Bundan roppa-rosa bir yil oldin O’zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning vafot etgani rasman e’lon qilingan edi. Ko’p o’tmay, mamlakatning yangi rahbari Shavkat Mirziyoyev ekani ma’lum bo’ldi. Dekabr oyida esa u, Konstitutsiyaga ko’ra uyushtirilgan saylovda qatnashib, g’olib chiqdi.
So’nggi 12 oy ichida Mirziyoyev oldida turgan muammolardan biri kadrlar masalasi ekani aniq bo’ldi.
Birgina misol: O’zbekiston milliy teleradikompaniyasi (MTRK) rahbari bir necha bor o’zgartirildi. Kompaniyani 2005-yildan beri boshqargan Alisher Xo’jayev shu yil fevralida lavozimidan ozod etildi. Uning o’rniga tayinlangan Xurshid Mirzohidov besh oy ishlab, ishdan ketdi. Uning kursiga o’tirgan Bobur Alixonov esa bir oy o’tar-o’tmas ishdan bo’shatildi va bu lavozimga yana Alisher Xo’jayev qaytarilgani haqida xabar tarqaldi. Xuddi bolalar uchayotgan oto’yindek, a?
Nazarimda, prezident strategiyasini tushungan, dastaklagan va amalga oshira oladigan xodimni Mirziyoyev izlaydi-yu, ko’nglidagidek professionalni topolmaydi va eski kadrlarga tayanishga majbur. Eski kadrlar esa eskichasiga ishlashga o’rgangan. Yangichasiga ishlashni yoki xohlamaydi, yoki bilmaydi. Yangi kadrlar esa yo’q. Chunki yangicha uslubda ishlamoqchi bo’lgan odamlar hukumat deb nomlanadigan bahaybat tizimga kira olmaydi, chunki tanish-bilishchilik kuchli, tasodifan kirib qolsa ham, avvalambor lavozimida qolish, keyinchalik esa yuqoriroqqa ko’tarilish uchun tizim ichida qabul qilingan qonun-qoidalarga bo’ysunishga majbur. Tizimning mohiyati o’zi shunday. Uni o’zgartirgandan ko’ra u bilan murosaga borish osonroq. Aks holda tizim odamni yanchib tashlaydi va “tuf” deb chiqarib yuboradi. Ayniqsa 25 yil davomida kuchayib borgan tizim.
Tizimni tubdan o’zgarish kerak. Shu bilan birga yangi kadrlarni tayyorlashni yo’lga qo’yish lozim.
Tizimni o’zgartirishga qarata birinchi va nihoyatda muhim qadam qo’yildi: Vazirlar mahkamasi “Davlat xizmati haqida”gi qonunni qabul qilish arafasida. Bu hujjat loyihasi hozircha muhokama jarayonida. 13-sentabrda muhokama yakunlanadi va qonun qabul qilinib, keyinchalik kuchga kiradi. Hozirda esa Siz, aziz gapdoshim, qonun loyihasini sharxlashingiz va o’zgartirishlar kiritishni taklif qilishingiz mumkin. Mana bu link orqali.
O’zbekistonliklar bu masalada naqadar faol, va qonun loyihasi bo’yicha bildirilgan takliflar ko’pmi yoki oz, bu menga qorong’u. Ijtimoiy tarmoqlardagi sharxlardan shu ayon bo’ladiki, ko’plar qonun mohiyatini tushunmagan va ahamiyatini anglab yetmagan. Boshqalar esa qonun qog’ozda qoladi, amalda “eski hammom, eski tos” bilan o’tiraveramiz, qabilida fikr bildirgan.
Men bu yerda qonun loyihasini tahlil qilib o’tirmayman. Qolaversa, huquqshunos emasman. Ammo asosiysi – davlat organlaridagi xizmat meritokratiyaga asoslangan bo’lishi lozim. Lotin va grek tillaridan kelib chiqqan bu so’z hokimiyat eng iste’dodli va qobiliyatli insonlardan tarkib topishi kerak, degan ma’noni beradi.
O’zbekiston katta davlat, aholisi mintaqada eng kop sonli. Iste’dodli odamlar ham serob. Demak, masala ularni yaxshi kadr etib yetishtirishda va hukumatda ishlashga qiziqtirishda.
Dunyodagi eng zo’r bilim maskanlari, Garvard yoki Kolumbiya universitetlarini tugatgan o’zbekistonliklar bor. Ular vatanga qaytib, hukumat idorasiga ishga kirsa, shunday maosh olsin-ki, O’zbekistondan yana boshqa mamlakatga ketishga qiziqmasin. Professional o’sish masalasida shunday istiqbollar va imkoniyatlarga ega bo’lsin-ki, vataniga, xalqiga jon-jon deb xizmat qilsin.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.