Bugungi mavzuga ikki hodisa sabab bo’ldi. Birinchisi – yaqinda Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan o’zbekona to’y. Ikkinchisi – “green card” olib, Nyu-Yorkka bola-chaqasi bilan ko’chib kelgan er-xotinning ajralishi.
Nyu-Yorkda o’zbeklar ko’p. To’ylar ham bo’lib turadi. Afsuski, ajralishlar ham kam emas.
Turmush qurgan yoshlar qayerda yashamasin – o’z vatani O’zbekistondami, Amerikadami – yangi hayotida qiyinchiliklar bo’lishi tabiiy.
Ajralish hollari hozir O’zbekistonda ham juda ko’p, deyishingiz mumkin. Haqsiz. Ba’zida hayratga soladigan darajada ko’payib ketgandek tuyuladi menga ham.
Oilaning parchalanishi doim fojea. Ne-ne umidlar bilan bir yostiqqa bosh qo’ygan er-xotin uchun ham, orzu-havas bilan qizini uzatib, o’g’lini uylantirgan ota-ona uchun ham. Va ayniqsa bolalar uchun.
Rus adibi Lev Tolstoy yozganidek, “baxtli oilalarning hammasi bir-biriga o’xshaydi, baxtsiz oilalarning har biri o’zicha baxtsizdir”.
Har bir ajralishning ham o’ziga xos sabablari bo’ladi. Lekin umumiy jihatlari ham bor. Ayniqsa, musofirchilikda yashayotgan oilalar orasida. Mening kuzatuvlarimga ko’ra, O’zbekistonda turmush qurib Amerikada ajraganlarning ko’pchiligida bunga yangi jamiyat, yangi madaniyat va dunyoqarashga o’rgana olmaganlik sabab bo’lmoqda. Aniqrog’i, er-xotinning biri tezroq o’rganadi, moslashadi, ikkinchisi sekinroq.
Albatta, menda bu taxminni tasdiqlaydigan ijtimoiy so’rov yoki jiddiy ilmiy tadqiqot natijalari yo’q. Shunchaki, shaxsiy kuzatuv, xolos.
O’sha gapimning boshida aytganim oilani olaylik. AQShga ko’chib kelgach ayol darhol ish topgan. Erkak esa uyda o’tirib, bolalarga qaragan. Vaholanki, O’zbekistonda teskarisi bo’lgan.
Ingliz tilini bilmagan bu er-xotin eng oddiy, qora mehnat bilan shug’ullanishga majbur bo’lgan. Lekin yurtdoshlarimizning aksariyatiga o’xshab, bular ham tirishqoqligi, mehnatsevarligi bois tilni o’rgangan, ayol o’qishga kirib, yangi kasb egallagan. Ko’p o’tmay er ham ish topgan. Eng qizig’i qiyinchilik davrida ular orasida bir-birini qo’llash kuchli bo’lgan. Ikkovlon pul topib, bemalol yashay boshlaganida esa muammolar boshlangan.
Men ayol bilan suhbatlashganimda, “erim icha boshladi, yurib ketdi, meni ura boshladi”, deb aytdi. Uning sobiq turmush o’rtog’ini tanimayman, u bilan gaplashish imkoni ham bo’lmadi. Bilamiz, har bir tarafning o’z “haqiqati” bo’ladi. Gap bunda emas. Gap shundaki, oradagi hamjihatlik yo’qolgan. “Turmushimizni qayta tiklab bo’lmaydi. Bu ko’zaga darz ketdi emas, u chil-chil sindi”, dedi menga ayol.
O’shandan beri ayolni, oradagi uch bolani o’ylayman.
Shu o’rinda mendan aqlli gap – jiddiy xulosa, chuqur mulohaza yoki yaxshigina maslahat kutayotgan bo’lsangiz kerak. Gap shundaki, bunday oilalarga nima maslahat berishni bilmayman. Yangi maslahat demoqchiman. Sabr-toqatli bo’lish, bir-biri uchun suyanchiq bo’lib, og’ir kunda ham, xursandchilikda ham qo’llab-quvvatlashni, farzandlar kelajagini o’ylash kerakligini hammamiz yaxshi bilamiz. Ajrayotganlar ham bu gaplarni mendan yaxshi biladi.
