Pan Gi Mun va Antonio Guterres

Pan Gi Mun (chapda) va Antoniu Guterresh

Tugagan haftada BMTning yangi bosh kotibi saylandi. 2017-yilning 1-yanvaridan u ishga tushadi.

Avval BMT Xavfsizlik Kengashi nomzodlarni saralab bo’ldi va Pan Gi Mun o’rnini egallaydigan arbob bo’yicha ovoz berdi. Kengashga a’zo davlatlar bu lavozimga 67 yashar Antoniu Guterreshni loyiq deb topdi. Payshanba kuni esa Bosh Assambleya nomzodni tasdiqladi.

Guterresh 1995-2002-yillarda Portugaliya bosh vaziri bo’lgan. 10 yil davomida esa (2005-2015-yillar) BMTning Qochqinlar ishlari bo’yicha bosh komissari bo’lib xizmat qilgan.

Qizig’i shundaki, Guterresh nomzodining Xavfsizlik Kengashida tasdiqlanishidan oldin ko’plar bosh kotib lavozimini bu safar ayol egallashi kerak, deyayotgan edi. Axir 70 yildan buyon faoliyat yuritayotgan tashkilotni shu paytgacha faqat erkaklar boshqargan. Bundan tashqari, yangi bosh kotib Sharqiy Yevropa davlati fuqarosi bo’lishi kerak, degan fikr ham bildirilgan edi. BMT qonun-qoidalariga ko’ra, bosh kotib har safar boshqa qit’a vakili bo’ladi. Masalan, Pan Gi Mun – Osiyodan, undan oldin BMTni boshqargan Kofi Annan – Afrikadan edi. Ammo bu safar nomzodlar orasida ayollar ham, Sharqiy Yevropa vakillari ham ko’pligiga qaramay, ulardan hech biri Xavfsizlik Kengashi a’zolari orasida yetarli tayanch ololmadi.

Bosh kotibni saylash – katta diplomatiya. Davlatlar o’z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda u yoki bu nomzodni dastaklaydi. Masalan, 2007-yilda bosh kotib vazifasiga kirishgan Pan Gi Mun nomzodini O’zbekiston qo’llab-quvvatlagan. Chunki Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri bo’lib xizmat qilgan arbobni O’zbekiston rasmiylarining anchaginasi yaxshi tanir edi. Bundan tashqari, Toshkentda “osiyolik bizning siyosatni, urf-odatlarimizni yaxshi tushunadi, g’arbliklarga o’xshab demokratiya va inson huquqlarini hurmat qiling, deyavermaydi”, degan umid bo’lgan.

Bu safargi saralash jarayonida ham turli davlatlar turli nomzodlarni ma’qulladi. Rossiyaga hozirda UNESCO tashkiloti rahbari Irina Bokova ma’qul edi. Chunki u – otasi kommunist bo’lgan siyosatchi. Bundan 14 yil avval O’zbekiston Pan Gi Mun bilan qanday umidlarni bog’lagan bo’lsa, rasmiy Moskva Bokova bilan shunday umidlarni bog’layotgan edi. Ammo G’arb vakillari Bokova nomzodiga qarshi chiqdi. Guterresh – murosa oqibati. Barcha taraflarni qondirdi.

Unga ovoz bergan davlatlar ma’lum umidlar bilan shunday qildi. Aksariyati fikricha, yangi rahbar BMTni isloh qilib, samarasizligiga chek qo’ya olishi kerak. Zotan, dunyodagi eng katta tashkilot eng ko’p sonli boshqaruv apparatiga ega, byudjeti ham ulkan, ammo samaradorligi pasayib ketgan.

Bu borada AQSh, Britaniya kabi davlatlar uchun Guterreshning tashkilotni effektiv kuchga aylantira olishi katta ahamiyatga ega. Eng muhimi esa – tashkilot ichidagi kelishmovchiliklarni hal etib, G’arb va Rossiya o’rtasidagi nizoni hal qila bilishi.

Xitoy esa BMTni dunyo “qizg’in nuqtalari”dagi mojarolarni hal qila oladigan tashkilot sifatida ko’radi.

Rossiya uchun eng ahamiyatlisi – BMT Xavfsizlik Kengashida status-kvoni saqlab qolish va veto huquqiga ega bo’ladigan yangi a’zolarni qabul qilmaslik. Buning ustiga, Rossiyaning Guterreshdan ham, boshqa arbobdan ham Suriya boyicha tanqid eshitishga toqati yo’q.

Fransiya esa, aksincha, Suriya masalasi tezroq hal bo’lsin, BMT bu masalada katta rol o’ynashi kerak, demoqda.

Xo’sh, bunday ba’zida bir-biriga zid istak va umidlarga yangi bosh kotib qanday javob bera oladi?

Guterresh oldida nihoyatda murakkab vazifalar gavdalanayotgani shubhasiz. Qolaversa, BMTning birinchi bosh kotibi Tryugve Li ikkinchisi Dag Hammershold ishga tushayotganida “dunyodagi eng murakkab, bajarib bo’lmaydigan ishga marhamat” degan ekan.

Gaplashamiz.