Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimida Rossiya sport sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev O’zbekiston jamoasini Tojikiston deb tanishtirdi.
Fikrimcha, Guberniyev uchun bu tasodifan yo’l qo’yilgan xato, uning ortida siyosiy sabab yoki g’araz bo’lmagan. Shunga qaramay bu xato internetda nihoyatda kuchli norozilikka sabab bo’ldi.
“Facebook” ijtimoiy tarmog’i va boshqa vositalar orqali mavzuga bag’ishlangan suratlar tarqatildi, uning ishini qoralovchi gaplar yozildi.
Norozilik shu qadar shiddatli tus oldiki, shanba kuni sharhlovchi uzr so’rashga majbur bo’ldi. Bundan buyon diqqatliroq bo’lishini aytib, Olimpiadada qatnashayotgan O’zbekiston sportchilariga omad tiladi.
Bu borada gap ochganimning sababi – o’zbeklar va o’zbekistonliklar namoyish qilgan birdamlik va hamjihatlik. Misli ko’rilmagan darajada. Bu meni quvontirdi, albatta. Doimo shunday bo’laylik. Bir-birimizni qo’llab-quvvatlaylik. Xalq bu har bir fuqaro, uning faol pozitsiyasi va fikridir.
O’zbekiston jamoasiga esa g’alabalar tilab qolaman.
Gaplashamiz.