uzbekistanSarlavhaga chiqarilgan savolga javob bitta bo’lishi mumkin, deb hisoblayman: ha, o’zbeklar qayerda bo’lmasin, o’zbekligini saqlab qolishi kerak.

Masala o’zbeklarning yangi jamiyatga qanchalik aralashishi va bu madaniyatni qanchalik o’ziga olishida deb o’ylayman.

Amerika, ayniqsa, Nyu-York vaqir-vuqir qaynab turgan katta qozonga o’xshaydi. Qozonga turli-tuman masalliq solinganidek, bu yerga ham doim yangi odamlar kelib qo’shiladi. So’nggi yillarda ular orasida o’zbeklar ko’paygan. Nyu-Yorkning Brayton Bich mahallasida yangi “kichik O’zbekiston” vujudga kelgani haqida siz uchun reportajlar tayyorlagan edik, aziz gapdoshim.

Vatandoshlarimiz alohida jamiyat tashkil etgani haqida ham hikoya qilgan edik. Ular Navro’z kabi bayramlar-u to’ylarni birga nishonlayotgani haqida ham ma’lumot berganmiz.

Albatta, AQShning boshqa shaharlarida ham o’zbekistonliklar ko’paymoqda. Amerikalik “yangi o’zbeklar” orasida yoshlar ham bor, qariyalar ham. AQShda tug’ilgan bolalar ham bor.

O’zbekiston mustaqil bo’lmay turib Amerikaga kelgan, ba’zilar ta’biri bilan aytganda, “eski o’zbeklar” ham talay. Ular Turkiya yoki, aytaylik, Afg’onistondan kelgan. Bu yerda tug’ilib ulg’aygan, so’ngra o’zbek yoki boshqa millat vakili bilan turmush qurib, farzandli bo’lganlar ham kam emas. “Eski o’zbeklar”ning aksariyati O’zbekistonda hech qachon yashamagan. Ba’zilari u yerga hatto bormagan ham.

Izoh: Shu yerda bir narsani aytib o’tishim joiz. “Eski” va “yangi” so’zlari menga ma’qul emas. Boshqalar ham ularni shartli ravishda, AQShgdagi o’zbek muhojirlarining turli “to’lqinlari” haqida gapirganda qo’llaydi.

Xo’sh, o’zbeklar AQShga kelgach, o’zbekligini qanchalik saqlab qolishi kerak? Amerika madaniyatiga qanchalik singishi to’g’ri? Men bu savollarni yuqorida aytganim “eski” hamda “yangi” o’zbeklar vakillariga berdim.

Birinchi suhbatdoshim – Turon Ayoz, ko’p yillar davomida Turkiston-Amerika uyushmasida faol ishtirok etib kelgan, o’zbeklar orasida obro’ qozongan odam.

“Biz birinchi navbatda turkistonlikmiz, – deydi Turon Ayoz. – Kelib chiqishimiz O’zbekistondanmi, Qirg’iziston yoki Qozog’istondanmi, biz bir-birimiz bilan mustahkam rishtalarni rivojlantirishimiz zarur”.

“Amerikada menga savol berishganida, faxrlanib, o’zbekligimni aytaman”, – deydi suhbatdoshim va bu o’zlikni o’zbeklar saqlab qolishi kerakligiga urg’u beradi.

Darhaqiqat, men yaqinda Nyu-Jersida Turkiston-Amerika uyushmasi tashkil etgan Navro’z bayramiga bordim va bir keksa ayol bilan tanishib qoldim. Dasturxon yozilganida bir stolda o’tirib qolibmiz.

O’g’limga o’zbekcha gapirayotganimni eshitib, “Toshkentdanmisiz?” deb so’radilar onaxon. “Ha”, deb javob bersam, “men ham Toshkentdanman”, dedilar.

Qarangki, bu kishi hech qachon Toshkentda bo’lmagan ekan. “Sovetlar O’zbekistonda hokimiyat qurganida, ota-onam Afg’onistonga chiqib ketgan. U yerga ham o’rislar kelganida, Afg’onistondan ham bosh olib chiqib ketishimizga to’g’ri keldi. Amerikada qo’nim topdik”, – dedi u.

Hech qachon O’zbekistonda bo’lmagan va keksaligi sababli ona yerini ziyorat qilishga umid qilmayotgan bu onaxon O’zbekistonni vatanim, deb biladi. “Eski o’zbeklar” orasida bundaylar kam emas.

“Hayron qolmang, biz qayerda bo’lmaylik, doim o’zbekligimizni bot-bot gapirib kelganmiz. Madaniyatimizni, urf-odatlarimizni asrab-avaylaganmiz, tilimizni saqlab qolishga harakat qilganmiz,” – deydi Turon Ayoz.

"Vatandosh" gazetasi noshiri Farhod Sulton

“Vatandosh” gazetasi noshiri Farhod Sulton

AQShga so’nggi yillarda kelgan o’zbeklarga kelsak, mavzuimiz yuzasidan fikr bildirishni Farhod Sultondan so’radik. AQShda o’zbek tilidagi birinchi gazeta – “Vatandosh”ni chiqara boshlagan bu yigit 2013-yilda tuzilgan “Vatandosh” O‘zbek-Amerika jamiyatida ham faol.

“O’zbekligimizning bebaho jihatlari bor. Shularni saqlab qolaylik. Ayni vaqtda amerikaliklarning eng foydali tajribalaridan saboq olaylik, o’rganaylik, hayotda qo’llaylik”, – deydi Farhod Sulton.
Bunga misol sifatida o’zbek oilalarida bolalarning kattalarga, ayol kishining turmush o’rtog’iga bo’lgan hurmatini tilga oladi.

“Amerikaliklardan ham ayrim qadriyatlarni o’rgansak yomon bo’lmasdi, – deya fikrida davom etadi suhbatdoshim. – Masalan, bu jamiyatda haqiqatparvarlik kuchli. Yolg’on gapirish nihoyatda yomon hisoblanadi, rost gapirish odatga aylangan. Mana shu biz uchun muhim.”

Turon Ayoz va Farhod Sulton bilan suhbatimiz uzoqqa cho’zildi. Bitta maqolada barcha bildirilgan fikrlarni aks ettirish qiyin. Men gapning uchini chiqardim, xolos. Qolganini sizdan so’ramoqchiman, aziz gapdoshim.

Bola tarbiyasi masalasi alohida suhbatga loyiq. Juda katta va murakkab mavzu. O’zbek bolalarini Amerikada tarbiyalash va katta qilish mavzui ham bizga o’xshagan amerikalik o’zbek ota-onalar uchun nihoyatda dolzarb. Bu mavzuni boshqa safar muhokama qilsak.

O’zbekligimizni saqlab qolishimiz va ayni vaqtda Amerika jamiyatiga to’laqonli a’zo sifatida qo’shilishimiz va muvaffaqiyatga erishishimiz uchun nima qilishimiz kerak? Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.