O’tgan hafta Vladimir Putin uchun xursandchilik davri bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Axir AQShda 8-noyabr kuni bo’lib o’tgan prezident saylovida Rossiya prezidentini maqtagan Donald Tramp g’olib chiqdi. Bolgariya va Moldovada ham Rossiyaga xayrixoh rahbarlar saylandi.
Trampning ko’plab kuzatuvchilar uchun kutilmagan g’alabasini Rossiya Davlat dumasi deputatlari olqishladi. Ulardan biri, millatchi Vladimir Jirinovskiy Dumada shampan vinosi ochib ziyofat bergani haqida xabarlar chiqdi.
Rossiya matbuotining Tramp g’alabasini yoritishi ham e’tiborga sazovor. AQShdagi saylovoldi kampaniyasi davomida Kreml nazoratida bo’lgan barcha ommaviy axborot vositalari Hillari Klinton ismini bulg’adi, uydirma gaplar va yolg’on tarqatishdan charchamadi. Hillari Klinton salomatligi og’ir, qabilidagi yolg’on, ayniqsa, ko’p tarqatildi. Rossiya matbuotidan boshqa narsani o’qimagan odam Klinton ko’pi bilan uch oy yashaydi, degan ishonch hosil qilgan bo’lsa ajab emas.
Tramp g’alabasi e’lon qilinganidan bir necha soat o’tib, Rossiyaning aksar matbuot vositalari yana bir uydirmani tarqatdi: bu safargi “xabar” Bill va Hillarining ajralishi haqida edi. Boshqa mamlakatlar matbuotida aslida yolg’on bo’lgan bu gap haqida hech kim eshitmadi.
Yevropada Rossiya ta’sirini kuchaytirish payida bo’lgan Putin bu mintaqadagi saylovlar natijalaridan ham mamnun bo’lgani aniq.
Bolgariyadagi saylovlarning AQShnikiga o’xshash jihatlari bor edi. Bosh lavozimga rossiyaparast siyosatchi, Bolgariya sotsialistlar partiyasi tayanchiga ega iste’fodagi general Rumen Radev hamda Yevropa Ittifoqiga xayrixoh Tsetska Tsacheva da’vogarlik qildi. Bu mamlakatda ham Tsacheva mamlakatning birinchi ayol prezidenti bo’lishiga oid bashoratlar yangradi – xuddi AQShda Hillari Klinton haqidagi bashoratlarga o’xshab. Ammo saylovning birinchi bosqichida hech bir nomzod yetarli ovoz ololmadi. Ikkinchisida esa Radev g’olib chiqdi. Radev – Rossiya tarafdori, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyalariga ochiqchasiga qarshilik bildirgan. Prezidentlik muddati tugagan Rosen Plevneliyev esa Putinning Qrimga nisbatan siyosatini ochiqchasiga tanqid qilib kelgan edi.
Ayni vaqtda Moldovada Igor Dodonning yangi prezident ekani aniq bo’ldi. Uning raqibi ham ayol – Jahon bankining sobiq xodimasi, G’arb bilan aloqalarning chuqurlashishi tarafdori Maya Sandu edi. Ammo u ham yetarli ovoz ololmadi. Endi esa Moldova Yevropa Ittifoqidan uzoqlashib, Rossiya yetakchilidigagi Yevrosiyo ittifoqiga qo’shilishi mumkin.
Albatta, Tramp, Radev va Dodon orasida farq bor. Mamlakatlar ham boshqa-boshqa. Ammo “establishment”ni savol ostiga qo’ygan, ya’ni boshqacha qilib aytganda, mavjud vaziyatni tubdan o’zgartiraman deya va’da bergan arbobning g’alaba qozonishi ortida aksar aholining aynan shu mavjud vaziyatdan noroziligi kabi jiddiy sabab bor. Qolaversa, ko’plab amerikaliklar uchun Hillari Klinton o’sha eski “establishment”ning vakili. Bu mamlakatda esa ayni partiya vakili ko’pi bilan ikki muddat davlatni boshqaradi, so’ngra u partiya va siyosatidan charchagan elektorat boshqa partiya vakilini afzal ko’radi, xuddi katta soat mayatnigi kabi. Aksar hollarda to’rt yoki sakkiz yil o’tib, saylovchilar yana boshqa asosiy partiya tarafiga og’adi.
Bolgariya va Moldovada vaziyat biroz boshqacha bo’lsa-da, u yerda ham status-kvodan toliqqan, korrupsiya va iqtisodiy qiyinchiliklardan shikoyat qilgan saylovchilar o’zgarish uchun ovoz berdi.
Biroq ham AQSh, ham Bolgariya, ham Moldovadagi saylovdan so’ng ekspertlar orasida vujudga kelgan xavotir bir: bu yetakchilar davlat rahbari bo’lgan davrda siyosiy tizimni shu qadar o’zgartirib yuborishi mumkinki, demokratiya poydevoriga suv quyiladi. Shunday siyosat olib borilib, shunday cheklovlar joriy etiladiki, demokratik institutlar o’z vazifalarini bajara olmaydi. Buni biz Rossiya misolida ham ko’rganmiz, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an olib borayotgan siyosat misolida ko’ryapmiz. Qolaversa, bir paytlar Markaziy Osiyoning eng erkin davlati hisoblangan Qirg’izistonda ham Prezident Almazbek Atambayev olib borayotgan siyosat misolida guvoh bo’lyapmiz.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.