Bugun Nyu-York sudlarining birida bir o’zbekistonlik ishi ko’rildi. Yo’q, ekstremist guruhga a’zolikda gumon qilinayotgan odam ishi emas. Bir qaraganda oddiygina ish – er-xotinning urishgani haqida. Ammo bunday ishlar Nyu-York sudlarida ko’paymoqda. Politsiyaga turmush o’rtog’idan shikoyat qilgan o’zbekistonliklar, xususan, ayollar soni oshib bormoqda.
Erning aytishicha, xotini bilan janjal chiqqanida ayol 911 raqamiga qo’ng’iroq qilgan. Zudlik bilan yetib kelgan politsiya erni olib ketgan. So’ngra erning ayolga yaqinlashmasligi va hech qaysi yo’l orqali muloqot qilmasligi haqida qaror chiqarilgan. Amerikada yashaydigan aksar o’zbeklar ingliz tilini bilmasa-da, bu atamani yaxshi o’rganib olgan – “order of protection” – himoya haqdagi buyruq. Bir qancha vaqt o’tgach erga nisbatan yana bir shunday qaror chiqarilgan. Oqibat – sudda bu er-xotinning ikkita ishi ko’rilyapti.
Ayol bilan gaplashish imkoni bo’lmadi. Lekin bunday ishlar haqida ko’p eshitaman va ular bir-biriga juda o’xshashini bilaman.
Yuqorida aytganimdek, AQShga kelgan oilalarda ko’p uchraydigan hol: er-xotin janjal qiladi va ayol politsiya chaqiradi. O’z kuzatuvlarimga asoslanib, shuni aytishim mumkinki, aksariyat hollarda ayol bunday qadamning oqibatlari qanday bo’lishi mumkinligini to’la tushunmaydi. O’zbekistonda oilada janjal chiqqanida militsiya chaqirsangiz, “uchastkovoy kelib”, erga do’q-po’pisa qiladi, og’zaki tanbeh berib, yarashinglar degan ma’noda gapiradi-da, hujjatlarni rasmiylashtirib o’tirmay ketadi. Mahalla ham aralashadi. Shunga odatlangan ayol AQShda politsiya erimni ozgina qo’rqitib qo’ysin, deb telefonida 911 raqamini teradi. Oqibatda nafaqat hujumchi erning jazolangani, balki er-xotindan farzandlar olib qo’yilib, ish ko’rib chiqilgunicha ijtimoiy xizmatlar qaramog’iga topshirilgani hollari ham qayd etilgan.
Adolat yuzasidan shuni aytishim kerakki, ayrim ayollar bunday tizimni suiiste’mol qilishi hollari ham uchrab turadi. “Order of protection”dan tortib, butun jarayonning qanday kechishini ipidan ignasigacha o’rganib olgan va bundan turmush o’rtog’ini qo’rqitish yoki “jazolash” yo’li sifatida foydalanganlar ham bor.
Oiladagi zo’ravonlik AQShda jiddiy muammo
Bu faqat O’zbekistonga xos muammo emas. Statistikaga nazar tashlasak, dunyoda har uch ayoldan biri eri yoki yigiti tomonidan umrida kamida bir marta do’pposlanadi. Erkaklar orasida – har to’rt nafardan biri oila a’zosidan kaltak yeydi. (Bu faqat jismoniy zo’ravonlikka oid raqamlar. Og’zaki haqoratlash hollari bu statistikaga kirmagan.)
AQShda har 9 soniyada bir ayol kaltaklanadi yoki hujumga uchraydi. Har kuni oilaviy zo’ravonlikka qarshi kurashayotgan turli maxsus telefon xizmatlariga 20 mingta qo’ng’iroq tushadi. (Manba: Oilaviy zo’ravonlikka qarshi milliy koalitsiya).
Bunga jinsiy tajovuz, qotillik yoki turli yo’llar bilan, masalan yuzma-yuz, telefon orqali, maktub va elektron pochta orqali jig’iga tegish (ingliz tilida bu “stalking” deyiladi) hollari kirmaydi.
Er-xotin urishganida farzandlar ham aziyat chekadi. AQShda bolalarning 90 foizi oilaviy zo’ravonlik guvohi, har 15 boladan biri esa qurboni bo’ladi.
Bu muammoga qarsi kurashadigan turli xizmatlar ko’p. Davlat idoralarida, ko’chalarda muammoga bag’ishlangan va yordam xizmatlarining maxsus telefon raqamlari tushirilgan plakatlarni ko’rish mumkin. Oilada qolishni istamagan ayollar panoh topishi uchun maxsus “shelter”lar ishlab turadi. Ma’lum psixologik sabablarga ko’ra, qurbon o’z qiyinchiliklari haqida ochiqchasiga gapirishni doim ham istamasa-da, Amerika jamiyatida bu muammo keng muhokama qilinadi. Mashhur san’atkorlar yoki siyosatchilar, yulduzlar oilalarida bunday hollar kuzatilsa, matbuotda keng yoritiladi. Masalan, shu kunlarda “Karib dengizi qaroqchilari” va ko’plab boshqa kinofilmlar yulduzi Jonni Deppning rafiqasi Amber Hyordni qayta-qayta do’pposlagani va ayol erini sudga bergani keng muhokama qilinmoqda.
O’zbek muhojirlari oilaviy zo’ravonlikni boshdan kechirsa-da, yopiq qozon yopiqligicha qolishini afzal ko’radi. Bunga, albatta, bizning an’analarimiz, madaniyatimiz, dinimiz sababchi. Yaqinda Nyu-Yorkdagi pokistonlik muhojirlar bilan ishlaydigan nodavlat tashkiloti rahbari bilan gaplashib qoldim. Oilaviy zo’ravonlik – eng qiyin muammolardan, deydi u.
Muhojirlar jamoalari orasida boxabarlikni oshiramiz deb, huquq-tartibot organlaridan vakillarni taklif qildik, qonunlarni tushuntirish uchun ayollar uchun alohida seminar uyushtirdik. Ammo ayollar kelmadi, erkaklar esa norozilik bildirdi, deydi u.
Turmush o’rtog’i tomonidan kaltaklangan ayol bu haqida boshqalarga gapirishga or qiladi, uyaladi, o’zini aybdor sezadi, farzandlarini o’ylaydi. Agar iqtisodiy jihatdan eriga qaram bo’lsa, uning ahvoli yanada og’ir. Aksariyat o’zbek ayollari kaltaklangani haqida gapirmasa-da, oilaviy zo’ravonliklar haqidagi sud ishlari ko’payayotgan ekan, demak muammo ko’lami nihoyatda keng.
AQShda muhojir o’zbeklar soni oshayapti va afsuski, turli noxush hollar va jinoyatlarning ham ko’proq uchrashi tayin. Oilaviy zo’ravonliklar hollari ham oshib boraveradi.
Hozirda Nyu-York barobarida bir necha boshqa yirik shaharda o’zbeklar jamoalari faoliyat yuritmoqda. Ular oilaviy zo’ravonlikka e’tibor qaratishga majbur.
Lekin yondashuv hozircha – alohida hollarni birma-bir ko’rib chiqish. Sistematik o’zgarishga intilish yo’q. Odatda oilaviy zo’ravonlik holi qayd etilganidan so’ng va hatto politsiya jalb etilganidan keyingina faollar ham aralashadi. Lekin AQShdagi o’zbek jamoalarida bunday hollarning oldini olish borasida hech qanday chora ko’rilmagan. Zotan, bunga zarurat borligi shubhasiz.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.