Shu oy boshida Rossiyadagi mustaqil “Novaya Gazeta” ro’znomasi Chechenistondagi gomoseksuallarga qarshi ommaviy “tozalash” kampaniyasi haqida yozdi.

1 va 3-aprel kunlari chiqqan reportajlarda 100 dan ortiq gey va gey deb gumon qilingan erkaklar huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanib, maxfiy qamoqxonalarda qiynoqqa solingani, ulardan kamida uch nafari o’ldirilgani haqida batafsil ma’lumot berdi. Bu odamlar qiynoqqa solinishdan tashqari o’zlari kabi do’stlarining kontaktlarini berishga majburlangan. Ayrimlari qo’yib yuborilganidan keyin qarindoshlari tomonidan o’ldirilgan, axir kavkazliklar urf-odatlari va an’analariga ko’ra, gomoseksual qarindosh butun avlod sha’niga dog’ tushiradi, bu dog’ni faqat “aybdor” qoni bilan yuvish mumkin, deya yozdiNovaya gazeta“.

Bu iddaolardan so’ng Checheniston rasmiylari qator bayonotlar berdi. Checheniston prezidenti so’zlovchisi Alvi Karimov “bu iddaolar uydurma, yolg’on” deb “Chechenistonda besoqolbozlar yo’q”, deya ta’kidladi.

3-aprel kuni Checheniston poytaxti Grozniydagi masjidda 15000 kishi (ayrim manbalarga ko’ra, 20 ming) to’planib, “Novaya “reportajlarini qoraladi. Respublika prezidenti maslahatchisi Adam Shahidov “tuhmat”chi jurnalistlarni “dinimiz va vatanimizga isnod keltiryapti”, deb, ular “Alloh qahri”ga uchrashi haqida ogohlantirdi. Bu yig’in respublika televizion kanallari orqali keng yoritildi. Unda qabul qilingan fatvoda “chechen jamiyatining asrlar davomida hukm surgan urf-odatlari va chechen erkaklari sha’ni haqorat qilingani sababli haqiqiy aybdorlardan, ular qayerda va kimligidan qat’i nazar, qasos olinadi”, deyiladi.

Shundan so’ng “Novaga Gazeta” tahririyati tahdidlardan xavotir bildirib, bayonot chiqardi.

Jurnalist Yelena Milashina (o’rtada) Mishel Obama va Davlat kotibi Jon Kerridan Davlat departamentining Dovyurak ayollarga beriladigan mukofotini olmoqda. 8-mart, 2013-yil

Gazetaning ushbu mavzuni o’rgangan, bundan oldin esa Chechenistondagi vaziyatni ko’p yildan beri yoritib boradigan va jurnalistika sohasida ko’plab nufuzli xalqaro mukofotlarga sazovor bo’lgan muxbiri Yelena Milashina 15-aprel kuni “Vashington Post” gazetasiga intervyuda Moskvani tark etishga majbur bo’lganini aytdi.

“Novaga gazeta” o’zining reportajlari bilan ilgari ham amaldorlarni “ranjitgan”.

Gazetaning olti muxbiri, shu jumladan, Anna Politkovskaya va Natalya Estemirovalar “killer”lar tomonidan o’ldirilgan. Buyurtma qotilliklarni aynan chechenlar amalga oshirgani haqida ma’lumotlar bor.

Endi esa Rossiyaning yana bir mustaqil ommaviy axborot vositasi, “Exo Moskvi” radiostansiyasi ham “Novaya gazeta“ga birdamlik bildirgani uchun chechenlardan tahdidlar olmoqda.

Checheniston muftiysi Saloh Mejiyev besoqolbozlar tahqirlanayotgani haqidagi iddaolarni “Islomiy davlat” terrorchi guruhi faoliyatiga qiyosladi, jurnalistlarni “inson emas, shayton”, deb “shaytonlar bo’hton uchun javob beradi”, deb aytdi.

19-aprel kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, “Novaya gazeta” reportajlarini “provokatsiya” deb atadi.

Gomoseksuallarga qarshi kampaniya haqidagi ma’lumotlar nihoyatda tashvishli. Ularni qiynoqqa solayotgan va o’ldirayotganlar, qolaversa, respublikada bunday odamlar yo’qligini ta’kidlayotganlar har bir jamiyatda bu toifadagi insonlar doim bo’lishini bilmasa kerak-da. Har bir jamiyatning qariyb 3-4 foizi gomoseksual ekani ilmiy isbotlangan. Ayrim kasb vakillari, masalan, televizion boshlovchi, estrada va san’at yulduzlari yoki, aytaylik, modellar orasida bundaylar 10 foizgacha yetishi mumkin.

Jurnalistlarga qarshi tahdidlar esa yanada tashvishlanarli. Chunki aynan erkin matbuot hokimiyatning hisobdorligini kafolatlaydi. Erkin matbuot bo’lmagan jamiyatda amaldorlar haddidan oshadi, natijada har bir inson huquqlari buziladi.

Mashhur fransuz donishmandi Volter “fikringizga qo’shilmayman, lekin fikringizni erkin bildira olish huquqingiz uchun jon berishga tayyorman”, degan ekan. Shu kalimaga rioya qilish o’zini zamonaviy, demokratik, liberal va madaniyatli jamiyat hisoblagan barcha mamlakatlar uchun farz. Afsuski, Rossiya bundaylar qatoriga kirmaydi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.