Mojaro – Norin daryosi yuqori oqimida suv-elektr snansiyalarini qurish bo’yicha Chexiyada joylashgan “Liglass Trading” kompaniyasi bilan imzolangan kelishuv atrofida. Bu kelishuv haqida ilgari mana bu yerda xabar bergan edik.
Undan buyon aniqlanishicha, birinchidan, chex kompaniyasi suv-elektr stansiyalarini qurish bobida hech qanday tajribaga ega emas. Ikkinchidan, bu kompaniya bankrot bo’lish arafasida (ayrim manbalarga ko’ra, 2016-yilda bankrot bo’lib bo’lgan).
Ham Chexiya, ham Qirg’iziston jurnalistlari buni aniqlab, hayronu-lol qoldi. Nima sababdan ko’p million dollarlik (qiymati 700 million dollardan ko’pligi aytilgan) loyihani amalga oshirish nizom kapitali 9000 dollarga teng kompaniyaga topshirildi? Ha, aziz gapdoshim, bu yerda nollarni yozishda adashmadim. Aynan to’qqiz ming AQSh dollari haqida gap ketyapti.
Gapni muddaosi qisqacha mana bunday:
10-iyul kuni Prezident Almazbek Atambayev nazoratida Qirg’iziston hukumati hamda “Liglass Trading” o’rtasida Oqbulun hamda Norin suv-elektr stansiyalarini qurish haqida shartnoma imzolandi.
Kompaniya Armaniston va Rossiyada bunday stansiyalar qurganini iddao qilgan edi. Biroq chex jurnalistlari bu ma’lumot yolg’on ekanini aniqladi. Aslida “Liglass Trading” duch kelgan ish bilan shug’ullangan va zo’rg’a kun ko’rgan. O’tgan yili esa balansi manfiy bo’lgan, ya’ni qarzga botgan. Kompaniya manzilini borib ko’rgan jurnalistlar eski bino vayronalariga duch kelgan.
Kompaniyaning internetdagi sahifasida ancha vaqt hech qanday ma’lumot bo’lmagan, lekin Qirg’iziston bilan shartnoma imzolanishidan oldin sahifa suv-elektr stansiyalarini qurishga oid ma’lumotlar bilan to’ldirilgan. 10-iyul kungi matbuot anjumanida “Liglass” kompaniyasining Yevrosiyo mintaqasi bo’yicha direktori deb tanishtirilgan Irji Voytexovski esa aslida undan oldin Bishkekda “City Food” supermarketlarini boshqargan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni mana bu yerda ko’rishingiz mumkin.
Milliy ahamiyatga ega loyihaning bunday muttaham kompaniyaga topshirilganini bilgan qirg’izistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziligini bildirdi.
Biroq nima sababdan shunday bo’lgani hozircha aniq emas. Sabab Qirg’iziston hukumatida loyiha taklifini puxta o’rganib chiqa oladigan malakali mutaxassislar yo’qligidami? Yoki bu chex tadbirkorlarining Qirg’izistonni aldashga va pul undirishga qaratilgan “afyora”simi? Yoki bo’lmasa, “Farg’ona” axborot agentligi taxminiga ko’ra, Almazbek Atambayev va Chexiya Prezidenti Milosh Zeman o’rtasidagi korrupsion sxemami? Ikki prezident 10-iyul kuni Pragada uchrashgan edi.
Bunday jiddiy savollar va norozilikka qaramay, rasmiy Bishkek loyihani hech kim bilmaydigan va sohada tajribasi yo’q kompaniyaga berib, katta xato qilinganini tan olmayapti. Aksincha, 19-iyul kuni Sanoat, energetika va tabiiy boyliklardan foydalanish Davlat qo’mitasi rahbari Duyshenbek Ziloliyev Prezident Atambayev huzuriga kirdi va gidro-elektr stansiyani qurish loyihasi rejaga ko’ra amalga oshirilayotganini aytdi.
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra esa, “Liglass Trading” kompaniyasi muhandislari qurilish joylarini ko’rish uchun Qirg’izistonga borgan.
Bundan buyon shartnoma bajarilishi jarayonini birgalikda kuzatib boramiz, aziz gapdishim.
Siz nima deysiz?
Gaplashamiz.