“Bolani urish yaxshi, tarbiya bu

Facebookdagi bir guruhda yaqinda shu mavzu muhokama qilindi: bolalarni urish mumkinmi?

Mingga yaqin odam fikr bildiribdi. Umumiy fikr – tarbiya maqsadida bolani urish mumkin va hatto zarur. Men qo’rqib ketdim.

Qizig’i, bunday fikrni onalar bildirdi. Balki guruhda asosan ayollar borligi uchundir. Balki haqiqatdan ham onalar bolani urishni yomon bir amaliyot deb bilmas.

Bu meni hayratga soldi. Men ham onaman.

Qonunga zid amaliyot

Mening fikrimcha, bolalarga ham, boshqa birovga ham hech qachon qo’l ko’tarib bo’lmaydi. Ayniqsa, u odam sendan zaifroq bo’lsa, u odam senga qaram bo’lsa. Bolalarimiz esa bizdan zaifroq va bizga qaram – ularni hech qachon jismoniy yoki ma’naviy ma’noda tahqirlash mumkin emas. Tahqirlash jinoyat sifatida ko’rilishi hamda jazolanishi kerak.

AQShda qonunlar aynan shunday. Bundan tashqari, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalarni urish qonun bilan taqiqlangan va jazoni ko’zda tutadi.

AQShda har bir maktabning o’qituvchilar xonasida devorda bir plakatni ko’rish mumkin. Unda uyida kaltaklanadigan, tahqirlanadigan bola alomatlari rasmlar orqali tasvirlangan. Avvalambor, bolaning badanidagi yara-chaqa va ko’kargan joylarga e’tibor berish. Albatta, har bir bola yiqiladi, u yer-bu yerini tirnab yoki shilib oladi. Lekin bola doimiy ravishda ko’kargan badan bilan yursa, o’qituvchi politsiyaga va maxsus ijtimoiy xizmatga murojaat qiladi.

Bolaning kaltaklanishini axloqidan ham bilib olish mumkin. Masalan, uning yoniga katta odam yaqinlashsa, u bo’ynini qisib, boshini pastga qaratadi. Xuddi mushtni kutib, tayyorlangandek. Bu holda ham maktab ma’muriyati bola ishini maxsus xizmatga uzatishi mumkin.

“Siz mening oyim bo’ling”

Bundan bir-ikki yil oldin Bruklinda men bir o’zbekistonlik bilan tanishib qoldim. U katta mini-avtobus haydardi. Mini-avtobusni o’zi sotib olganini va bolalar huquqlarini himoya qiladigan maxsis xizmatda pudratchi sifatida haydovchi bo’lib ishlashini aytdi. O’zbek bolalar shu qadar ko’p-ki, atayin meni ishga olishdi, ba’zida tarjimonlik qilib turaman, dedi u menga o’shanda.

Qonunga ko’ra, ota-onasi urgan bolani oilasidan olib qo’yib, vaqtincha boshqa oilaga beriladi – sud yakuniy qaror qabul qilguncha. Bunday hollarda, o’sha odamning aytishicha, o’zbek bolalarning ba’zilari o’z ota-onasiga qaytishni istamas ekan. O’gay oilada qolaman, derkan. Chunki amerikaliklar bolani urmaydi, buning qonunga zidligini bilishdan tashqari ular har bir bolaga to’la huquqli insondek qaraydi. Albatta, hamma amerikaliklar ham avliyo emas. Orasida bolalarini kaltaklaydiganlar ham uchraydi. U yoki bu shtatda bolasini o’ldirib qo’ygan ota yoki ona haqida har oyda kamida bir marta eshitamiz. Lekin aksariyati bolani hurmat qiladi. Bolani hurmat qilmasa-da, qonundan qo’rqadi. Chunki jazo jiddiy.

Bola fikri

Sentabrda o’qish boshlanganida beshinchi sinfga chiqqan o’g’lim maktabdan kelib, maktabida o’zbek bolalar o’tgan yilga qaraganda ko’payganini aytdi. Keyin oramizda mana bunday suhbat bo’ldi:

– Oyi, o’zbeklarni qayerdan tanishimni bilasizmi?

– Qayerdan? Ko’rinishidanmi?

– Ha. Yana ismlaridan. Va yana bilasizmi nimadan?

– Nimadan?

– Qo’rqishidan?

– Qo’rqishidan? Kimdan qo’rqadi ular?

– Hammadan. Avvalambor, ota-onasidan. Chunki ota-onasi ularni juda ko’p urishadi. Mana, masalan, Amirjon onasi o’qituvchi oldida uni urishib, qo’lidan siltab-siltab tashladi. Axir onasidan qo’rqsa, hammadan qo’rqadi-da. Chunki ota-onasi bolani eng ko’p yaxshi ko’radigan odamlar. Butun dunyodagi odamlar orasida.

Keling, Amirjon onasidek bo’lmaylik. Bolalarimizni hurmat qilib katta qilaylik. Tarbiyada shirin so’z tayoqdan ham, hamma narsadan ham o’tkirroq. Axir bola o’z ixtiyori bilan sizni onasi etib tanlamagan-ku. Tanlash imkoni paydo bo’lsa, farzandingiz boshqa oilaga ketib qolishini bir tasavvur qiling-a. Sizni emas, notanish bir ayolni “shu endi mening oyim bo’lsin” desa?! Siz buni istamaysiz-ku, to’g’rimi? Vaholanki, bolangizning qandayligi to’la sizning qo’lingizda, uning bugungi xulq-atvori – sizning kechagi harakatlaringiz natijasi.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.