“Twitter ustasi”
20-yanvar kuni AQSh prezidenti sifatida qasamyod keltirishi kutilayotgan Donald Trampning boshqa prezidentlardan farqi – ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi. Bu uning yagona farqi emas, albatta, biroq bugungi mavzuni aynan shunga bag’ishlamoqchiman.
Twitter tarmog’ida Tramp o’z firklarini keskin tarzda bildirishi va ba’zida erta tongda, soat uchda ham imlo xatolarga to’la tvitlar yozishi bilan tanilgan. @realDonaldTrump nomidagi sahifaning Twitterda 20 miliondan ziyod kuzatuvchisi bor.
AQSh rahbarlari orasida birinchi bo’lib Twitter tarmog’ida sahifa ochgan Prezident Barak Obama edi. U ijtimoiy tarmoqlardan eng katta mahorat bilan foydalanadigan prezident hisoblanadi. Biroq aynan Tramp uchun ushbu mikroblog omma bilan muloqot qilishdagi asosiy platformaga aylandi.
Yangi saylangan prezident Oq uyga ko’chib kirganidan keyin ham tvitlarini davom ettiradimi-yo’qmi, buni vaqt ko’rsatadi. Biroq ayrim taxminlarga ko’ra, Tramp matbuot anjumanlari o’rniga aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali fikr bildirishda davom etishi mumkin.
Uning Twitterdagi faolligiga qaramay, Obamaga ergashgan odamlar soni hozircha unikidan ancha ko’proq – qariyb 81 million. Bu ma’noda Obamaga hech qaysi siyosatchi teng emas. (Dunyo miqyosida Obamadan keyin ikkinchi o’rinda – Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi). Obamadan ham ko’proq tarafdorlarga ega shaxslar – pop musiqa yulduzlari Teylor Svift va Keti Perrilardir.
Twitterdan tashqari Obama shu paytgacha Facebook, Snapchat va Instagramdan faol foydalanib keldi. Mutaxassislar fikricha, u “ijtimoiy tarmoqlarda ustasi-farang” – xuddi o’z vaqtida Jon Kennedi televideniye ustasi bo’lganidek.
2012-yilda qayta prezident etib saylanganidan keyin Obama Twitterda “yana to’rt yil” deya yozdi. Bu tvitni yoqtirganlar soni qariyb 700 mingga yetdi, uni deyarli bir miilion odam qayta tarqatdi. Ikki yil davomida bu tvit Twitterdagi eng mashhur tvitlardan biri bo’lb qoldi.
Sobiq Sovet respublikalari rahbarlarichi?
Twitterda Rossiya prezidenti sahifasining rus va ingliz tillridagi variantlari bor. Rus tilidagisiga ergashadiganlarining soni 3,57 million odamga teng. Ingliz tilidagi “President of Russia” sahifasini esa 480 ming.
Qirg’iziston rahbari Almazbek Atambayev ham Twitterda sahifa ochgan. @kyrgyzpresident sahifasiga 2744 odam ergashadi.
Gruziya rahbari tarafdorlari 8,5 mingga teng.
O’zbekistondachi?
Yaqinda O’zbekiston prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyevning Twitterdagi sahifasiga qariyb 4 ming odam ergashgan. Uning Facebookdagi sahifasini qariyb 82 ming odam yoqtirgan.
Mirziyoyev mintaqa rahbarlari orasida birinchi bo’lib virtual qabulxona ochgan.
Undan keyin O’zbekistonda qator boshqa davlat idoralari ham onlayn qabulxonalar ochdi va o’zbekistonliklar shikoyatlari va takliflarini ko’rib chiqa boshladi.
Uch oy davomida mamlakatni muvaqqat prezident sifatida boshqargan va 4-dekabr kuni rasman prezident etib saylangan Mirziyoyev virtual qabulxonalar ahamiyati va samarasini nazarda tutgan holda 2017-yilni xalq bilan muloqot yili deb e’lon qildi.
Undan oldingi prezident, marhum Islom Karimov uchun internet yot bir narsa edi. Uning internet va hatto komputerdan foydalana olmasligi haqida uning nevarasi kichik Islom Karimov Rossiya telekanaliga bergan intervyusida gapirgan edi.
Biroq Karimovning ikki qizi internetdan yaxshigina foydalanib kelgan. To’ng’ich qizi Gulnora Karimova 2014-yilda uy qamog’iga olinishiga qadar Twitterni afzal ko’rar edi. Kenjasi Lola Karimova-Tillayeva esa Facebook va Instagramda faol. U hatto otasining betobligi haqida ijtoimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilgan.
Dunyo o’zgarar, zamonaviy texnologiyalar rivojlanar ekan, internet asosiy muloqot vositasiga aylanmoqda. Markaziy Osiyo rahbarlari, xususan O’zbekiston siyosatchilari ham bu vositadan foydalanishni tushunyapti, chamasi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.