savitskiy

2010-yilda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O’zbekistonga borgan edi. O’shanda BMT samolyoti avval Nukusga qo’ndi. Pan Gi Mun O’zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va boshqa yuqori martabali rasmiylar bilan Orol dengizi ustida vertolyotlarda uchib, Mo’ynoq aholisi bilan gaplashdi.

Delegatsiyadagi martabasi sal pastroq bo’lgan rasmiylar uchun esa Savitskiy muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.

Xorijliklar orasida rassom Igor Savitskiy, u asos solgan muzey va u yerda saqlanayotgan durdonalar haqida eshitmagan odam yo’q edi. Men ham delegatsiya a’zolari bilan bir zaldan boshqasiga o’tar ekanman, avangard yo’nalishiga mansub suratlarni zavqlanib tomosha qildim. Ekskursiyani muzey rahbari Marinika Babanazarovaning o’zi olib bordi.

Bino yangi va chiroyli edi. Ammo ko’rgazmadagi rasmlar uchun biroz kichik ko’rindi menga. Bu haqdagi izohimga Babanazarova O’zbekiston hukumati muzeyni doim dastlaklab kelgani va binoni yanada kengaytirish rejasi borligini aytdi.

Zallardagi eng mashhur javohirlar bilan tanishib bo’lgan mehmonlarga so’ngra qoraqalpoq madaniyati taqdim etildi, musiqa va qo’shiqlar yangradi, an’analar haqida gapirildi, dasturxonga mahalliy shirinliklar tortildi. Darvoqe, muzey nafaqat surat va skulpturalar, balki qoraqalpoq milliy liboslari, gilamlar, zargarlik va boshqa buyumlarga boy.

Afsus, delegatsiya bilan ovora bo’lib men muzeyda istaganimcha qololmadim. Lekin o’shanda bu yerga o’zim, ish bilan emas, shu muzeydagi asarlarni ko’rish uchun yana kelaman, degan edim.

San’atni biroz tushunganim sababli u yerdagi asarlar menda jiddiy qiziqish uyg’otdi, zavq berdi. Parijdagi Luvr, Londondagi Britaniya galereyasi, Madriddagi Prado, Amsterdamdagi Van Gog muzeyi va Sankt-Peterburgdagi Ermitajni ko’rganman. Nyu-York va Vashingtondagi muzeylarni aytmasa ham bo’ladi. Rassom, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, muzey asoschisi Igor Saviytskiy olis Nukusda to’plagan kolleksiya ham o’sha mashhur dargohlarnikidan qolishmaydi. Fransiyaning bir jurnalisti muzeyni “sahrodagi Luvr” deb atagan edi.

Hozir Babanazarova atrofida yuzaga kelgan vaziyat barchani, ayniqsa muzeyni, uning tarixini, Savitskiy asarlarni qanday mashaqqatlar bilan to’plaganini bilgan odamlarni tashvishga soldi.

U yerda nima bo’lgani aniq emas. Ba’zilar 1984-yildan beri muzeyga bosh-qosh bo’lgan, kolleksiyani o’z farzandidek asrab-avaylagan Babanazarova ishdan bo’shashga majbur qilindi desa, rasmiylar u o’z ixtiyori bilan pensiyaga chiqdi, demoqda.

Muammo shundaki, O’zbekiston nihoyatda yopiq jamiyat. U yerda nima bo’layotganini aniqlash qiyin. Masalani o’rganadigan mustaqil jurnalistlar yo’q. Muzeylarni boshqaradigan vazirlik haqida yangrayotgan iddaolarni ko’rib chiqadigan fuqaro jamiyati ham mavjud emas. Shaffoflik va oshkoralik bo’lmagan joyda mish-mishlar ko’payaveradi.

Eng muhimi, O’zbekiston – korrupsiyalashgan jamiyat (Masalani o’rganadigan “Transparency International” xalqaro tashkiloti reytingida 175 davlatdan 166-o’rinda). Savitskiy muzeyi kolleksiyasi 2 milliard dollarga baholangan degan ma’lumot o’qidim. Bu durdonalarni qo’lga kiritmoqchi bo’lganlar kam emas. Imi-jimida asl nusxalarni soxtalari bilan almashtirish amaliyoti haqida eshitganmiz. O’zbekistonning ayrim muzeylaridan o’g’irlangan qator asarlar Shveytsariyada, Gulnora Karimovaga tegishli deb aytilgan villada topilgani haqidagi ish ham hammaning esida bo’lsa kerak. Qolaversa, xorijda ham durdonalar uchun katta pul to’lashga tayyor odamlar borligi aniq.

Men Nukusga bir necha marta borganman. Kambag’al o’lka. Suvni ham, u suvda damlangan choyni ham ichib bo’lmaydi. Ochig’i, Qoraqalpog’istonga qaytib borish uchun ishdan boshqa sabab topish qiyin. Boy madaniyatga ega o’ta samimiy xalq hamda shu muzey sabab bo’lishi mumkin.

Babanazarova atrofidagi vaziyat hali hal bo’lganicha yo’q. U lavozimida tiklanadimi? Agar tiklanmasa, uning o’rniga kim tayinlanadi? Muzeyda anchadan beri ishlagan, asarlar uchun jonini fido qilishga tayyor odammi yoki san’atni tushunmaydigan mansabdorlar buyruqlarini bajaradigan qo’g’irchoqmi?

Vaziyat qanday rivojlanmasin, men bir narsaga umiq qilaman: adolat qaror topsin. Nukus esa xorijiy va mahalliy mehmonlarni o’z muzeyidagi san’at asarlari bilan quvontiraversin.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.