Kuni kecha bir yigit bilan gaplashib qoldim. U vataniga qayta olmayotganini, onasini ko’rmaganiga bir necha oy bo’lganini aytdi. Sabab – otasining jurnalist ekani, gazetada yozgan maqolalari hukumatga ma’qul kelmaganida.Aziz gapdoshim, u yigit qayerlik ekan, deb savol bergan bo’lsangiz ajab emas. U avtoritar tuzumlar avj olgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan emas. U turk. Otasi – “Jumhuriyet” (Cumhuriyet) gazetasining bosh muharriri Jan Dundar.
2015-yil may oyida Dundar boshqargan gazetada Turkiya xavfsizlik xizmati Suriyaga qurol-aslaha yuborishga uringanini iddao qilivchi reportajlar “Erdog’an yo’q degan qurol mana” sarlavhasi ostida chop etilgan. Shundan so’ng 26-noyabr kuni Dundar va hamkasbi Erdem Gul davlat sirini fosh etish, josuslik va terror guruhiga yordamlashish ayblari bilan hibsga olingan. Sal kam 100 kun qamoqda o’tirganidan keyin, shu yilning fevral oyida u ozodlikka chiqarilgan. Sud mart oyida boshlangan. 6-may kuni Dundar sud zalidan chiqqanida bir odam unga ikki marta o’q uzgan. Rafiqasi, men gaplashgan yigitning onasi, Jan Dundarni qutqarib qolgan. Sud uni 5 yil va 10 oyga ozodlikdan mahrum etgan. Bu qarorni appelyatsiyaga bergan Dundar yakuniy hukmni kutib o’rtirmay, Germaniyaga chiqib ketdi. Shundan buyon vataniga qaytolmaydi. Qaytsa qamalishi tayin. Hayotiga ham tahdidlar ko’p. Ularni “Twitter” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishingiz mumkin. Rafiqasi esa Turkiyada, Turkiya rasmiylari uning pasportini olib qo’ygani sababli mamlakatdan chiqolmaydi, umr yo’ldoshini va o’g’lini ko’rolmaydi.
Bu – bir paytlar Markaziy Osiyo respublikalariga qaraganda ancha hur bo’lgan Turkiyadagi matbuot va jurnalistlarga oid hozirgi vaziyat. So’nggi oylarda, aynqisa iyulda amalga oshmay qolgan davlat to’ntaruvidan keyin jurnalistlarga qarshi ta’qiblar ancha kuchaydi. Hozirda panjara ortida qolayotgan muxbirlar soni 146 odamga tengligi aytilmoqda.
23-noyabr kuni Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Jan Dundarga o’zining Matbuot erkinligi xalqaro mukofotini taqdim etdi. Mukofotni qabul qilar ekan, Jan Dundar “men jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamog’idan keldim” deb aytdi Turkiyani nazarda tutib.
Bu paytgacha bizning mintaqadan ushbu mukofotni olgan jurnalistlar nomini keltirsam, mukofot kimga berilishi haqida tasavvurga ega bo’lasiz:
– 2012-yilda qirg’izistonlik o’zbek jurnalist va inson huquqlari faoli, 2010-yilgi millatlararo to’qnashuvlar chog’ida fuqarolar huquqlarini himoya qilgan va huquq-tartibot organlaridagi korrupsiyani fosh etgan va shu bois 2010-yildan buyon qamoqda qolayotgan Azimjon Asqarov;
– 2005-yilda o’zbekistonlik jurnalist, Andijondagi qatliomni bevosita kuzatgan va yoritgan muxbir Galima Buxorboyeva.
Jan Dundar barobarida bu yilgi mukofotga hindistonlik jurnalist Malini Subramaniam, meksikalik jurnalist Oskar Martinez va Misrda qamoqda qolayotgan fotomuxbir, Shokan ismi ostida tanilgan Mahmud Aby Zayd loyiq deb topildi.
Shuningdek, jurnalistika sohasida katta yutuqlari tufayli Qo’mitaning Byorton Benjamin nomli mukofotiga Si-En-En (CNN) telekompaniyasining bosh xalqaro muxbiri Kristian Amanpur sazovor bo’ldi.
Mukofotni qabul qilar ekan, barcha sovrindorlar so’nggi paytlarda matbuot erkinligiga tahdid kuchaygani haqida gapirdi.