AQSh fuqarolari bugun saylov uchastkalariga bordi. Mamlakat tashqarisida yashaydigan odamlar saylovda bo’lajak prezident aniqlanishini yaxshi biladi. Zotan, bu haqda biz ham muntazam ravishda sizga ma’lumot berib keldik, aziz gapdoshim. Ammo ko’plar birinchi ayol prezident bo’lib saylanishi mumkin Hillari Klinton bilan nyu-yorklik badavlat tadbirkor Donald Tramp orasidan birini tanlashdan tashqari yana qator savollar ovozga qo’yilganini bilmasa ajab emas.

Bunday masalalarning ayrimlari:

Hayot-mamot

Kaliforniyaliklar qamoqda o’lim hukmining ijrosini kutayotgan mahbuslarni tezroq narigi dunyoga jo’natish yoki butun umrga qamoq jazosiga hukm etish masalasini hal qildi. Hozirda bu shtatda 741 odam o’lim jazosiga hukm etilgan va ijroni kutmoqda. Bu boshqa shtatlarga qaraganda ancha ko’p. Ayrim mahbuslar – va ularning oila a’zolari – ijroni yillab kutadi.

Nebraskaliklar bugun o’tgan yili bekor qilingan o’lim jazosini qayta tiklash masalasi yuzasidan fikr bildirdi. Oklaxomaliklar esa oliy jazoni bekor qilish haqidagi 2015-yilgi qarorning kuchda qolishi yoki bekor qilinshini hal qildi.

Shuningdek, Kolorado shtatida evtanaziya masalasi ovozga qo’yildi. Agar aksar saylovchilar uni ma’qullasa, Kaliforniya, Oregon, Vermont va Vashington shtatlari kabi bu yerda ham og’ir bemorlarga azobdan qutulish va hayotdan qiynalmay ko’z yumishda shifokorlar yordam berishi mumkin bo’ladi.

Qullik

Qullik amaliyotiga 1865-yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin chek qo’yilgan, qullar va quldorlarga ham barham berilgan. Bu borada AQSh Konstitutsiyasiga maxsus 13-o’zgartish kiritilgan. Ammo Kolorado bosh qomusiga ko’ra, hanuzgacha og’ir jinoyat sodir etganlarni jazolash maqsadida xohishiga zid ravishda og’ir mehnatga, ya’ni qullikka mahkum etish mumkin. Koloradoliklar bugun shu qonunni bekor qilish uchun ovoz berdi.

Marixuana

Kaliforniya, Arizona va Nevadada marixuana iste’molini qonuniylashtirish masalasi ovozga qo’yildi. Hozirgacha Vashington, Oregon, Kolorado va Alyaska shtatlarida bu o’tni tibbiy va hatto xuzur olish maqsadida chekishga ruhsat etilgan, va bu – shtatlar bydujeti uchun katta daromad manbai bo’lib qolmoqda.

Minimal maosh

Amerikaliklar soatiga kamida 15 dollar maosh olishi kerak, deganlar bugun Arizona, Kolorado, Meyn va Vashington shtatlarida fikr bildirish imkoniga ega boi’ldi. Hozirda minimal maosh 7,25 dollarga teng.

51-shtat

Poytaxt Vashington, aniqrog’i Kolumbiya okrugiga (District of Columbia) shtat maqomini berish masalasi bo’yicha shahar fuqarolari ovoz berdi. Bu hududda 700 mingga yaqin odam yashaydi. Ayrim shtatlar aholisi bundan-da kam. Shunga qaramay, Vashingtonning Kongressda o’z vakili yo’q. Agar ma’muriy maqom o’zgarsa, Nyu-Kolambiya deb atalishi kutilayotgan shtat ham o’zining to’la qonli vakiliga ega bo’ladi. Bu haqda biz batafsil ma’lumot bergan edik.

Hayvonlar huquqlari

Massachusetsda dehqon xo’jaliklari, fermalarda hayvonlar sharoitlarini tartibga solish masalasi ovozga qo’yildi. Taklif etilgan o’zgarishga ko’ra, mol va parranda saqlanadigan joy har bir sigir yoki, aytaylik, tovuqning turishi, cho’zilib yotishi va oyoqlarini cho’zishi yoki qanotlarini yoyishi uchun yetarli bo’lishi shart. Boshqa shtatlarda yetishtirilib, Massachusetsga olib kelingan mahsulot ham shu talabga javob berishi kerak bo’ladi. Taklifga qarshilar bu tuxum, go’sht kabi fermerlik mahsulotlari narxini oshiradi, demoqda.

Shirin gazli ichimliklar

Ayrim shaharlar, xususan, San-Fransisko, Oklend va Olbani ahli tarkibida shakar miqdori ko’p bo’lgan gazli ichimliklarga qo’shimcha soliq solish masalasi yuzasidan fikr bildirdi. Taklif ortida Nyu-York shahrining sobiq meri, milliarder Maykl Blumberg va uning fikrdoshlari turibdi. Blumberg avval Nyu-York shahrida ham o’xshash tashabbusni ilgari surgan edi. Ma’lumotlarga ko’ra, milliarder bu maqsadda 9 million dollar sarflagan. Taklifga qarshilar cho’ntagidan esa tashabbusga qarshilik ko’rsatish va uning qonunga aylanmasligini kafolatlash uchun 30 milliard dollar ketgan.

Oz sonli guruhlar vakillari

Bundan tashqari, Kaliforniyada tarixda ilk bor yarim hind, yarim qora tanli ayol Kamola Harris Senatga saylanishi mumkin. Oregonda esa o’zining biseksual ekanini ochiqchasiga tan olgan ayol Keyt Braun gubernator bo’lib saylanish imkoniga ega.

Siz saylovda qatnashdingizmi, aziz gapdoshim? Biz bilan bog’lanib, o’z tajribangizni so’zlab bering.

Gaplashamiz.