo’ygan bo’lsak-da, davlat idoralari ishni hamon hech qanday maqomga ega bo’lmagan rus tilida yuritsa? Boshqa qaysi respublikada shunday vaziyat kuzatilyapti?

O’zimizni, o’z tilimizni hurmat qilmasak, boshqalardan hurmatni qanday talab qilamiz?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.