Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev

Yakshanba kuni o’zbekistonliklar saylov uchastkalariga boradi. Mamlakat mustaqil bo’lganidan buyon ilk bor Islom Karimov nomi saylov byulletenlarida yo’q. Uning o’rnini egallashi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev Karimov vafot etganidan buyon o’zini islohotchi sifatida namoyish qilishga harakat qilmoqda. Bunday urinishlar kammi-ko’pmi samara bergan ko’rinadi. Men Toshkentdagi tanishlar bilan suhbatlashganimda, ba’zilar poytaxtdagi ayrim yo’llar ochilgani haqida xursand bo’lib gapirdi, ikki kishi virtual qabulxona orqali o’z muammolarini hal qilganini aytdi, boshqalar iqtisod sohasiga oid yangi rahbar rejalarini gapirib berdi. Men suhbatlashgan odamlar orasida 4-dekabrdan keyin o’zgarishlar (islohot so’zini hech kim ishlatmadi) yana davom etarmikan yoki Mirziyoyev prezident bo’lib olsa, xuddi Karimovdek bo’lib qolarmikan, degan gaplarni aytganlar ham bo’ldi.

Mirziyoyev qanday odam?

Albatta, bu suhbatlar ilmiy so’rov emas. Ular umumiy aholi kayfiyatlairni to’la aks ettiradi, deb ham hech kim iddao qilmaydi. Afskuski, O’zbekistonda haqiqiy, betaraf ijtimoiy so’rovlar hech qachon o’tlkazilmagan. Bu afsuslanarli hol, chunki aholi orasidagi fikrlarni bilish hamma uchun qiziq bo’lardi. Zotan, saylovchilar aslida kim uchun ovoz berganini ham bilish qiziqarli. Kim biladi, agar saylovlar haqiqatan ham ochiq va adolatli bo’lganida, balki Mirziyoyev g’alaba qozonardi. Axir boshqa nomzodlarni o’zbekistonliklar yaxshi tanimaydi, ular bilan uchrashish imkoni ham ko’p bo’lmadi. Nomzodlar orasida Mirziyoyev viloyatma-viloyat yurib, saylovchilar bilan eng ko’p uchrashdi.

Aziz gapdoshim, vaqtingizni olmaslik uchun men nomzodlar kimligini takrorlab o’tirmayman. Biz bu haqda batafsil ma’lumotlar berib keldik. Ularning siyosiy platformalari haqida ham batafsil gapirdik.

Men aytmoqchi bo’lgan gap quyidagicha: boshqa nomzodlarga qaraganda o’zbekistonliklar Mirziyoyevni yaxshiroq tanisa, ismini eshitgan bo’lsa-da, hanuzgacha uning qanday odamligi, nimaga ishonishi-yu, qanday qadriyatlarga egaligini bilmaydi. U nimalarga qodirligi, qanday siyosat tarafdori ekanini taxmin qilish mumkin, ammo aniq aytish imkonsiz. 2003-yildan buyon bosh vazir bo’lib kelgan bu arbob Karimov soyasida bo’lgan. Uning Karimovni to’la qo’llab-quvvatlagani, har bir gapiga “xo’p, aka”, “bajaramiz, aka” deb turganini taxmin qilish qiyin emas, chunki aks holda u bu lavozimda shuncha muddat tura olmasdi.

Siyosiy mahbuslar

Bugungi kungacha u Karimov siyosatidan tubdan farq qiladigan hech qanday qaror qabul qilmadi. Siyosiy mahbuslarni ozod etdi, deyishingiz mumkin. Darhaqiqat, ikki kishi – Samandar Ko’kanov va Bobomurod Razzoqov ozodlikka chiqdi. Lekin bunday qadamlar Karimov tomonidan ham qo’yilgan edi, vaqti-vaqti bilan, odatda AQShdan biron yuqori martabali rasmiy kelib ketganidan so’ng. Bu gal ham shunday bo’ldi: AQSh Davlat departamentidan Tomas Shennon O’zbekistonga borganidan ko’p o’tmay, “Human Rights Watch” kabi inson huquqlari tashkilotlari bosimi natijasida bu ikki mahbus ozod etildi. Biroq buni Mirziyoyev islohoti deb atash noto’g’ri. Qamoqda esa minglab siyosiy va diniy tutqun qolmoqda.

