O'zbek kelin

O’zbek kelin

To’ylar mavsumi boshlandi. O’zbek uchun to’ydan muhimroq tadbir bormi? Yo’q!

Lekin xonadoningizdan karnay-surnay ovozi eshitilgunicha nima qilish kerak? Sarpo yig’ishmi? To’g’ri. Yana nima? Qizingizning bo’yi yetib qolgan bo’lsa, sovchi kutasiz. O’g’il uylantirmoqchi bo’lsangiz, kelin qidiradsiz.

Toshkentdagi bir tanishim ham kelin qidiryapti. Qanday qidirayotganini men sizga hozir aytib beraman.

***

Yonida kuyovlikka tayyor turgan o’g’li bilan ona Toshkentdagi nufuzli oliygohlardan birining hududiga kirib boradi va dekanat qayerdaligini so’raydi. So’ngra manzilga yetgunicha oldidan o’tayotgan gala-gala qizlarni zimdan kuzatib ketadi. Vaqti-vaqti bilan o’g’lining biqiniga turtib yoki qo’lini chimchilab qo’yadi.

Dekanatga yetgach, eshikni ochishi bilan yosh xushbichim erkak salom berib, onani kutib oladi-da, jilmayib “Kelin kerakmi?” deb so’raydi. O’zini biroz noqulay sezayotgan ona darrov tetiklashadi va “ha, qiz qidiryapmiz”, deydi.

Onaga stol yonidagi stulga ishora qilar ekan, dekan “Nozimaxon”, deydi.

Qo’shni xonadan “Chaqirdizmi?” degan tovush eshitiladiyu, qoshlari chimirilgan, lablari esa olchadek qip-qizil qiz eshikdan mo’ralaydi.

“Bularga kelin kerak ekan”, – deydi dekan, xuddi dars jadvali kerak ekan, degandek.

Kotiba qiz bir zumga g’oyib bo’ladi-da keyin yana xonaga qaytadi. Qo’lida papka. Ona papkaning ustida katta xarflar bilan “KELINLAR” deb yozilganini ko’radi.

“Ishni puxta qilarkansiz”, – deydi  ishi oson ko’chishini tushungan ayol.

“Siz bugunning o’zida uchunchisiz”, – javob qaytaradi dekan.

Papkadagi ro’yxatni ko’zdan kechirar ekan ona “voy, bularni qachooon ko’chirib ulguraman. Kseroksinglar yo’qmi?” – deydi.

“Kseroksni nima qilasiz, opaginam. Fleshka opkemadinglarmi? Fleshkami, diskmi? Kompyuterdan shundoq tashlab berardik fleshkangizga. Hozir hamma shunday qiladi-ku. Birma-bir sovchilikka boraverasiz keyin. Yoqmaganlarini ro’yxatdan o’chirib tashlayverasiz. Yoki o’zingizga ma’qul kelmasa-da tanishlaringizga mos keladigan qiz bo’lsa, ma’lumotni tanishingizning elektron pochtasiga yuborsagniz bo’ldi”, – tushuntiradi dekan.

Ona tashqarida qolgan o’g’liga telefon qilib, “fleshkang bormi?” deb so’rayotganida xonaga bir ayol kirib keladi.

Apil-tapil salom-alik qilar ekan, onaga “Anavi yerda turgan yigit sizning o’g’lingizmi?” deb so’raydi. “Ha” javobini eshitgach, “asal bolayakan-da o’ziyam, bo’ylarini aytmaysizmi”, deydi-da, dekanga qarab “Falonchi Fistonchiyevich, siz bularga obshiy spiskani beryapsizmi? Yo’g’e. Otdelniysini bering. Juda chiroyli yigit ekan. A bularni qarang. Shundoq fayzli ayol ekanlari bilinib turibdi-yu”, deydi va dekan javobini kutib o’tirmay onaga tushuntira ketadi.

“Qizlar 3-kursga bormay qolmayapti. Yaxshi oiladan, o’zi ham tuzukkina bo’lsa, o’qishga kirishi bilanoq ilib ketishadi, aylanay. Kantrakt-pantrakt ham deyishmayapti. To’g’ri-da. Bir umrga oilaviy do’xtir olasiz-ku, pulni qizg’anasizmi?!”

Shu paytgacha “yosh kelin olsam qanday qilib o’qitaman, yaxshisi 6-7 kursdagi qizni olaqolaman” deb yurgan ona bu gaplarni eshitgach gangib qoladi.

Shu damda xonaga fleshka ko’tarib o’g’il kirib keladi. Dekan “choy opkeling” deyishi bilanoq g’oyib bo’lgan Nozimaxon yana paydo bo’ladi va yigitga qaraydi-da kipriklarini qoqadi. Nozlanib uni kompyuter yoniga taklif etadi.

Ayol esa onaga uqtirishda davom etadi.

“Qizga sovchilikka borsangiz-u yoqmasa, spiskadan o’chirib tashlamang. Hammasini ko’rib chiqqaningizdan keyin, “E, o’sha joy yaxshi edi”, deb yana qaytib borishingiz mumkin-da. Bunaqa hollar juda ko’p uchraydi. Mana mening ovusinim, ikki yil oldin borgan joyiga qaytib borib, o’sha qizga unashdi jiyanimni. Yaxshiyam qizni hali uzatib yuborishmagan ekan. Boshqa 1-2 joyda shunaqasi ham bo’lgan”.

Bu gaplarni eshitar ekan, ona oldidagi yo’l uzun va hatto mashaqqatli bo’lishi mumkinligini asta-sekin tushuna boshlaydi.

***

Juda oshirib yubordingiz deysizmi, aziz gapdoshim? Demak, Toshkentda qiz qidirib ko’rmagan ekansiz. Hammasi rost. Siz keliningizni qanday topgansiz? O’rtoqlashing. Biz ham eshitaylik.

Gaplashamiz. Kelin topib olaylik, to’y haqida ham gaplashamiz.