O’tgan haftada Kanadaning Vankuver shahrida AQSh ayollar futbol jamoasining 5-2 hisobi bilan Yaponiyani ortda qoldirib, FIFA Jahon kubogini yutgani hatto futob shinavandalarini hayronu-lol qoldirdi. Amerikada futbolga munosabat boshqa mamlakakatlarnikidan farq qiladi. Bu mamlakatda sokker deb ataladigan sportga ko’pgina amerikaliklar qiziqmaydi, o’ynamaydi ham.
Ayollar futbol jahon chempionati ilk bor 1991-yil o’tkazilgan bo’lsa, AQSh ayollar futbol jamoasi unda birinchi uchlikdan pastroq o’rinni egallamagan. 2000-yilda Avstraliyaning Sindey shahridagi Olimpiya o’yinlarida kumush medallar yutganidan keyin doim oltinni qo’lga kiritib keladi.
Erkaklar jamoasi esa ayollarniki oldida ip esholmaydi. Germaniya, Argentina, Gollandiya va Braziliya kabi kuchli jamoalar bilan amerikaliklarni qiyoslamasa ham bo’ladi. Zamonaviy Jahon chempionatlari o’tkazila boshlanganidan buyon AQSh erkaklar futbol jamoasi hatto yarim finalga ham chiqa olmagan. 2002-yilda chorak finalgaga yeta olgan, xolos.
Xo’sh, nima sababdan ikki jamoa orasida shunday katta farq bor?
Kechki start
Nufuzli “Washington Post” gazetasining xalqaro futbol bo’yicha muxbiri Stiven Goffga ko’ra, dunyoning deyarli har bir mamlakatida milliy futbol jamoasini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash ustuvor masala hisoblansa, ayollar futboliga 10-20 ta mamlakat jiddiy e’tibor qaratadi. Ular orasida AQSh bor. Bu birinchi sabab.
Ikkinchidan, Goff fikricha, erkaklar futboli 100 yildan buyon rivojlanib keladi. AQSh esa bu sport turiga 1970-1980 – yillargacha qo’shilmagan. Bunday tafovutni bir kechada, hatto 10-20 yilda yo’q qilish qiyin, deydi Goff.
AQShning futbolga bag’ishlangan “Howler Magazine” jurnali asoschisi Jorj Qurayshi erkaklar jamoasi kechki startini bunday vaziyat sababi sifatida ko’radi. Erkak futbolchilar 40 yil Jahon kubogida qatnashmagan. Bu amaliyot 1990-yilda boshlangan, xolos. “O’shandan buyon jamoamiz har bir chempionatda qatnashgan”, – deydi u.
Ayollar sporti
Ayollar futboliga kelsak, Goff va Qurayshi fikricha, AQShda bu sport turi hamda ayollar qatnashadigan boshqa sport turlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratiladi. Bu ma’noda AQSh boshqa o’lkalarga qaraganda ilg’or.
Buning negizida esa jinsiy tenglik bor.
Bundan 40 yil avval AQShda jinsga asoslangan har qanday diskriminatsiyani qoralovchi qonun qabul qilingan edi. Federal byudjetdan mablag’ oladigan ta’lim dasturlari ham tenglik maydoni, shu sababdan universitetlar ayollar sportiga katta mablag’ ajratadi.
Amerikada qizlar maktab va kollejda futbol o’ynaydi. Shimoliy Karolina universiti, Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti jamoalaridan zo’r-zo’r sportchilar chiqqan va milliy jamoaga qoshilgan. Butun mamlakat ularni taniydi.
Aynan shunday tenglikka qaratiladigan siyosat AQSh ayollar jamoasini jahon futboli cho’qqisiga chiqishiga sabab bo’ldi. Gap ana shunda.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz