Zamonaviy deganda bu o’rinda men rahbarning texnologiyalar bilan munosabatini nazarda tutyapman. Chunki aynan zamonaviy texnologiyalar yordamida prezident xalqning tashvish va quvonchlaridan boxabar bo’lib turadi, qolaversa, odamlarning rahbariyatga munosabatini ham bilib oladi. Zotan, Xorun ar-Rashiddek oddiy kiyim kiyib, ko’chama-ko’cha yuradigan podshohlar zamoni o’tib ketgan.
Prezident etib saylanganidan beri Mirziyoyev ko’p marta xalq bilan uchrashdi, oddiy odamlar xonadoniga kirib ko’rdi, ular va farzandlari bilan gaplashdi. Lekin bunday uchrashuvlar chog’ida olingan suratlarni tomosha qilsangiz, ulardagi sun’iylikni darrov payqaysiz. Rasmlarda bolalar eng chiroyli kiyimida, xuddi to’yga borishga otlangandek, qizchalar sochlarida lenta, o’g’il bolalarning bo’ynida galstuk, ayrimlari kostyum-shimda. Ota-onalar ham yasangan. Mirziyoyevning mehribonlik uyiga borganida olingan rasmlarni ko’rsangiz ham, tashrifga yaxshigina tayyorgarlik ko’rilganini payqaysiz. Karavotlar ustida yangi ko’rpalarga ko’zingiz tushadi.
Albatta, prezident tashrifiga tayyorgarlik ko’rish yomon narsa emas. Ammo bu yerda gap xalqning haqiqiy hayoti haqida ketyapti. Bu rasmlardan prezident haqiqiy hayotni ko’ra olganiga shubha tug’iladi.
Vaholanki, xalqning haqiqiy hayotini bilmoqchi, xalq, shu jumladan, aholining aksarini tashkil qiladigan yoshlar bilan hamnafas bo’lmoqchi rahbar oldindan tashkillashtirilgan uchrashuvlar, uning uchun yordamichilari-yu maslahatchilari tomonidan tayyorlangan ma’lumotnomalardan tashqari bugungi kunda internetga chiqishi kerak.
Islom Karimovning nevarasi Islom bir paytlar Rossiya televideniyesiga bergan intervyusida prezident bobosi undan internetdan foydalanishni o’tgatishni iltimos qilgani haqida hikoya qilgan edi. Ya’ni marhum prezident kompyuterdan foydalanishni bilmagan.
Rossiya rahbarini oladigan bo’lsak, Prezident Vladimir Putinning hech bir ijtimoiy tarmoqda profili yo’q. Bosh vazir Dmitriy Medvedevdan farqli o’laroq, Putinning uyali telefon ko’tarib rasmga tushganini ham ko’rmaysiz. Ma’lumotlarga ko’ra, u kompyuterdan foydalanishni ham bilmaydi, xalq bilan muloqoti esa bir yilda bir marta jonli deb ataladigan, ammo oldindan boshdan oxirigacha puxta tayyorlanadigan televizion muloqot bilan cheklanadi.
Eronni 2013-yildan beri boshqarayotgan, 2017-yil mayda qayta prezident etib saylangan Hasan Ruhoniy Twitterdan foydalana boshlagani o’z vaqtida katta shov-shuvga sabab bo’lgan edi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp, ma’lumki, asosiy muloqotni aynan Twitter orqali olib boradi. Prezidentlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati haqida mana bu yerda alohida gaplashgan edik.
Shavkat Mirziyoyevga qaytadigan bo’lsak, uning Facebookda sahifasi ochilganiga bir necha yil bo’ldi. Bosh vazirligida vijudga kelgan bu profil hanuz mavjud va yangilanib turadi. Yaqinda Prezidentning Instagramda alohida sahifa va Telegramda kanal ochgani haqida xabarlar tarqaldi. Uning Twitterda ham sahifasi, YouTubeda esa kanali bor.
Shu o’rinda aytib o’tish lozim, bular rasmiy sahifa va kanallarmi yoki boshqa odamlar tomonidan ochilib, Mirziyoyevga bag’ishlanganmi, bu bizga qorong’u. Odatda, rasmiy sahifalarni Twitter va boshqa kompaniyalar rahbariyati, sahifa egasi so’rovidan keyin rasman tasdiqlaydi. Bu holda, masalan, Twitterda profildagi ism yonida havorang belgi qo’yiladi. Mana, misol uchun, Turkiya rahbariniki. Mirziyoyev profilida bunday belgi yo’q, lekin bu uning soxta ekanini aglatmaydi. Biroq u haqiqatan ham O’zbekiston rahbariga tegishli bo’lsa, prezident yordamchilari Twitter rahbariyatiga murojaat qilib, profilni rasmiy ekanini tasdiqlashlari kerak. Bu Mirziyoyev uchun ham, Twitter foyalanavchilari uchun ham kerakli qadam.
Bundan tashqari, siyosatchining ijtimoiy tarmoqlarda profili mavjudligi ulardagi yozuvlarni siyosatchining o’zi yozishini anglatmaydi. Odatda, bunday ishni yordamchilar bajaradi. AQSh rahbari bundan mustasno.
Eng muhimi esa yaqinda qilgan chiqishlarining biridan O’zbekiston rahbarining ayrim ma’lumotlarni mamlakat ichida ochilmaydigan veb-saytlardan olishi ma’lum bo’ldi. Balki, Mirziyoyev haqiqatan ham kompyuterdan foydalanishni biladi va kerakli ma’lumotlarni internetdan, shu jumladan, bloklangan saytlardan o’zi olishga qodir. Bu esa marhum Prezident Karimov yoki, aytaylik, Putinga qaraganda Mirziyoyevning zamonaviy rahbarligini anglatadi. Chunki 21-asrda quyosh botishi bilan oddiy kiyim kiyib, ko’chalarni kezish, hamshaharlar xonadonidagi gaplarga quloq tutish va xalq dardidan boxabar bo’lishning yo’li aynan global tarmoqqa chiqish.
Siz nima deysiz?
Gaplashamiz.