21-iyun kuni O’zbekiston prezidentining to’ng’ich nevarasi Islom Karimov o’zining birinchi intervyusini berdi. Britaniyaning nufuzli Oksford universitetida tahsil olayotgani aytilgan 21 yoshli yigit onasi Gulnora Karimovaning hozirgi ahvoli haqida gapirish uchun Rossiyaning Ren-TV telekanalini tanladi. Ha, intervyu muallifiga ko’ra, tashabbus bilan yosh Islom Karimovning o’zi chiqqan.
Onasi Gulnorani yanvar oxiridan buyon ko’rmaganini aytar ekan Islom Karimov singlisi taqdiridan ham xavotir bildiradi. Intervyudan aniq bo’lishicha, Karimovning ikkinchi nevarasi, 16 yoshli Imon yurak xastaligiga chalingan va doimiy ravishda shifokor ko’rigidan o’tib turishi kerak. Ammo qiz onasi bilan hozir “norasmiy uy qamog’ida” (yosh Islom Karimov iborasi) va shu bois Britaniyaga o’qishga qaytmagan.
Buvasi haqida gapirar ekan, Islom Karimov prezident boshqa odamlar qo’lida o’yinchoq bo’lgani va shu sababli qizi ve nevaralariga munosabatini keskin o’zgartirganini aytadi. Har bir so’zni ehtiyotkorlik bilan, xuddi oldindan yaxshigina tayyorgarlikdan o’tgandek gapirar ekan, yosh Islom Karimov O’zbekiston prezidenti oilasidagi so’nggi nizolar ortida “juda katta qudratga ega odam” turganini ta’kidlaydi. Ammo bu odam kimligi haqida lom-lim demaydi. Rossiya jurnalisti ham bu haqida savol bermaydi.
Prezidentni saroy ichidagi o’yinlar qurboni sifatida tasvirlashga urinayotgan yosh Islom Karimov buvasini odatda har yili 22-dekabr kuni, o’zining tug’ilgan kunida ko’rishga odatlangani, ammo o’tgan dekabrda uni ko’rolmaganini aytadi. U, shuningdek, buvasi uning tarbiyasida katta rol o’ynaganini tilga oladi.
Ren-TV telekanali tomonidan “Osiyo shahzodasi” deb atalgan yosh Islom Karimovning birinchi intervyusi darhol ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilina boshladi. Bu tabiiy.
Bildirilgan firklarning asosiylari quyidagicha:
Birinchidan, “Facebook” va “Twitter”dan tortib Markaziy Osiyoni yoritib boradigan vebsaytlargacha – turli-tuman forumlarda sharh qoldirilganlar orasida bu yigitga zarracha ham achinish yo’q. “Ha endi, bu yosh yigitda nima ayb”, degan fikr o’qimadim. Aksincha, odamlar “intervyu Gulnora Karimovaning piar (PR) kampaniyasi”, dedi. Ko’plar yigitning ko’rinishida to’xtaldi – uning vaznidan tortib buvasiga o’xshashigacha. O’zbekcha gapirmasligi va hatto fikrlamasligiga toshlar otildi. Yigitning o’z otasi Mansur Maqsudiyning ismi va familiyasidan voz kechgani va buvasining familiyasi va otasining ismini olgani haqida gapirganiga salbiy munsosabat bildirildi. Bundan bir xulosa qilish mumkin: xalq orasida prezident oila a’zolariga nisbatan g’azab kuchli.
Ikkinchidan, yigitning ayrim gaplari ko’plarni ranjitdi. Xususan, uning “Men hech qachon oltin yoshlar guruhiga mansub bo’lmaganman. Qator-qator mashinalarim ham bo’lmagan… Onam menga pul sov’ga qilgan, Britaniyada xarajatlarim katta emas, faqat yashash va o’qishga pul sarflayman”, degan gapidan so’ng rossiyalik jurnalist yosh Islom Karimov doim tan soqchilari bilan yurishini aytdi. Bir sharhda aytilishicha, Londonda tan soqchisi oyiga kamida 3000 funt sterling maosh olar ekan.
Uchinchidan, ayrimlar yosh Islom Karimov endi Britaniyada siyosiy boshpana so’rasa kerak, deb taxmin qildi. Buni vaqt ko’rsatadi.
Boshqa gaplar ham bo’ldi. Uning “Osiyo shahzodasi” deb atalgani ham ayrimlarning ensasini qotirdi.
Va nihoyat, mening shaxsiy fikrim. Qaysi yoshda bo’lmaylik, onaga muhtojmiz. Onasini ko’rolmasa, buvasi bilan diydor ko’risholmay, unga xorijiy davlat televideniyesi orqali murojaat qilishga majbur bo’lgan odam haqida nima deyish mumkin?! Siz yana boshqa bir shunday odam haqida hech eshitganmisiz? Mashhur asardagi iqtibosni biroz o’zgartirib aytadigan bo’lsak, Karimovlar oilasida hamma narsa o’stin-ustin bo’lib ketibdi. Boshqa davlat rahbari oilasida va xonadoni haqida shuncha salbiy ma’lumot tarqalganmi hech?
Darvoqe, shu o’rinda yana rossiyalik jurnalistning naqadar noprofessisonal ravishda intervyu o’tkazganini aytmoqchi edim (so’rash kerak bo’lgan shuncha savollar chetda qolib ketgan), ha, qo’y, dedim o’zimga. Rossiyada jurnalistika bor ekanmi?! Faqat targ’ibot va reklama.
O’zbekiston haqida fikr bildirganimda, hammasini qora bo’yoq bilan bo’yamay, deyman o’zimga. Ijobiy jihat qidiraman. Odatda topaman. Xalq haqida gapirsam, topish oson. Rahbarlar haqida gapirsam, qiynalaman. Bu gal topdim. Rasmlar yoqdi menga. O’zbekiston prezidentining hech hali chop etilmagan oilaviy suratlari. Nabiralari bilan uyida tushgan suratlari. Prezidentning nevaralari Islom va Imon bilan jilmayib tushganini ko’rib, boshqalardan hech farq qilmaydigan, baxtli onlarni kechirayotgan oila, deysiz. Lekin ular ko’p yillar oldin olingan suratlar edi…
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.