Shu kunlarda xorijda yashovchi o’zbekistonliklar, qolaversa mamlakat ichidagilar uchun birdek muhim va dolzarb masalalardan biri – “OVIR stikeri” nomi ostida xalq orasida tanilgan xorijga chiqish ruxsatnomasining bekor qilinishi va uning o’rniga yangi xorijiy pasportning amalga kiritilishi haqidagi ma’lumotlar bo’lib qolmoqda.
“OVIR stikeri”ning bekor qilinishi mavzusi O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov o’limidan ko’p o’tmay turli ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilina boshlagan, internetda hukumat va yangi prezident nomiga hatto petitsiya ham imzolangan edi.
Bir necha oy o’tib bu borada yangi qaror qabul qilindi: 2019-yil 1-yanvaridan boshlab xorijga chiqish uchun yangi parport muomalaga kiritiladi. Bu haqdagi farmonni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagani haqida mahalliy matbuot e’lon qildi.
2011-yili joriy etilgan biometrik pasportlar ham 2021-yil 1-yanvarigacha amal qilishda davom etadi, deyiladi xabarda.
“Xorijga chiqish uchun hujjatlar Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi va O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan tayyorlanadi va taqdim etiladi”, deya yozmoqda O’zbekston ommaviy axborot vositalari.
Bu qarorning, keyinchalik esa amaliyotning, ijobiy taraflari quyidagicha:
Birinchidan, yangi pasportning muddati 10 yilga teng bo’ladi (yoshi 16 ga kirmaganlar uchun 5 yil, bir yoshga to’lmagan go’daklar uchun esa 2 yil). Hozirgi “OVIR stikeri”ni har ikki yilda yangilash zarur.
Ikkinchi o’zgarish: pasportni olish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytiriladi.
Biroq aslida hozirgi amaliyot negizi o’zgarmayapti: hukumat hamon fuqarolarning xorijga chiqishini qattiq nazorat qilishda davom etish niyatida. Aslida bunday amaliyot faqat O’zbekiston hamda Shimoliy Koreyada mavjud, deb keladi masala bilan yaqindan tanish mutaxassislar.
Yangi xorijiy pasportni berishda, ilgarigidek, turli cheklovlar amal qilishda davom etadi. Yangi pasport olishni istagan fuqaro arizasiga hech qanday tushuntirishsiz “xorijga chiqish maqsadga muvofiq emas”, degan javob qaytarilishi mumkinligi aytilmoqda. Demak, shu kungacha o’zining siyosiy qarashlari sababli yoki hukumatni tanqid qilgani uchun “OVIR stiker”ini ololmay kelayotganlar yangi pasportni ololmaydi. Balki men adashayotgandirman. Biroq bu masalada hech bir rasmiy, shu jumladan, “yangi xorijiy pasport berish amaliyoti xalqaro andozalarga mos”, deya ta’kidlab kelayotgan Najmiddin To’raxo’jayev ham – u O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personalizatsiya markazi direktori – bu masalada izoh bermadi.
Bundan tashqari, yaqinda kiritilgan biometrik pasportlarga kattadan-katta mablag’ sarflangan edi. Endi esa O’zbekiston xorijiy biometrik pasportlarni xorijiy bosmaxonadan chiqarish uchun yana millionlar sarflash arafasida. Bu mablag’ qancha, degan savol ijtimoiy tarmoqlar orqali so’ralsa-da, rasmiylardan hech biri unga javob berganicha yo’q. Ha-da, axir O’zbekistonda, AQShdan farqli ravishda, odamlar “men to’layotgan soliqlar nimaga sarflanyapti” deya so’rashga va hukumat idoralaridan hisob-kitob talab qilishga o’rganmagan.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim? 2019-yil 1-yanvaridan keyin O’zbekistondan xorijga chiqish osonlashadimi?
Gaplashamiz.