Yevropaning so’nggi diktaturasi sifatida tanilgan Belarusda Erkinlik kuni marshi bo’lib o’tmoqda.
Mamlakatning turli qismlarida namoyishlar fevralda boshlangan edi. Hukumat Ukraina kabi rangli inqilob bizning ham boshimizga tushmasin deb, namoyishchilar, faollar, muxolifat a’zolari va jurnalistlarni hibsga oldi, jarimaga tortdi, ayrimlarini qamadi, boshqalariga qarshi jinoiy ishlar ochdi. Ma’lumotlarga ko’ra, shu kungacha 270 odam jazolangan. Ulardan kamida 32 nafari – jurnalist.
Belaruslar nimadan norozi?
Fevral oyi boshida qariyb 500 ming odam “ishlamaganing uchun jarima to’lashing shart”, mazmunida maktub oldi. Jarima qariyb 250 AQSh dollariga teng. 2015-yilda Prezident Aleksandr Lukashenko “ijtimoiy parazitizm”, ya’ni boqimandalik haqida qonun qabul qilgan va bunday illatning oldini olaman, deb bir yil davomida olti oydan ko’p vaqt hech qayerda ishlamaganlar jarimaga tortilsin, degan edi. Qonun norozilikka sabab bo’lgach, uning kuchga kirishi kechga qoldiriladi, dedi avval Lukashenko. Shunga qaramay, yuqorida yozganimdek, aholisi 10 million odamga teng Belarusda yarim million odam jarima haqida talabnoma oldi. Va “Biz tekintomoq emasmiz” shiori ostida namoyishlar boshlanib ketdi.
Aslida qonun Belarus Konstitutsiyasiga ham, xalqaro inson huquqlari normalariga ham zid.
22-mart kuni bir guruh xalqaro va mahalliy tashkilotlar – hammasi bo’lib 48 ta – Prezident Lukashenkoga ochiq maktub yo’lladi va qonunni bekor qilish barobarida belarusliklarning namoyish qilish huquqini va boshqa erkinliklarini cheklamaslikka chaqirdi.
Inqilob boshlanishidan va hokimiyatdan chetlashtirilishdan qo’rqqan Lukashenko 24-mart kuni bunga yo’l qo’ymayman, deya bayonot berdi.
“Belarusda Ukrainadagi kabi vaziyat bo’lmaydi. Ukraina variantining bu yerda takrorlanishiga men yo’l qo’ymayman”, dedi Lukashenko juma kuni. U, shuningdek, hozirgi namoyishlarda G’arb qo’li bor deb hisoblamoqda. “Amerika va Germaniya Litva hamda Polsha orqali pul ajratgan”, – dedi u.
Ammo bu borada belaruslarning bir maqolini eslash mumkin: Нечево на зеркало пенять, коль рожа крива. Uni o’zbek tiliga “avval o’zingga boq, keyin nog’ora qoq”, deb tarjima qilsa bo’ladi. Chunki namoyishlar negizida odamlarning G’arbdan pul olib, maydonlarga pul evaziga chiqayotgani emas, balki aholi orasidagi haqiqiy jiddiy norozilik bor. Mamlakatni 23 yildan buyon boshqarayotgan va uni o’zining kichik bir qirolligiga aylantirgan Lukashenkodan norozilik, kam maoshlar va baland narxlardan kelib chiqayotgan, ishsizlarning ko’pligidan kelib chiqayotgan og’ir iqtisodiy ahvoldan norozilik, mamlakatni avtoritar tuzumga aylantirib, bu bilan Yevropadan yakkalab qo’ygan, ayni vaqtda Rossiya bilan aloqalarni sovuqlashtirgan Lukashenkodan norozilik bor. Lukashenko aybni avval o’zidan, o’z hokimiyat uslubidan qidirish o’rniga, hokimiyatda qonunga xilof ravishda qolishga uringan boshqa prezidentlar kabi, G’arbni ayblamoqda. Biroq u prezidentlar baribir hokimiyatdan quvilgan edi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz