2013-yilda Rossiyada 9000 dan ko’proq ayol jinoiy tajovuz oqibatida halok bo’lgan, 11 mingdan ziyodi jiddiy tan jarohatlari olgan. 2014-yilda barcha qotilliklarning 25 foizidan ko’prog’i aynan oilalarda sodir etilgan. 2015-yilda jiddiy jinoyatlarning 40 foizi oilalarda yuz bergan.
AQShda yiliga qariyb 1000 ayol oilada turmush o’rtog’i tomonidan o’ldiriladi. Demak, aholisi Rossiyanikidan ikki baravar ko’proq AQShdagi to’qqiz yillik ko’rsatkich Rossiyadagi bir yillik ko’rsatkich bilan teng. Shunga qaramay, Rossiya oilaviy zo’ravonlikka oid jazoni yengillashtirdi.
25-yanvar kuni Davlat Dumasi deputatlari Jinoyat kodeksiga o’zgartish kiritish tashabbusini ma’qulladi. Bu o’zgarishga ko’ra, oila a’zolarini do’pposlagan odam jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bu haqda batafsil ma’lumotni rus xizmatidagi hamkasblarimiz tayyorlagan materialdan mana bu yerda o’qishingiz mumkin.
Shunday qilib, butun dunyoda oilaviy zo’ravonlikka qarshi kurash doirasida jazoni keskinlashtirishga qaratilgan choralar ko’rilayoitgan bir vaqtda rossiyalik qonunchilar turmush o’rtog’i yoki farzandiga tarsaki berish jinoyat emas, bizning milliy qadriyatlarimiz shunday, demoqda.
Qonunni o’zgartirish tashabbusi bilan chiqqan deputatlar Yelena Mizulina va Olga Batalina ham aynan shunday dedi.
Darvoqe, faqat qonunchilar emas: VTSIOM o’tkazgan so’rovga ko’ra, rossiyaliklarning 19 foizi turmush o’rtog’ini yoki farzandini urish mumkin, deya fikr bildirgan.
O’zgartirilgan qonun loyihasini Federatsiya kengashi tasdiqlashi kerak. Undan so’ngra Prezident Putin imzosi uchun yuboriladi.
Xo’sh, Putinning bu masalaga munosabati qanday?
Qariyb bir oy oldin, 23-dekabr kuni bo’lib o’tgan yillik matbuot anjumanida Rossiya rahbari “almisoqdan qolgan an’ana deb bolalarni urish noto’g’ri deb hisoblayman”, dedi va “tarsakidan do’pposlashga o’tib ketish oson” qabilidagi gapni aytdi.
Biroq qonun loyihasini Rossiya Pravoslav cherkovi qo’llab-quvvatlagan. Putin esa doim cherkov rahbarlari bilan bamaslahat ish tutadi. Ayniqsa, “qadriyatlar”ga kelganda. Shu bois bu qonunning yaqin orada kuchga kirishi ehtimoli katta. Undan keyin er xotinni, mast ota o’g’il yoki qizini qamalishdan, jarima solinishdan qo’rmay uraveradi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.