Matbuot erkin bo’ladimi? 

Bundan tashqari, matbuot erkinligi haqida hech bir nomzod lom-lim demadi. Vaholanki, erkin, hokimiyatni tanqid qila oladigan va buning evaziga jazolanmaydigan matbuot – demokratik jamiyat poydevorlaridan biri. Mamlakatda esa matbuotga munosabat o’sha-o’sha. Noyabrning o’zida ikki xorijiy jurnalist O’zbekistonga borib, bir-ikki faol bilan gaplashganidan so’ng deportatsiya qilindi. Ulardan biri – nemis jurnalisti, Qozog’istonda turib ishlaydigan Edda Shlager, yana biri – Rossiyaning “Moskovskiy komsomolets” gazetasi muxbiri Yekaterina Sajneva. Yana kamida to’rt jurnalist qamoqda qolmoqda. Yaqinda esa yana bir mustaqil jurnalist, marhum prezident Islom Karimovning jiyani Jamshid Karimovning ruhiy kasalxonada ekani aniqlandi. U 2011-yil noyabrida ozod etilganidan keyin ko’p o’tmay g’oyib bo’lgan edi. Uning 2012-yilda yanvar oyida yana ruhiy kasalxonaga majburan yotqizilgani ma’lum bo’ldi.

Iqtisod-chi?

Bozor iqtisodi asoslaridan biri bo’lgan valyuta konvertasiyasiga kelsak, yangi rahbarning bu boradagi qadamlarini hozircha baholash erta. Konvertasiya “ochilmas” va mulk xususiylashtirilmas ekan, xorijiy investitsiyalar ham kelmaydi. Sarmoya bo’lmasa, yangi ish joylari ham yaratilmaydi. Ishshizlik kamaymasa, xorijda yurganlar qul ahvolida bo’lsa-ham, Rossiya, Qozog’iston va boshqa mamlakatlarda yuraveradi.

Bu o’rinda Margaret Tetcher so’zlari esimga tushdi. “Millat boyligi tabiiy boyliklarga asoslanishi shart emas. Ularsiz ham rivojlansa bo’ladi. Chunki eng asosiy boylik – insondir. Davlat odamlar iste’dodining gullab-yashnashi uchun zamin yaratishi kerak, xolos”, – degan edi Britaniyaning mashhur bosh vaziri.

Kelajak o’tmishdan farqi qiladimi? 

Bundan 25 yil avval Islom Karimovga ulkan imkoniyat berilgan edi. Imkoniyat va mas’uliyat: yangi mustaqil davlatni oyoqqa qo’yish va millat birligini saqlab qolish. Bu uning uddasidan chiqdi: O’zbekiston tashqi kuchlardan mustaqil bo’lib rivojlandi. Lekin Karimov o’zbek xalqini baxtli qildi, ularning iste’dodi rivojlanishi uchun zamin yaratdi, deb aytish qiyin, zotan uning “qaramog’ida” eng iste’dodli va mehnatkash xalqlardan biri bor edi. O’zbek xalqi savodsizlashdi, kambag’allashdi, dunyo bo’ylab tarqab ketdi. Karimov o’zbek xalqi qadriga yetmadi. Xorijda sarson-sargardon yurganlarni dangasalar, tekintomoqlar deb atadi. Ota degan xalqni o’gay boladek ko’rdi.

Endi taqdir taqozosi bilan Shavkat Mirziyoyevga katta imkoniyat berilyapti. Xo’sh, u bu imkoniyatdan foydalana oladimi? Karimov uddasidan chiqmagan ishlarni bajaradimi? Qolaversa, o’zbek xalqi – boshini silash va parvarishlash kerak bo’lgan yosh bola emas. Erkinlik bersa o’zini uddalab ketadigan xalq.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.