Men sizning fikringinzi so’ramoqchiman, aziz gapdoshim. Siz nima deysiz? AQSh yoki boshqa mamlakatga ko’chib borgandan keyin o’zbeklar nima qilsinki, oilasi buzilmasin? Ularni qanday qiyinchiliklardan ogohlantirish kerak? Minglab o’zbeklar chet ellarda yashayotgan ekan, umumiy maslahatlar ham topilar.
Maqolaga to’y ham sabab bo’ldi, dedim boshida, yodingizdami?
O’sha to’yda olib boruvchi mehmonlarning biridan “kelin-kuyovga qanday maslahat berasiz”, dedi. Mehmon biroz tortinib, o’sha yuqorida tilga olingan gaplarni gapirdi. Juda to’g’ri gapirdi.
Lekin men o’ylanib qoldim. Haqiqatan ham, yangi mamlakatda yangi hayotga qadam qo’yayotgan ikki yoshga nima maslahat berish mumkin? Ikki o’zbek yoshga?
O’sha mehmon o’rnida men bo’lsam-da, to’y boshlovchisi mikrofonni menga tutqazsa, men nima derdim?
Kuyovga “amerikalik erkaklarga o’xshab, ayolni o’zing bilan tengdek qabul qil, unga ko’proq yordam ber, uy ishlarini faqat ayol kishi qilishi kerak, demasdan, iloji boricha yordamlash, kerak bo’lsa ovqat pishir, bolalarga qara”, desammikin?
Kelinga esa “amerikalik ayollardek bo’lma, eringni doim qo’lingni ko’ksingga qo’yib, boshingni egib, kutib ol, “yaxshi keldingizmi, charchamadingizmi”, deb, darrov oldiga issiq ovqat qo’y, choy ber. Tilingni shirin qil”, desammikin?
Balki shunda ikki qutb – G’arb va Sharq – kichik bir oila doirasida birlashar?
Siz nima deysiz?
Gaplashamiz.
O’zbekistonda ham, Americada ham yahshi yomon tomonlari ko’p. Siz yozganizdek, yangi mamlakatda faqat yahshi tomonlarini olib hayot qurish kerak.
Menimcha bugungi oilaviy turmushdagi qiyinchiliklarni G’arb va Sharq madaniyatlari orasidagi farq bilan aloqasi juda oz. Yaponiya, Koreya, va Xitoydagi yurtdoshlarimiz buni yaxshi tushunishadi.
Asosiy masala shuki Amerikada ham, O’zbekistonda ham bugungi iqtisodiy sharoitlar oila turmushi uchun ko’p vaqt va energiya qoldirmayapti.
Uni ustiga, bugunning imkoniyatlari ayol va erkaklarni oila qurishdan kutgan saodat darajalarini ortirar ekan ayni paytda turmush qiyinchiliklari oila qurishni o’zini ahamiyatini ozaytirib yuboryapti.
Ya’ni, 40 yoshga chiqib hali ham mos nomzod topa olmaganlar ham bor, ajralish va boshqa qiyinchiliklarga yo’l bermay deb rasmiy registratsiyadan o’tmay farzand ko’rayotgan O’zbeklar ham bor.
Vaholanki, bora bora odamlar uchun qo’shnini yoki mullani gapiga qarab emas, o’zini qalbi va idrokiga qarab ish tutish osonroq bo’la boshlayapti. Ayniqsa, O’zbekistondan Amerikaga ko’chgandan keyin yil sayin O’zbekistondan o’zi bilan birga olib kelgan “el qatori”, “mahalla, ko’cha kuy qatori” fikr yuritish kabi odatlar qulay boshlaydi. Bu degani ajrashish ham osonlay boshlaydi.